Namunali harbiy xizmatchilarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi
Ota-ona uchun farzandining kamolini koʻrishdan ortiq baxt yoʻq dunyoda. Farzandlar tomonidan erishilgan muvaffaqiyatlar, qoʻlga kiritilgan yutuqlar barcha ota-onalarning qalbida gʻurur va iftixor tuygʻularini joʻsh urdiradi.
Ayniqsa, ona Vatanni himoya qilishdek sharafli burchini sidqidildan bajarib, kindik qoni toʻkilgan zaminning shaʼnini oʻz or-nomusi kabi himoya qiluvchi mard oʻgʻlonlar nafaqat ota-onasini balki, barcha yurtdoshlarimizning ishongan togʻi, qalqonidir. Yurtimizda ana shunday burchiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan, kasbini sharaflab kelayotgan harbiy xizmatchilar safi tobora ortmoqda. Hech shubhasiz, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari safida xizmat qilish, Vatan ostonasi daxlsizligini taʼminlash har bir yigit uchun ulkan orzu va maqsadga aylangan.
Mana shunday ezgu maqsad yoʻlida sobit qadamlar bilan borayotgan oʻgʻlonlar ichida Mangʻit shahrining Navoiy mahallasida istiqomat qiluvchi Bahodir Qodirovning ham farzandi bor.
Uning farzandi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlariga xizmatiga qabul qilinganidan buyon oʻzining namunali harbiy intizomi, xulqi, bilimga intilishi, tirishqoqligi, tashabbuskorligi, jamoat ishlarida faol ishtirok etishi bilan barcha harbiy xizmatchilarga namuna boʻlib kelmoqda.
Bahodir Qodirovning farzandi Vatanimizga, Prezidentimizga, jonajon xalqimizga sodiqlik toʻgʻrisidagi qasamyodiga amal qilgan holda sharaf bilan xizmat qilib kelayotgani eʼtirof etilib, ota-onasiga mana shunday barkamol farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari qoʻmondonligi Tashakkurnoma yoʻlladi.
Oʻz tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan harbiy xizmatchilar safida Toʻlqin ovulida istiqomat qiluvchi Saydullo Matnazarovning farzandi ham bor.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari qoʻmondonligida xizmat qiluvchi masʼul ofitserlar Saydullo Matnazarov va uning rafiqasiga farzandining oʻz xizmati davomida mustahkam irodali, aql-zakovatli, jismonan sogʻlom, mustaqil fikrali, zamonaviy fan-texnika yangiliklaridan xabardor, muomala va kasb madaniyatiga ega haqiqiy Vatan himoyachisi ekanligini eʼtirof etib, qoʻmondonlik nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi va tashakkurnomani tantanali tarzda topshirishdi.
Shuningdek, ushbu oila farzandining kelajakda ham oʻziga bildirilgan yuksak ishonchni oqlagan holda, yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, yangi Oʻzbekistonning buyuk kelajagini qurishda oʻzining munosib hissasini qoʻshish yoʻlida sidqidildan fidokorona xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Insoniyat uchun tinchlik, osoyishtalikdan ham ulugʻ, bebaho neʼmat yoʻq. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan yuksak taraqqiyot, yangilanishlar, rivojlanishlar zamirida xalqimizning tinch-osuda hayoti, ertagi kuniga mustahkam ishonchi mujassamdir. Bu esa mamlakatimiz sarhadlarini mardonavor himoya qilib kelayotgan harbiy xizmatchilarning fidoiyligi samarasi ekanligini aslo unutmasligimiz kerak.
Oʻz harbiy burchini ado etish yoʻlida metin iroda va temir intizom bilan xizmat qilayotgan ona Vatanimizning mard oʻgʻlonlari doimo omon boʻlishlarini tilaymiz!
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶