HUQUQ BELGILOVChI HUJJATLARSIZ QURILGAN UY-JOYLARGA IJARA VA MULK HUQUQI EʼTIROF ETILADI
Maʼlumki, yaqinda Prezident tomonidan “Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan uy-joylarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Farmon qabul qilindi. Ushbu Farmon bilan endilikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida fuqarolarning huquq belgilovchi hujjatlarsiz qurilgan uy-joylari joylashgan yer uchastkasiga ijara huquqi, unda joylashgan bino va inshootlarga mulk huquqi eʼtirof etiladi.
Amudaryo tumanida ham Davlat kadastrlar palatasining tuman filiali hamda Kadastr agentligi tuman boʻlimi xodimlari tomonidan mazkur Qarorga muvofiq amaliy ishlar va tushuntirish-targʻibot tadbirlari boshlab yuborildi. Turli hududlarda aholi oʻrtasida boʻlib oʻtayotgan tadbirlar davomida fuqarolarga Prezidentimizning “Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan uy-joylarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyati keng tushuntirilmoqda.
Taʼkidlash joizki, oʻtgan davrda Prezidentimizning 2018-yil 20-apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aktsiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq huquq belgilovchi hujjatlarsiz 50 361ta uy-joyga boʻlgan huquqlar eʼtirof etilgan. Lekin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining maʼlumotlariga koʻra, huquq eʼtirof etilmagan qoʻshimcha 43 432ta uy-joylar mavjud.
Qoraqalpogʻiston aholisini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan mazkur Farmonda yer uchastkasiga ijara huquqi hamda bino va inshootlarga mulk huquqini eʼtirof etish tartibi koʻrsatib oʻtilgan.
Buning uchun fuqaro uy-joydan 2018-yil 1-maygacha boʻlgan davrdan boshlab oʻziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz foydalangan boʻlishi, ushbu holat kosmik suratlarni qayta ishlash orqali hamda soʻnggi 5-yil uchun yer soligʻi va mol-mulk soligʻi toʻlanganligi tasdiqlangan boʻlishi lozim. Shuningdek, huquqni eʼtirof etish boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzmasligi, yer uchastkasi boʻsh boʻlmasligi, unda qurilgan uy-joy yashash uchun moʻljallangan boʻlishi, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligi kerak.
Undan tashqari, yer uchastkasi sugʻoriladigan yerlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar, transport, aloqa va mudofaa maqsadlariga moʻljallangan yerlar, kimyoviy yoki radioaktiv moddalar bilan ifloslangan yerlar toifasiga kirmasligi, suv obʼektlarining sanitariya muhofazasi zonalarida, yer usti va yer osti suvlarining hosil boʻlish zonalarida joylashmagan boʻlishi shart. Yer uchastkasiga ijara huquqi 1998-yil 30-aprelga qadar egallangan yerlar uchun – 0,24 gektargacha, 1998-yil 1-maydan 2018-yil 1-mayga qadar egallangan yerlar uchun – 0,06 gektargacha hajmda eʼtirof etiladi. Bunda uy-joy egalari hamda tuman hokimi oʻrtasida yer uchastkasi ijarasi shartnomasini tuzish talab etilmaydi. Ushbu mezonga tushmaydigan yoki belgilangan hajmdan ortiqcha ep uchastkalari zaxiraga qaytarilishi, ularni berish, realizatsiya qilish Ep kodeksida belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozim. Huquq eʼtirof etilganlik uchun bir martalik yigʻim undiriladi.
Davlat kadastrlar palatasi Amudaryo tumani filiali hamda Kadastr agentligi tuman boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilayotgan targʻibot tadbirlarida fuqarolarga huquqlarni eʼtirof etish Xalq deputatlari tuman Kengashining qarori bilan tasdiqlanadigan uy-joylar roʻyxatiga muvofiq Joʻqorgʻi Kenges qarori bilan rasmiylashtirilishi, agarda talabgorlar va chegaradosh yer uchastkalari egalari oʻrtasida nizo mavjud boʻlsa, Xalq deputatlari tuman Kengashining qarori nizo bartaraf etilganidan keyin qabul qilinishi kabilar toʻgʻrisida maʼlumotlar berilmoqda. Qaror qabul qilish hamda unga oʻzgartirish, qoʻshimchalar kiritishning oxirgi muddati – 2024-yil 1-avgust deb belgilanganligi, ushbu qarorlar adliya organida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilganidan keyin qabul qilinishi va rasmiy eʼlon qilinganidan keyin kuchga kirishi ham tushuntirilmoqda. Boʻlim xodimlari tomonidan ushbu Farmon mazmun-mohiyatini keng aholi qatlamiga yetkazish va fuqarolarni xabardor qilish, berilayotgan imkoniyatdan foydalanib, huquq eʼtirof etilmagan yer va uy-joylarning barchasini qamrab olish maqsadida tegishli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Hujjatsiz uy-joylar masalasi doim ziddiyatlarga sabab boʻlib kelgan. Fuqarolarning bu boradagi huquqlarini toʻla anglab yetmaganligi, tegishli tartib va qonun-qoidalarni bilmasligi oqibatida kelib chiqadigan bunday holatlar ularning oʻzlariga ham, davlatga ham qator muammolarni keltirib chiqarayotgani sir emas. Endilikda mazkur Farmon bilan qoraqalpogʻistonliklarga bu borada katta imkoniyat yaratilib, xalqqa va davlatga qiyinchilik tugʻdirayotgan muammolar bartaraf etiladi.
Ozoda XUDOYBERGANOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶