XOTIN-QIZLAR VA BOLALAR HUQUQLARINI BUZGANLIK UChUN JAZO ChORALARI KUChAYTIRILDI
Mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zoʻravonlikdan ishonchli himoya qilishning institutsional hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga, bolalar orasida nazoratsizlikning va ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga, shuningdek, nogironligi boʻlgan bolalarni hamda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda yana bir muhim hujjat – Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” gi qonuni imzolandi. Mazkur qonun bilan xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga oid bir qator muhim normalar kiritildi, turli xildagi zoʻravonlik koʻrinishlariga, shu jumladan, oiladagi zoʻravonlikka qarshi maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilandi.
Qonun bilan nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish, shaxsni jinsiy aloqa qilishga majburlash, oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, ularga nisbatan uyatsiz buzuq harakatlarni sodir etish, voyaga yetmagan shaxs ishtirokidagi pornografik mahsulotni tayyorlash va tarqatish bilan bogʻliq jinoiy hatti-harakatlar uchun jazo choralari ogʻirlashtirildi. Mazkur jinoyatlarni sodir etgan shaxslar uchun jazo tayinlashni yengillashtiruvchi holatlar, shu jumladan, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni qoʻllash taʼqiqlandi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy daxlsizlikka va erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etganlik, shuningdek, ushbu jinoyatlarni jabrlanuvchilarni tarbiyalash, oʻqitish yoki unga gʻamxoʻrlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan sodir etish uchun javobgarlik kuchaytirildi. Shu bilan birga oilaviy zoʻravonlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik kiritildi. Jumaladan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha eng zamonaviy xalqaro nomalar va xorijiy tajribadan kelib chiqib, jismoniy zoʻravonlik uchun ham maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilandi.
Shu yil 12-aprel kunidan rasman kuchga kirgan mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining «Prokuratura toʻgʻrisida»gi Qonuniga, «Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida»gi Qonuniga, Jinoyat kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga, Oila kodeksiga, «Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida»gi Qonuniga, «Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida»gi Qonuniga, «Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida»gi Qonuniga, «Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida»gi Qonuniga, «Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida»gi Qonuniga, «Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida»gi Qonuniga, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida»gi Qonuniga, «Davlat boji toʻgʻrisida»gi Qonuniga hamda Mehnat kodeksiga oʻzgartirishlar kiritildi.
Endilikda ushbu Qonun xotin-qizlar va bolalarning tazyiq va hamda zoʻravonlikka uchrashishining oldini olish bilan birga, ularning huquqlari qonun himoyasida boʻlishini taʼminlaydi.
A.Safarov, Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶