KAM TAʼMINLANGAN OILALARGA BOLALAR NAFAQASI VA MODDIY YoRDAM QANDAY TARTIBDA TAYINLANADI?
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktyabrda “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilinib, kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun murojaat qilish tartibi belgilab berilgan edi.
Unga koʻra, birinchi galda oila kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgach, unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam yashash joyi boʻyicha oilaning muomalaga layoqatli aʼzosining yozma arizasiga asosan tayinlanadi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza zarur hujjatlar bilan birga bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtincha yashash manzilidagi fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organiga taqdim etiladi va roʻyxatga olinadi.
Ariza fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi tomonidan maxsus roʻyxatga olish daftariga qayd etiladi, bunda arizaning berilgan sanasi, ariza beruvchining ismi, familiyasi, otasining ismi va yashash manzili, shuningdek, olish istagini bildirgan nafaqa yoki moddiy yordam turi koʻrsatiladi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimi boshligʻining nomiga ariza “Kam taʼminlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash hamda ularga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning tegishli ilovasiga muvofiq shaklda fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organiga taqdim etiladi.
Arizaga ariza beruvchi oila aʼzolarining Oʻzbekiston Respublikasi pasporti nusxalari yoki ID kartalari, chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning yashash guvohnomalari, fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomalari yoki ID kartalari hamda yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida qayd varagʻi nusxasi, bolalari vasiylik ostida boʻlgan taqdirda, arizaga vasiylik va homiylik organinning tegishli ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha oilaning mavjud chorva mollari va parrandalari toʻgʻrisida maʼlumot, shuningdek, ushbu Nizomning tegishli ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha ariza beruvchi va uning oila aʼzolari nomidagi tijorat banki hisobvaraqlaridagi mablagʻ qoldiqlari va ariza berilgan oydan oldingi 3 oy mobaynida ularning nomiga oʻtkazilgan pul oʻtkazmalari yuzasidan maʼlumotlarni Markaziy bank tomonidan «Yagona reyestr» ATga taqdim etish toʻgʻrisida oilada birga yashovchi 18 yosh va undan katta yoshdagi muomalaga layoqatli barcha oila aʼzolari imzolari bilan tasdiqlangan ariza ilova qilinadi.
Bunda birga yashovchi 18 yosh va undan katta yoshdagi muomalaga layoqatli barcha oila aʼzolari imzolarining haqqoniyligi boʻyicha ariza beruvchi javobgar boʻladi. Ariza beruvchi tomonidan ushbu bandda keltirilgan barcha hujjatlarning toʻliq taqdim etilganligi fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi tomonidan tekshiriladi.
Oilani kam taʼminlangan, deb eʼtirof etish unga va bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash uchun arizalar fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organiga oila ushbu nafaqa yoki moddiy yordam olishni istagan oydan oldingi oyning 16-sanasiga qadar taqdim etiladi. Bunda yuqorida koʻrsatib oʻtilgan muddatdan keyin berilgan arizalar belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Ariza beruvchi tomonidan ushbu bandda keltirilgan barcha hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan hollarda fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi ariza beruvchiga qoʻshimcha ravishda qaysi hujjatlar taqdim etilishi kerakligi haqida xabar qiladi. Ushbu holatlarda ariza beruvchi tomonidan taqdim etilishi kerak boʻlgan hujjatlar qoʻshimcha besh kun ichida, biroq ushbu nafaqa yoki moddiy yordam olishni istagan oydan oldingi oyning 16-sanasiga qadar taqdim etilishi zarur.
Bundan tashqari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi arizada koʻrsatilgan ariza beruvchi va uning oila aʼzolari tarkibini, oilaning tomorqa yer yoki dehqon xoʻjaliklarining maydoni va arizada koʻrsatilgan manzil boʻyicha yashayotganligini ariza berilgan sanadan boshlab ikki ish kuni mobaynida, oila bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olishni istagan oydan oldingi oyning 18-sanasiga qadar oʻrganib chiqadi.
Arizada koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchliligi fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi tomonidan ushbu Nizomning tegishli ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha tasdiqlanadi. Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi har besh kunda kamida bir marotaba, biroq ariza berilgan oyning 19-sanasiga qadar ushbu Nizomning 14 bandida koʻrsatilgan ariza va taqdim etilgan hujjatlarni hamda ushbu Nizom bilan tasdiqlangan tegishli ilovaga muvofiq oilaning tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga taqdim etadi.
Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi tomonidan Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga arizalar ushbu Nizomda koʻrsatilgan shakl boʻyicha fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organiga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlashni soʻrab murojaat etilgan arizalar roʻyxatiga asosan taqdim etiladi.
Oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash toʻgʻrisida qabul qilingan arizalar Pensiya jamgʻarmasi boʻlimining masʼul xodimlari tomonidan har kuni, ariza berilgan oyning 26-sanasiga qadar «Yagona reyestr» ATga kiritiladi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash toʻgʻrisida qabul qilingan arizalar va unga ilova qilingan hujjatlar Pensiya jamgʻarmasining tegishli boʻlimlarida saqlanadi.
Sarvar XAYTBOYeV, Amudaryo tuman adliya boʻlimi davlat xizmatlar markazi boʻlim boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶