AMUDARYo TELEVIDENIYeSINING GRANT LOYIHASI DOIRASIDA OʻTKAZILGAN TADBIRDA NAZARXONLIKLARGA HAVAS QILDIK
Amudaryo televideniyesining Oliy Majlis huzuridagi NNTlar va fuqarolik jamiyatning boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyili asosida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish yoʻnalishidagi “Yuksak maʼnaviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” loyihasi doirasida 2023-yil boshidan beri tumanimizning turli hududlarida oʻnlab uchrashuvlar, tumanimiz ijodkorlarining yangi kitoblari taqdimotlari, yoshlar kitobxonligini rivojlantirish maqsadida kitobxonlik kechalari, insholar tanlovlari, “Kitoblar karvoni” tarzidagi koʻchma kutubxonalar tashkil etildi. Ijtimoiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasidagi tadbirlarga yuzlab yoshlar qamrab olinib, ularning intellektual salohiyatini oshirish, yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining oldini olish, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular ongida Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat tuygʻusini shakllantirish, voyaga yetmagan oʻsmir yoshlarning yot gʻoyalarga berilib ketishlarining oldini olish borasida ibratli natijalarga erishayotgan ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlari tajribalari Amudaryo televideniyesi orqali keng ommalashtirib borilayotgani oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda.
Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish, jinoyat sodir qilishga moyil, muqaddam sudlangan va jinoyat sodir qilgan shaxslar bilan ishlashishda quvonarli natijalarga erishayotgan Nazarxon ovul fuqarolar yigʻinida boʻlib, OFY masʼullari va hududdagi taʼlim-tarbiya muassasalari rahbarlari tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdik.
Nazarxon ovulida 4481 nafar aholi istiqomat qiladi. Aholining etnik tarkibiga koʻra, asosiy qismi qoraqalpoqlar, oʻzbek va qozoqlardan iborat. Nazarxonliklar uchun qoʻni-qoʻshni, mahalladoshlarining qaysi millatga mansubligi emas, oʻzaro mehr-oqibati, odamiylik xislatlari muhim. OFY xotin-qizlar faoli, xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati Guljahon hoji Ibraimova taʼbiri bilan aytganda “Nazarxon eli bir bosh, bir tana, ularning orzu-niyatlari ham bitta!” Buni biz ovul masʼullarininggina emas, balki jami nazarxonliklarning oʻzaro hamjihat va hamkorligida yaqqol koʻrib, his etdik. Ayniqsa, maktab – mahalla – oila hamkorligi asosida amalga oshirilayotgan ibratli ishlar tufayli soʻnggi yillarda hudud yoshlari oʻrtasida jinoyatchilik, huquqbuzarlik holatlari umuman sodir etilmadi. Jinoyatga moyil, muqaddam sudlangan, probatsiya tarkibidagi roʻyxatda turuvchi yoshlar yoʻq. Hudud boʻyicha profilaktika inspektori Jangaboy Shomurodov nazarxonliklarning farzandlari taʼlim-tarbiya olayotgan 3-, 58-, 66-sonli umumtaʼlim maktablarida tez-tez boʻlib, oʻquvchi-yoshlar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazishdan tashqari, ularning maktab taʼlimidan boʻsh vaqtlarida oʻzlari uchun foydali mashgʻulotlar bilan shugʻullanishlari uchun sharoit yaratadi. Futbol, basketbol, voleybol sport turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etib, 3-sonli maktab kutubxonachisi Tazaxan Qidirniyazova bilan hamkorlikda kitobxon yoshlar bilan muloqot tadbirlarini oʻtkazadi.
Biz ijodiy jamoamiz bilan ovulda boʻlganimizda Nazarxon OFY masʼullari, 3-sonli umumtaʼlim maktabi pedagogika jamoasi va maktabning yuqori sinf oʻquvchilari ishtirokida “Yuksak maʼnaviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” loyihasi doirasidagi samimiy muloqot tadbirini tashkil etdik. Tadbir haqiqatan ham samimiy va oshkora muloqot tarzida oʻtdi. Maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Gulchehra Allambekova maktab – mahalla – oila hamkorligi tufayli erishilayotgan yutuqlar haqida soʻz yuritib, ijtimoiy sheriklikning ahamiyati, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlod taʼlim-tarbiyasidagi muhim ahamiyati xususida batafsil toʻxtaldi va bu borada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar, erishilayotgan yutuqlarda ijtimoiy sheriklikning oʻrni kattaligini qayd etdi.
Darvoqe, mazkur maktab Amudaryo tumanining eng chekka hududida joylashgan boʻlishiga qaramay, pedagogika jamoasi va oʻquvchilar jamoasi oʻzlarining ijtimoiy faolligi bilan ajralib turishadi. 624 oʻquvchi-oʻringa ega muassasada ayni paytda 670 nafar nazarxonlik bolalar taʼlim-tarbiya olishadi. 70 nafar pedagog xodimning 4 nafari oliy, 11 nafari birinchi, 28 nafari ikkinchi toifaga, qolganlari esa maxsus mutaxassislikka ega fan oʻqituvchilaridir. Fanlar boʻyicha toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari, ona tili va adabiyot, biologiya, ingliz tili va matematika fanlari oʻqituvchilarining shaxsiy tashabbuslari bilan mazkur fanlar chuqurlashtirilib oʻqitiladi. Natijada maktab oʻquvchilarining fanlar olimpiadasi bahslarida yuqori natijalarga erishishi taʼminlanmoqda. 2022-2023 oʻquv yilida maktab bitiruvchilarining salkam 50 foizi OTMlar talabalari boʻlishdi.
Besh muhim tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar yanada samarali 2022-2023 oʻquv yilida maktabning “Yosh qalamkashlar” toʻgaragi aʼzolari Muhabbat Oʻrinbosarova va Navbahor Sarsenboyevalarning ilk sheʼrlar toʻplamlari nashr etildi. Nafaqat oʻquvchilar, balki oʻqituvchilar erishayotgan yutuqlar ham quvonarli. Maktabning yosh oʻqituvchisi Liza Bayniyazova “Kitobxon oila” tanlovi sovrindori boʻldi. Maktab kutubxonasi mudirasi Tazaxan Qidirniyazova esa oʻzining ibratli ishlari tufayli xalqaro miqyosdagi “Lideri SNG” koʻkrak nishoni sohibasi va “Yil ayoli” koʻrik-tanlovining Amudaryo tuman gʻolibi boʻldi. Ana shunday maʼnaviyatga oshna, maʼrifatli oʻqituvchilar taʼlim-tarbiyasini olayotgan oʻquvchi-yoshlar orasida sababsiz dars qoldirish, huquqbuzarlik yoki jinoyat qilishga moyillik boʻlishi mumkinmi? Aslo!
Tadbirda oʻz fikrlari bilan ishtirok etgan Nazarxon OFY xotin-qizlar faoli Guljahon hoji Ibraimova, maktab xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Julduz Turgʻanboyeva, Nazarxon OFY yoshlar yetakchisi Farhod Otajonov, maktab psixologi Olmagul Bekmuratovalar oilalardagi sogʻlom muhit tufayli taʼlim-tarbiya jarayonida samarali yutuqlarga erishilayotganini alohida eʼtirof etdilar.
Xulosa shuki, Nazarxon ovuli yoshlarining har tomonlama yetuk va maʼnaviyatli har qanday yoqimsiz illatlardan xoli voyaga yetishayotganiga chin dildan havas qildik. Koʻnglimizdan kechgan iqrorni esa siz azizlar bilan birga baham koʻrishni lozim topdik: biz birgina 3-sonli maktab bilan Nazarxon OFY masʼullari va oilalar hamkorligining ijobiy natijalariga guvoh boʻldik. Vaholanki, hududdagi 58-, 66-sonli umumtaʼlim maktablari bilan bu kabi hamkorlik yanada samarali ekinligiga aslo shubha yoʻq. Bu ovulda oilalar notinchligiga, ajrashishlarga, erta turmush, qarindoshlar nikohi, yoshlar oʻrtasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatchiliklarga barham berilgan va bu juda quvonarli, havasga munosib.
Robiya YOʻLDOShEVA, Ravshan BAHROMOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶