MEHR-MURUVVAT – OLIY QADRIYaT
Ayni kunlarda yurtimiz uzra bahor shukuhi kezib yuribdi. Navroʻz ajdodlarimizning yaratuvchanlik, yangilanish bilan bogʻliq hayotbaxsh gʻoyalarini oʻzida mujassam etgan betakror qadriyatlarimizdan biridir. Bu fusunkor shodiyona hamisha ezgulikni ulugʻlab, xalqimiz diliga bunyodkorlik, mehr-muruvvat, tinchlik, vatanparvarlik, moʻl hosil va qut-baraka tilash gʻoyasini jo etib kelmoqda.
Istiqlol yillarida xalqimizning Navroʻz bilan bogʻliq barcha qadimiy qadriyatlari nafaqat asl qiyofasiga qaytdi, balki ularning mazmun-mohiyati yanada boyidi. Jumladan, koʻpkari, kurash kabi milliy oʻyinlarimiz, argʻimchoq uchish, varrak uchirish, qoʻchqor urishtirish anʼanalari, folklor-etnografik jamoalarning chiqishlari, lapar, oʻlanlar aytish, qoʻligul hunarmandlar yasagan rang-barang amaliy sanʼat namunalari, mahalla-koʻy obodligi, oilalar farovonligi, muhtoj kishilarga xayr-sahovat koʻrsatish bilan bogʻliq udumlarning yangicha talqinlari bu bayramga yanada oʻzgacha fayz bagʻishlamoqda.
"Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlinmasi boshqaruvining qarori bilan Navroʻz bayrami arafasida oila va jamiyatda ulugʻ yoshdagi odamlarning oʻrni va obroʻsini oshirish, yosh avlodda ota-onalarni va har bir keksa kishini chuqur hurmat qilish, eʼzozlash va ular toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish tuygʻusini shakllantirish maqsadida "Mahallaning eng tinib-tinchimas keksalari” tanlovi tumanimizning 47 ta ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlarida oʻtkazildi.
"Har kunimiz Navroʻz boʻlsin!” shiori ostida tuman markaziy oʻyingohida oʻtkaziladigan bayram tadbirida 47 ta "Mahallaning eng tinib-tinchimas keksalari”tanlovi gʻoliblari eʼlon qilinadi va munosib taqdirlanadilar.
Bundan tashqari, Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan fuqarolar yigʻinlari hududidagi kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, yetim, nogiron va boquvchisini yoʻqotganlar, koʻp bolali onalar istiqomat qilayotgan jami 250 nafardan ortiq oilalarga "Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlinmasi tomonidan 3 million 250 ming soʻmlik muruvvat va sahovat yordamlari koʻrsatildi.
Bunday insonparvarlik, sahovatpeshalik yordamlari tumanimiz mahalla fuqarolar yigʻinlari va homiy tashkilotlar tomonidan ham amalga oshiriladi. Zero, mehr-muruvvat, sahovat xalqimizning oliy qadriyatlaridandir.
Gavhar ChIMBOYChIYeVA, "Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlinmasi bosh mutaxassisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶