KONSTITUTsIYa – HUQUQLARIMIZ KAFOLATI
Konstitutsiya – mamlakat fuqarolarining har birining taqdiriga doimiy bogʻliq hujjatdir. Joriy yilda yangilangan Konstitutsiyamizda ham davlatimizning oliy maqsadlari, kuch-qudrati, davlat va fuqaro oʻrtasidagi oʻzaro huquq va majburiyatlar taqsimoti, fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolati hamda odil sudlovga erishish darajalari belgilanib, mustahkamlandi.
Yurtimizda shu yil 30-aprel kuni ulkan siyosiy tadbir – umumxalq Referendumi boʻlib oʻtdi. Maʼlumki, 18 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining har bir fuqarosi Referendumda ishtirok etish huquqiga ega. Men ham bu yil birinchi marta ushbu Referendumda – mamlakatimiz kelajagini belgilashdek muhim jarayonda oʻz ovozim bilan qatnashish imkoniyatiga ega boʻldim va jamiyat hayotidagi siyosiy tadbirda teng huquqli ishtirokchi sifatida qatnashganimdan faxrlandim.
Yangilangan Konstitutsiyaning XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangani, Yangi Oʻzbekistonda biz yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar Konstitutsiyadan oʻrin olgani barcha yoshlar qatori meni ham juda ruhlantirdi. Ushbu bobdagi 78-modda bilan bolalar huquqlarini taʼminlash boʻyicha maxsus norma kiritilgan. Undan tashqari, 79-moddaning 1-qismida “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantiradi...”, deyilgan.
Ushbu moddaga koʻra, endi yoshlar oʻz huquqlarini amalga oshirishda davlatga suyanishlari mumkin. Chunki, yoshlar huquqlari himoyasi davlatning Asosiy Qonunida mustahkamlangan. Mazkur moddaning 2-qismiga koʻra esa ilk bor davlat yoshlarning taʼlim olishga, sogʻligini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratishi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyilgan. Yangidan kiritilgan 50-moddada esa taʼlim sohasini rivojlantirishga oid normalar belgilangan.
Mazkur normalarning Konstitutsiyamizda aks ettirilgani va kiritilgan boshqa oʻzgarishlar yoshlarning yurt kelajagiga munosib insonlar boʻlib kamolga yetishiga mustahkam huquqiy zamin yaratadi. Biz yoshlar uchun ham manfaatli boʻlgan moddalar bilan toʻldirilgan Konstitutsiyamiz bilan juda faxrlanamiz.
Men ham Qomusimizda belgilangan huquqlarimdan, davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, bor kuch-gʻayratimni bilim olishga sarfladim. Joriy yilda eng katta maqsadimga, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursanti boʻlishga erishdim hamda Vatanimga sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qildim. Endilikda oliygohdagi ustozlarimdan taʼlim olib, oʻz kasbimning yetuk egasi boʻlib yetishib, yurtim osoyishtaligi yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilaman va uning taraqqiyoti, rivoji uchun munosib hissa qoʻshaman.
Raʼno Maqsudova,
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
Akademiyasi 1-bosqich kursanti.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶