Ustoz xotirasi hamisha qalbimizda
Qalbingizda xotira uygʻonar ekan, oʻz-oʻzidan sogʻinch tuyasiz. Ayniqsa yoʻqotgan insonlaringizni sogʻinganingiz sari xotirotning olis-yaqin manzaralari shuuringizda rangsiz suratlarda jonlanaveradi. Bu manzaralar rangsiz boʻlsa-da sizga eng yaxshi, eng sokin, eng baxtli damlarni, soʻzlarni, voqea-holatlarni tortiq etadi. Turmush tashvishlari, yugur-yugurlar bilan charchagan borligʻingizda bir lahza yengillik tuyasiz. Shunda mangulik sari yoʻl olgan yaqinlaringiz sizning qalbingizda mudom yashayotganini his qilasiz…
Bugun men ham qalbimizning bir burchagida yashayotgan, hali tuprogʻi sovishga ham ulgurmagan, ammo, vujudimizni tilka-pora qilayotgan sogʻinchimizga sabab boʻlayotga ustozimiz Qahramon Nurumbetovni eslashga, xotiramdagi u haqdagi rangin tuygʻularni qogʻozga tushirishga harakat qildim.
Ilk ishimni ustozga ish faoliyatida eng yaqin boʻlgan, yaxshi-yomon kunida hamfikr, hamsuhbat boʻlgan inson, yaʼni oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Sarvar Qutlimuratov bilan suhbatdan boshladim.
– Oʻzbek xalqi qadimdan mehribon, bir-biriga oqibatli, bagʻrikeng xalq. Xalqimiz insonni qadrlaydi, bizda inson xotirasi ulugʻdir. Amudaryo tumani maktabgacha va maktab taʼlimiga qarashli 36-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori, zabardast chinori boʻlgan marhum ustoz, ilm-maʼrifatli, kamtar inson Qahramon Nurumbetov hamisha ezgu fazilatlari bilan boshqalarga ibrat boʻlib kelgan. U shunday inson boʻldiki, uni bilganlar faqat mehr, hurmat, extirom va minnatdorchilik tuygʻulari bilan esga oladilar. Oʻzining qisqa umrini yoshlarning taʼlim-tarbiyasiga bagʻishlagan jonkuyar rahbar, ustoz, mohir pedagog va kamtarin, inson Qaxromon Jumamuratovich Nurimbetov ana shunday maʼrifatli insonlardan biri edi, –deya xotiraydi Sarvar aka Qutlimuratov.
Qahramon Jumamuratovich Nurimbetov 1971-yilning 27-iyulida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanining Mangʻit shahrida ziyoli oʻqituvchilar oilasida tugʻilgan.
Tabiatan tirishqoq, talabchan, abjir, hozirjavob oʻsmir barcha fanlarni qunt va tashnalik bilan oʻrgangan. U 1999-yilda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Toshkent Davlat universitetini (sirtqi) rus tili va adabiyoti oʻqituvchisi mutaxasisligi boʻyicha tugatgan.
2009-2013-yillari 36-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining rus tili fani oʻqituvchisi, 2013-2017-yillari maktab direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari, 2017-yildan to 2023-yil 28-sentyabr kunigacha – umrining oxiriga qadar shu maktab direktori lavozimida ishlagan
U qisqa umri, samarador mehnat faoliyati davomida oʻzining bilim saviyasi, qobiliyatini ish jarayoniga tatbiq qila biluvchi fidoiy rahbar sifatida oʻzini namoyon qildi. Mehnat jamoasi oʻrtasida yuksak obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan rahbarimiz qoʻl ostida yosh avlodga davlat taʼlim standartlari va yangi zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida taʼlim-tarbiya berildi.
Uning tashabbusi bilan maktabda oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida sport va turli xil fan toʻgaraklari faoliyati yaxshi yoʻlga qoʻyilib, turli tadbirlar tashkil qilindi.
Qahramon Nurimbetov maktabga rahbarlik qilgan davrda maktab oʻquvchilari “Bilimlar bellashuvi” va “Fanlar olimpiadasi”ning tuman bosiqichida faxrli oʻrinlarni egalladi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida ham munosib qatnashib, maktab obroʻsini koʻtarishdi.
Ustozning ulugʻ niyatlari va orzulari bugun u kishining munosib shogirdlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Shunday shogirdlari qatorida men ham borligimdan faxrlanaman.
Ha, men ham ustozning haqiqiy shogirdlaridan biriman. Sababi, 36-sonli maktabda tahsil olganman. Biz 7-sinfda oʻqib yurgan vatimizda Qahramon ustoz bizning maktabga keldilar va biz shogirdlariga ilmu-maʼrifat ulashishni boshladilar.
Ustoz bizdan hech qachon vaqtlarini ayamas, maslahatlarini kanda qilmasdilar. Ilk bora ishga kelgan kunim Qahramon ustoz menga hayratda qolib “Umr – oqar daryo... Kechagini oʻz oʻquvchim boʻlib yurgan begʻubor qiz bugun oliy maʼlumotli pedagog boʻlib, oldimda turibdi” – degani hech esimdan chiqmaydi.
Ustoz bilan 5-yil birgalikda faoliyat yuritdim. Bu juda oz fursat, ammo men shu qisqa vaqt ichida ustoz tabiatida juda koʻp ijobiy xislatlarni koʻrdim: insoniylik, bagʻrikenglik, yumshoq feʼllik, shirin soʻzlik, xullas, sanasam adogʻiga yetib boʻlmaydi...
Ustoz tom maʼnoda havasga loyiq hayot kechirdilar. Obroʻ, martaba, boylik va hasham ortidan quvmadi. Talashgani-tortishgani faqat haq soʻz va haq yoʻl boʻldi. Baʼzida keskin soʻzi ila, baʼzan shogirdlar vajidan kimlar bilandir yaxshi-yomon munosabatda boʻldi, ammo oʻzi uchun hech kimdan hech nima tilanmadi.
Ustoz haqida sheʼr yozishga ham harakat qildim, ammo uddalay olmadim. Soʻngra ijtimoiy tarmoqlardagi bir kanalda Jaloliddin Toshimov ismli yosh isteʼdodli talaba oʻz sheʼrlarini eʼlon qilib borayotganini bilib, shu yigitdan ustozim haqida sheʼr yozib berishni iltimos qildim. Uning ijod mahsuli ajoyib satrlarga boy boʻlgani uchun uni ham sizlar bilan baham koʻrmoqchiman:
Yigʻlamang, koʻzlarda koʻrinmasin yosh,
Egilib sinmasin magʻrur turgan bosh.
Xudodan soʻrayman Mangʻitga bardosh,
Ilm rahnamosi – jannatga yoʻldosh.
Yigʻlamang duoga oching qoʻllarni,
Behishtga bursin-da borar yoʻllarni.
Yashnatib yuborsin oʻsha choʻllarni,
Ilm rahnamosi – jannatga yoʻldosh.
Yigʻlamang taqdirning yozgani shudir,
Hattoki jim turdi sahroi kabir,
Yo Robbim oʻzingdan soʻraymiz sabr,
Ilm rahnamosi – jannatga yoʻldosh.
Yigʻlamang, Mangʻitning oʻchmas chirogʻi,
Yuraklar toʻrida yashaysiz doim.
Siz bugun qahramon, biling ey ustoz,
Jannatni muyassar etsin Xudoyim!
Maqsud Shayxzodaning “Umrlar boʻladiki, tirigida oʻlikdir. Umrlar boʻladiki, oʻlganda ham tirikdir” misralari bor. Bizning Qahramon ustozimiz ham oʻzidan yaxshi xotiralar, yaxshiliklar qoldirdilar. Shunday ekan, ustoz barchamizning qalbimizda mangu qoladilar. Allohim ustozimizni Jannat bilan siylasin!
Muhayyo Karimova, shu maktabning ona tili va adabiyot oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶