14.08.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
14.08.2026, 15:25
Jamiyat 👁 7,046

AMU ELINING QUVVATBAXSh MILLIY TAOMLARI YoXUD BEKAJON ENANING PAZANDALIK SIRLARI

AMU ELINING QUVVATBAXSh  MILLIY TAOMLARI  YoXUD BEKAJON ENANING PAZANDALIK SIRLARI

Yer agʻdarib toliqqan yigit

Qandayin sirsinoatki, fevralning oxirgi kunini erinchoqlik bilan oynai jahon qarshisida oʻtkazgan Bekajon momo 1-mart tongidanoq vujudida joʻshqinlik his etdi. Izgʻirin shamoldan yuzini panalab hovliga, xovlidan boqqa oʻtdi. Ajabo! Qoʻshni yigit bu pallada yer agʻdarayotir.

- Xorma, bolam! Alloh yor boʻlsin! – yigitning shashtidan suyundi momo.

- Bor boʻling, momo, kartoshka ekmoqchi edim! – Yigitning ovozida dadillik, qandaydir quvonch bor edi.

- Yetkazganiga shukur, bolam, yetkazganiga! Iloho, ekkan urugʻingning biri ming boʻlsin!

- Omin, momo! – yigit ishida davom etdi.

Tushlikda kelini:

- Ena, Azimboy ogʻa yotib qolibdi, -dedi xavotir bilan.

- Azimboy? Boya yer agʻdarayotgan edi-ku! – Bekajon enani ham xavotir bosdi. Darhol qoʻshninikiga chiqdi. Azimboy haqiqatdan ham koʻrpa-toʻshak qilib yotib olibdi.

- Ha, bolam, ne boʻldi?- Qoʻshni yigitga sinchkov tikildi momo. – Charchab qoldingmi?

- Bilmadim, momo, - Azimboyning ovozi boʻgʻiq chiqdi, - shunaqaga oʻxshaydi. Oyogʻimda mador, bilagimda kuch yoʻq, astagʻfurlloh,- dedi yigit.

- Shundaymi? –momo Azimboyning boshini silab qoʻydi. – Hay, bolam-a, bahorga belingni boylab peshvoz chiqqaning bilan tan-joningni moylamasang, qaddingni tutib turolmaysan. Men senga bir darmon taom pishirib berayki, Farhodday togʻni koʻchirmasang, yurgan ekanman, Bekajon boʻlib!

"Iyjon”

Uyga keliboq momo ishga kirishdi. Avval bahorga, deb qoziqqa ilib qoʻygan toʻrxaltadagi jiydani saraladi, tozalab, oftobga yoyib qoʻydi-da, oq joʻxori unidan yarim kilosini tarozida tortib, eladi. Omborxonadagi bordondan bir kilo kunjut olib chiqdi, oʻgʻirda (zagʻama) yelpib-yelpib kunjutni top-toza qilgach, oʻchoqqa olov qaladi. Kelini kunjutni qozonda yaxshilab qovurgunicha oʻzi elab qoʻygan joʻxori unini laganga soldi. Qaynab turgan sutni ustidan oz-ozdan quyib turib chaqqonlik bilan yogʻoch qoshiqda xamir qoridi. Xamirining tuzini rostlagach, sovutish uchun olib qoʻydi. Oz fursat oʻtgach, joʻxori xamiridan uzib-uzib olib, olmaday-olmaday zuvalachalar yasadi. Zuvalachalar bir oz dam yegach, qoʻllari bilan yupqa patrak nonlar yasab, oshtaxtaga terib chiqdi-da kelini yordamida qozonga yogʻ surtib, patrak nonlarni bitta-bittadan pishirib oldi. Soʻng keliga avval jiydani, soʻng shamolda yoyib, qotirilgan patrak nonlarni solib keliniga:

- Yaxshilab tuy, tez-tez qoʻlingda agʻdarib tur, -dedi.

Qaynonasi buyurgan xar bir ishni qoyilmaqom qilib bajarayotgan kelin hayronlik bilan soʻradi:

- Bu qanday taom, ena?

- Sen aytganimni qilaver-chi, tayyor boʻlganida koʻrasan! –Bekajon momo sirli jilmaydi.

Kelida yaxshilab tuyilgan patrak non bilan jiyda talqonini zagʻamada yelpib, koʻzi yirik elakdan oʻtkazib olgach, yana keliga qaytarib soldi-da talqonga qovurilgan kunjut donini qoʻshdi. Qilayotgan ishidan zavqlangan kelin 15-20 daqiqacha keli sopi bilan to kunjutning yogʻi chiqib, talqonga aralashguncha tuydi.

- Endi boʻldi! –dedi Bekajon momo quvonib.

Talqon va kunjutli aralashmani karsonga agʻdarishdi. Momo yeng shimarib karsondagi masalliqni xamir mushtlaganday, yaxshilab mushtladi-da, soʻng kattaligi tuxumday keladigan zuvalachalar yasab, patnislarga terib chiqdi.

- Tatib koʻr-chi, qizim! –birinchi boʻlib keliniga ilindi momo. –Bu senga hamma doridan ham foydali. Emizikli ayol bahorda bir marta toʻyib "iyjon” yesa, butun aʼzolari moylanadi, yil davomida charchoq nimaligini bilmaydi, suti koʻpayib, bolasining iligi toʻq boʻladi!

Bekajon momo katta chinni kosaga iyjon toʻldirib qoʻshninikiga kirdi.

-Ol, Azimboy, -dedi qoʻshni yigitga. – Mana bu "iyjon”dan bir toʻyib yesang, tanangga kuch yigʻiladi. Ertagayoq kartoshkangni ekib tashlaysan!

Yana tong otdi. Ertalab quyosh ham charaqlab ketdi. Qoʻshni yigit kartoshka ekdi. "Biring ming boʻlsin!” deb qoʻshnilar tilak aytishdi.

- Men Bekajon momoning "iyjon”idan kuch oldim. Bir toʻyib yeganimdanoq tanamga darmon kirdi. Momoning "iyjon”idan tatmabsiz, dunyoga kelmabsiz! - "Iyjon”ning taʼrifini keltirishdan charchamaydi Azimboy.

Bekajon momoning "iyjon”ining siri juda oddiy: 1 kg kunjut doni, 1,5 kg jiyda, 0,5 kg oq joʻxori uni, toza sogʻilgan sut, taʼbga koʻra tuz. Tayyorlang, huzurlanib tanovul qiling, tananggizni sizga quvvat beradigan tabiiy darmondorilar bilan boyiting!

Sanamoyga quvvat bergan taom

Bayram arafasida Bekajon momoning katta nevarasi Sanamoy egizak chaqaloqlari bilan mehmonga keldi. Chevaralarini bagʻriga bosgan momo Sanamoyning siniqqan yuziga qarab, boshini chayqadi:

- Hay, bolajonim-a, juda kamquvvat boʻlib qolibsan, suting ham kamayib ketgandir-a? –dedi bigʻillab yigʻlayotgan chaqaloqlarga qarab.

- Qanday bildingiz? –qoshlarini chimirdi xayron boʻlgan Sanamoy.

- Koʻrinishingdan. Rang-u roʻying aytib turibdi buni. Qani, ayt-chi, yotib qolasanmi?

Bekajon momo Sanamoyning "ha” degan javobini eshitdi-yu, asta xovliga chiqdi. Kenja oʻgʻlini chaqirib, bitta ona tovuqni soʻyishni buyurdi. Oʻzi esa uyga kirib, nevaralaridan biriga:

- Tezda ovul guzaridagi doʻkondan bir dona limon, bir kilo yongʻoq magʻizi, koʻkatlar olib kel, -deya pul tutqazdi.

Nevarasi aytilgan narsalarni olib kelguncha soʻyilgan tovuqni yaxshilab tozaladi, boʻlaklarga boʻlib qoʻydi. Kelini yordamida kartoshka, sabzi, sholgʻom, lavlagi va piyozni taxt qilib oldi. Nevarasi keltirgan koʻkatlardan kashnich, ukrop, barra piyoz va yalpizning yarimini maydalab, yarmini yirik-yirik toʻgʻradi. Soʻng qizigan qozonga kungaboqar yogʻini solib, tovuq goʻshtining boʻyin va toʻsh qismini boʻlaklab, qozonga tashladi, obdon qovurgach, tayyorlangan sabzavotlarni ham lavlagidan boshqasini qoʻshib, qovurishda davom etdi. Ustidan suv quyib, qozon qopqogʻini zich yopdi. Shoʻrva qaynab chiqqach, yuzidagi koʻpigini olib tashladi. Togʻoraga oq joʻxori unini solib, ustiga taʼbga yarasha tuz sepdi-da, qaynab turgan tovuq shoʻrvadan oz-ozdan solib turib xamir qoridi. Tayyor xamirni dam olishi uchun oʻrab qoʻydi. Ikki litrlik bankaga tovuq goʻshtining qanot, son qismini hamda jigarini yaxshilab terib chiqdi-da, goʻsht oralariga bir bosh sarimsoq piyozini yuvib, butunicha joylashtirgach, goʻsht ustini yirik toʻgʻralgan koʻkatlar bilan yopdi. Banka ogʻzini mahkam yopiladigan qopqoq bilan bekitgach, boʻyi balandroq kastryulkani olib, ichiga oq dokani yozdi-da bankani joylashtirdi. Bankaning boʻgʻzidan pastroq qismigacha suv quyib kastryulkaning qopqogʻini yopdi va olovga qoʻydi.

Qolgan ishlarni kelini binoyiday bajardi. Shoʻrvali qozonga joʻxori kurtukchalar yasab, solishdi. Kurtukchalar qozonga tashlanayotgan paytda bir boʻlak sarimsoq piyoz va lavlagi solishni ham unutishmadi. Kurtukli tovuq shoʻrva tayyor boʻlgach, patnisga suzilib, koʻkatlar bilan bezatilib, dasturxonga tortilganida nevarasi quvonganidan chapak chalib yubordi.

- Bizlarning uyda joʻxori kurtukni qadimgidan qolgan taom deb, pishirishmaydi, judayam sogʻingan edim, ena! –dedi Sanamoy minnatdorlik bilan.

- Sen emas, sening tan-joning sogʻingan, bolam, ol, osh boʻlsin!

Sanamoy terlab-tepchib taomni tanovul qildi. Soʻng kastryulkaga ishora qilib kuldi:

- Ena, tovuqning qolgan goʻshtini kimga bermoqchisiz? –dedi hazil bilan.

- Hozir koʻrasan!

Ikki soat davomida miltillab qaynagan kastryulka olovdan olindi. Qopqogʻi ochilmasdan sovutildi. Soʻng enaning oʻzi bankaning qopqogʻini ochib, goʻshtning selini yarim litrlik bankaga quyib oldi. Goʻsht ustiga tuz sepib, tokchaga qoʻydi. Goʻsht selini Sanamoyga tutqazdi.

- Mana buni har kuni nonushtadan yarim soat oldin bir xoʻplamdan uch kungacha ichsang, tanangga quvvat kiradi, tomiringda qoning koʻpayadi, kamqonlikdan azob chekmaysan, -dedi.

Nevarasi keltirgan 1 kilo yongʻoq magʻizini havonchada (kelida tuysa ham boʻladi) tuyib, talqon qildi-da sirlangan laganga solib, ustidan bir yillik sigir sariyogʻi va bir yillik asalni teng miqdorda qoʻshib aralashtirdi, salgina limon suvini tomizdi.

- Mana bundan bot-bot bir qoshiqdan tanovul qilib tursang, suting kamayib ketmaydi, egizak chevaralarimning tishlari marjonday, oʻzlari esa sogʻlom oʻsadi, -dedi mehr bilan.

- Enajon-yey, men kamqonligim, sutim kamligi uchun necha ming soʻmlik dori ichdim-a, qadimgilarning taomlaridan ham quvvat olsa boʻlar ekan-da!

- Bular, bolam, qadimgilarning taomlari emas, milliy taomlarimiz. Turgan-bitgani shifo, quvvat manbai.

Bekajon enaning bu taomni tayyorlash usulini chaqaloqli kelinposhshalarga tavsiya qilamiz.

"Koʻmoch”

Koʻrdingiz, bizning Bekajon enamiz oʻta pazanda. Ayniqsa, milliy taomlarning ustasi!

Azizlar, siz "koʻmoch”degan milliy pishiriq xaqida eshitganmisiz? Yoki bu oʻta hushtaʼm, ayniqsa, bahordagi darmonketar damlarda tanga mador baxsh etuvchi "koʻmoch”ning mazasini bir bora tatib koʻrganmisiz? Qiziqayapsizmi? Sezdim, uning qanday tayyorlanishidan ogoh boʻlmoqchisiz?

- "Koʻmoch”ni yemabsiz, dunyoga kelmabsiz, -deydi kulib Bekajon ena!

Bir kuni deng, qirchillama yigit ishdan kelib: "ishtaham yoʻq”, deb ovqat yeyishdan bosh tortdi. Bekajon ena soʻradi:

- Qorning ochmi, bolam.

- Qornim oʻlarday och, lekin hech narsa yegim yoʻq.

Ena bildi, bahorgi darmonsizlik. Darrov oshxonaga oʻtib, bu gal ham oq joʻxori unini eladi. Tuznamagini rostlab, qaynoq suvda xamirni qoshiq bilan yaxshilab qoridi, sovutish uchun ustini dasturxon bilan yopdi. Yarim kilocha oq (faqat oq) piyozni maydalab toʻgʻradi-da, soʻng bir boʻlak yogʻli mol goʻshtini chopqida ezib chopdi. Kashnich, shivit (ukrop) qizil qalampir, bir bosh sarimsoq piyoz, bir tutamgina barra piyoz, yoʻngʻichqa maysasi, yalpiz hamda qoqi oʻtni maydalab toʻgʻradi-da tuz solib goʻsht bilan yaxshilab aralashtirdi. Toʻgʻralgan piyozni tayyorlab qoʻyilgan xamir ustiga solib mushtlab, pishitdi-da mushtday-mushtday zuvalachalar yasadi. Zuvalachalarni yoyib, ustiga 1 santimetr qalinligida goʻshtli qiymani yozib, ustini ikkinchi yasalgan xamir bilan yopdi. Xamir chetlarini goʻsht seli oqib ketmasligi uchun chimchilab chiqdi-da yogʻlangan tovaga joyladi. Ustini tova qopqogʻi bilan zich yopib, hozirgina non yopilgan tandir ichidagi choʻgʻ bilan koʻmdi.

– Choʻgʻ judayam kuchli yoki oʻchib qolmasligi kerak, -oʻrgatdi keliniga.

40-45 daqiqalardan soʻng Bekajon ena tandir choʻgʻi ostidagi tovani chiqarib oldi. U tovani ochganida atrofni hech qayerda uchramagan nihoyatda yoqimli hid tutdi. Ishtahasi yoʻq, lekin qorni och, sulayib yotgan yigit boshini koʻtardi. Taomning yoqimli hidining oʻzi uning tanasida ilohiy bir kuch uygʻotdimi, asta yurib Bekajon enaning tandiri tomon keldi. Ena tovada qip-qizil boʻlib pishgan "koʻmoch”ni patnisga agʻdardi.

- Yur, bolam, ochiqqan, lekin taom istamaydigan qorningni bi-i-ir toʻygʻazib ol! –dedi mehribonlik bilan.

Yigit "koʻmoch”ni ishtaha bilan yedi, chehrasi ochilib, dili, tani yayradi. Shundan soʻng to pishiqchilik paytigacha ishtahasi yoʻqligidan nolimadi.

- "Koʻmoch”,-deydi Bekajon ena, - odamning avvalo quvvatini oshiradi, tananing kasalliklarga chidamliligini taʼminlab, yoshlarning iligi toʻq boʻlib oʻsishida eng yaxshi, tabiiy darmon.

"Koʻmoch” tayyorlash uchun ozgina hafsala boʻlsa bas. 4 kishilik "koʻmoch” pishirigʻi uchun 1 kg oqjoʻxori uni, 0,5 kilo yogʻli goʻsht, bir bogʻlamdan barra piyoz, shivit, kashnich, qoqi oʻt bargi, barra yoʻngʻichqa, ikki dona qizil qalampir, bir bosh sarimsoq piyoz, xamiriga qoʻshish uchun uch-toʻrt bosh oq piyoz kerak boʻladi. "koʻmoch”ni elektr tandir-pechda ham pishirish mumkin.

"Navroʻz goʻja”

Shunaqayam goʻja boʻlar ekanmi, demang, azizlar. Kelinposhshalarga goʻja pishir, deyishsa, oq joʻxorini kelida tuyib-tozalab, nari borsa loviya qoʻshib pishirishadi-da, dasturxonga tortishadi-qoʻyadi. Lekin Bekajon enaning "navroʻz goʻja”si nomi bilan ham oʻzgacha, ham shirin, ham oʻta quvvatli. Oshqozoni, jigari, talogʻi ogʻrishidan shikoyat qiluvchilarga doim Bekajon ena "navroʻz goʻja” ichishni tavsiya qilishdan charchamaydi.

- Juda xushxoʻr,-deydi ena, - qolaversa, bu goʻjani yil davomida pishirib, tanovul qilish sogʻlikka juda foyda. Navroʻz yaqin qoldi, keling, goʻja pishirayotirman.

Bekajon ena kelini yaxshilab tuyib bergan oq joʻxorini shamol tegib turadigan kungay joyga yoydi. Tez-tez qoʻli bilan peshalab, quritdi-da, oʻgʻir (zagʻama)da kepagini ajratib oldi. Qizib turgan qozonga kungaboqar yogʻi solib, mayda toʻrtburchak shaklida toʻgʻrab, tayyorlab qoʻyilgan kartoshka, sabzi va gugurt qutisidaygina turpni solib, yaxshilab qovurdi. Qaylani bosib turadigan suv solib, tuzini rostladi-da qopqogʻini yopdi. Qayla qaynab chiqqach, yalpiz va shivit, sarimsoq piyoz, avvaldan pishirib qoʻyilgan loviya hamda oz miqdorda qizil qalampir qoʻshib, tayyorlangan goʻsht qiymasidan oʻrik danagiday mayda-mayda zuvalachalar yasab, qayla ustiga terib chiqdi. Qozon qopqogʻini zich yopib, damga qoʻy-di. Ikkinchi qozonga suv solib, qaynatdi, qaynab chiqqach, tayyor joʻxori goʻjani solib, miltillatib qaynatdi. Goʻja pishishiga oz qolganida mayda toʻrtburchak shaklida toʻgʻralgan behi, shu shaklda toʻgʻralgan qovoq va sholgʻomdan (har qaysisi bir piyoladan) goʻja oshga qoʻshib yubordi-da, masalliqlar pishgunicha tez-tez kovlab turdi. Goʻja osh pishgach, tuzini rostlab, olovdan tushirdi. Kelini kosalarga goʻjani suzib, ustidan ikkinchi qozonda tayyorlab qoʻyilgan qayladan bir choʻmichdan solib har kosaga bir chimdim koʻkat, qoʻshimcha kosada qatiq bilan dasturxonga tortdi.

Azizlar, ana endi Bekajon enaning "navroʻz goʻja”sidan tating-u, pazanda momomizga baho beravering. Ana goʻja osh-u mana goʻja osh! Taʼmi bir umr ogʻizda qoladi-ya!

Birgina oq joʻxori unida shunchalik hikmat borligini bilmas ekanmiz! Qarang-a, milliy taomlarimizda shunchalar ajib xislatlar, toʻgʻrirogʻi, tanga quvvat beruvchi darmonlar bor ekan-a!

Ha, azizlar, bunday quvvatbaxsh taomlar dasturxonimizga ham, vujudimizga ham koʻrk bagʻishlaydi. Chehramizga tiniqlik, ruhiyatimizga sokinlik baxsh etadi. Ona zaminimizda ham, uning bagʻrida ungan neʼmatlardan tanlarga jon baxsh etishga qodir taomlar tayyorlab, Alloh bergan rizqimizni yanada ziyoda qilishga intilayotgan pazanda momolarimizning oshxonalarida ham olamjahon hikmatlar bor. Bu hikmatlardan bahra oling, azizlar.

Barchangizga yoqimli ishtaha, tan sogʻlik yor boʻlsin!

Bekajon enaning pazandalik sanʼatini siz azizlar bilan baham koʻrgan

Robiya YOʻLDOShEVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi 24.01.2025 SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR 14.01.2025 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi 12.05.2024 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi 15.08.2023 Saylov jarayonidan videolavhalar Saylov jarayonidan videolavhalar 24.10.2021 Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. 24.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni 17.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni 11.10.2021 Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda 17.07.2021 Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) 14.05.2021 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) 15.01.2020 "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) 21.12.2019 XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) 04.12.2019 IChKI KOʻChALAPNI TAʼMIPLASh YuZASIDAN MAXSUS TAKTIK-OʻQUV MAShGʻULOTLAPI OʻTKAZILDI (+ Video) IChKI KOʻChALAPNI TAʼMIPLASh YuZASIDAN MAXSUS TAKTIK-OʻQUV MAShGʻULOTLAPI OʻTKAZILDI (+ Video) 04.12.2019 Boʻzyop madaniyat markazi faoliyatidan lavhalar (video) Boʻzyop madaniyat markazi faoliyatidan lavhalar (video) 12.11.2019 Vazirlar Kengashi Paisi Amudaryoda sayyor qabul oʻtkazdi (+video) Vazirlar Kengashi Paisi Amudaryoda sayyor qabul oʻtkazdi (+video) 02.11.2019 Amudaryoda ilgʻor fermerga "Cobalt" sovgʻa qilindi (+video) Amudaryoda ilgʻor fermerga "Cobalt" sovgʻa qilindi (+video) 06.10.2019 Amudaryo tumanida oʻtkazilgan Mustaqillik bayrami – 2019 (Toʻliq video, Tas-ix) Amudaryo tumanida oʻtkazilgan Mustaqillik bayrami – 2019 (Toʻliq video, Tas-ix) 03.09.2019 “Mangʻit savdo kompleksi” MChJga qarashli bozor faoliyatidan lavha (+video) “Mangʻit savdo kompleksi” MChJga qarashli bozor faoliyatidan lavha (+video) 13.08.2019 KOʻP TAPMOQLI FEPMEP XOʻJALIKLAPI SAFI KENGAYMOQDA (+video) KOʻP TAPMOQLI FEPMEP XOʻJALIKLAPI SAFI KENGAYMOQDA (+video) 31.07.2019 SINFDOShLAR MAKTABNI BITKAZGANINING 40-YILLIGINI NIShONLAShDI(+video) SINFDOShLAR MAKTABNI BITKAZGANINING 40-YILLIGINI NIShONLAShDI(+video) 31.07.2019 MAHALLADA JINOYaT MUHOKAMASI BOʻYIChA YIGʻILISh OʻTKAZILDI(+video) MAHALLADA JINOYaT MUHOKAMASI BOʻYIChA YIGʻILISh OʻTKAZILDI(+video) 31.07.2019 "QALDIPGʻOCh" OPOMGOHI BU YILGI MAVSUMDA JAMI 500 NAFAP BOLALAPNI BAGʻPIGA OLDI (+video) "QALDIPGʻOCh" OPOMGOHI BU YILGI MAVSUMDA JAMI 500 NAFAP BOLALAPNI BAGʻPIGA OLDI (+video) 31.07.2019 Hokim tashabbusi bilan tashkil qilingan kutubxonalar qanday faoliyat yuritmoqda? Hokim tashabbusi bilan tashkil qilingan kutubxonalar qanday faoliyat yuritmoqda? 13.07.2019 Amudaryo tumani Davlat arxivi faoliyatidan lavha (video) Amudaryo tumani Davlat arxivi faoliyatidan lavha (video) 13.07.2019 Qilichboy ovuli hayotidan lavha (video) Qilichboy ovuli hayotidan lavha (video) 13.07.2019 Elektr energiyasi bilan taʼminlash sifati yaxshilanmoqda (video) Elektr energiyasi bilan taʼminlash sifati yaxshilanmoqda (video) 13.07.2019 Farovon mahallasida 72 ta zamonaviy uslubda qurilgan arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi (+Foto, video) Farovon mahallasida 72 ta zamonaviy uslubda qurilgan arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi (+Foto, video) 01.07.2019 Amudaryo tumanida Yoshlar kuni keng nishonlandi (Foto, video) Amudaryo tumanida Yoshlar kuni keng nishonlandi (Foto, video) 30.06.2019 TUMANIMIZNING IKKI NAFAP OʻQUVChISI MAKTABNI OLTIN MEDAL BILAN BITIPDI TUMANIMIZNING IKKI NAFAP OʻQUVChISI MAKTABNI OLTIN MEDAL BILAN BITIPDI 24.06.2019