12-YILLIK MAJBURIY TAʼLIM - BIZLAR UChUN OʻTA MUHIM
Bugungi kunda biz yoshlarga berilgan imkoniyatlar, ilm olish uchun ochilgan eshiklar bisyor. Biz faqat ulardan unumli foydalanishimiz kerak. Bepul 12-yillik majburiy taʼlim, barcha qulayliklarga ega oʻquv maskanlari - barcha-barchasi biz yoshlar uchun.
Ammo biz yoshlar shu imkoniyatlardan foydalanayapmizmi, davlatimiz gʻamxoʻrligining qadriga yetayapmizmi?
Har kuni oʻqishga boramiz, bir oʻrtogʻimiz yangi kiyim kiyib kelgan boʻlsa, borib soʻraymiz:
- Qayerdan olding? Qanchaga olding? – deya qiziqamiz. Ammo sheʼr yod olib kelsa; "qayerdan yoki qaysi kitobdan yod olding?”- demaymiz. Uyga borib:
– Onajon, menga falon ming soʻmlik telefon kerak, - deymiz. Nega "menga kitob kerak”, – demaymiz. Oʻqishga kundan-kun eʼtiborsiz boʻlayapmiz. Xoʻsh, ayb kimda? Oʻzlarimizda!
Hozirgi kunda muammoga aylanayotgan erta turmush qurish masalasi ham kollejimiz oʻquvchi-yoshlarining davra suhbatlarida, "Orasta qizlar” toʻgaragi aʼzolari ishtirokida tez-tez muhokama qilinmoqda. Bu mavzularda har oyda 2 marotaba davra suhbatlari oʻtkazamiz, suhbatimizga kollej qizlar kengashi raisi va kollejga biriktirilgan shifokor keladi. Ular erta turmushga chiqishning tibbiy, maʼnaviy, iqtisodiy, ijtimoiy asoratlari haqida tavsiya va tushunchalar berishadi.
12-yillik majburiy taʼlim – ayniqsa biz qizlar uchun oʻta zarur va muhim. Ammo oramizda baʼzi qizlarimiz bizga yaratib berilgan imkoniyatlarni qadrlamaydi, ikki ogʻiz shirin soʻzga uchib, bir umrlik xatoga yoʻl qoʻyishadi. Ertangi kunning ulugʻvor orzularidan voz kechishadi, ota-ona, Vatan oldidagi burchlarini unutib qoʻyishadi. Buni tushunganlarida esa kech boʻladi. Axir bu hayotda yashashdan maqsad faqat tezroq turmush qurish, farzandni dunyoga keltirish emas, balki eng avvalo oʻzing barkamol, sogʻlom inson sifatida shakllanishing, har tomonlama yetuklikka erishish, kasb-korli, oʻzingni va oilangni iqtisodiy, ijtimoiy hamda maʼnaviy jihatdan taʼminlashning uddasidan chiqa olishing muhim. Biz yoshlar buni bir lahza boʻlsin, unutishga haqqimiz yoʻq.
Yulduz YuSUPOVA, Amudaryo melioratsiya va suv xoʻjaligi kasb-hunar kolleji oʻquvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶