MAHALLA - TARBIYa MASKANI
Bugungi kunda mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, aholi salomatligini mustahkamlash va bandligini taʼminlash eng dolzarb vazifalar sirasiga kiradi. Negaki, sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhit hukmron joyda el tinch, osuda hayot kechiradi, oilalarda farovonlik boʻladi, farzandlar yurt xizmatiga kamarbasta boʻlib voyaga yetadi.
"Xolimbeg” ovul fuqarolar yigʻini tarkibiga kiruvchi "Ayoqchi” mahalla fuqarolar yigʻini qoshida davlatimizning yoshlarga oid qarorlarini amalga tadbiq etishga qaratilgan, xususan, huquqiy madaniyatini shakllantirishga, ularning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlaridagi faolligini oshirishga, fuqarolarimiz orasida qabul qilinayotgan qarorlar va qonunchiligimizdagi oʻzgarishlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan targʻibot-tashviqot ishlarini olib boruvchi doimiy komissiyalar tuzilgan boʻlib, faoliyati samarali tashkil etilgan.
Aholi turmushi farovonligining asosi hisoblanmish ishga yaroqli aholining bandligini taʼminlash juda muhimdir. Buni inobatga olgan holda aholini ijtimoiy himoya qilish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga boʻlgan intilishlarini qoʻllab-quvvatlash, ish bilan taʼminlash va tadbirkorlikka jalb etish maqsadida mahallamizda "Maslahat markazi” faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Markazda fuqarolarning bandlik boʻyicha barcha savollariga javob berilib, yangi-yangi ish oʻrinlari yaratilishiga erishilmoqda. Shu yilning oʻzida 4 nafar fuqaro sartaroshlik va kasanachilik boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini boshladilar. Hududimizda joylashgan paxta qabul qilish shoxobchasiga 8 nafar, fermer xoʻjaliklariga 16 nafar yoshlar shartnoma asosida ishga joylashdilar. "Amudaryotex” xorijiy korxonasida 12 nafar mahalla ayol-qizlari mehnat faoliyatini boshladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Vazirining 2015-yil 20-yanvardagi "Aholining shaxsiy yordamchi xoʻjaliklaridan samarali foydalanish, ular uchun talab etiladigan moddiy resurslarni yetkazib berish va moliyalashtirish ishlarini tizimli tashkil etish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi topshirigʻini ijro etish boʻyicha faol ish olib bormoqdamiz. Bunga koʻra, 24 nafar fuqaroning hujjatlari tijorat banklariga kredit olish uchun topshirildi va 12 nafarining arizasi qanoatlantirildi.
Mahallamizda aholi orasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan turli tadbirlar muntazam oʻtkazilmoqda.
Bulardan tashqari, toʻy-marosimlarni ixcham tarzda oʻtkazib, ortiqcha chiqim va isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslikka harakat qilayapmiz.
Ayni kunlarda mahallamiz hududini koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga deyarli barcha fuqarolarimiz jalb qilinmoqda. Chunki mahallamizning obodligi, koʻrkamligi hammamizga daxldor.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶