Amudaryo tumanida quruvchilar kasb bayrami keng nishonlandi
Yangi Oʻzbekistonning maftunkor va jozibali qiyofasini yaratish ishlarining samaradorligini quruvchilar mehnatisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Quruvchi-bunyodkorlarning oliyjanob mehnati bilan barpo etilayotgan yangi turar joylar, ishlab chiqarish obʼektlari, yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlari, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari mamlakatimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshib, hayotimiz farovon boʻlishiga xizmat qilmoqda.
Amudaryo tumanidagi “Xon” tantanalar majmuasida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuniga bagʻishlangan tantanali marosimga mohir quruvchi va muhandislar, usta va meʼmorlar, loyihachi va pudratchi tashkilotlar vakillari taklif qilindi.
Bayram tadbirida tuman hokimi Sobir Xoʻjametov tumanimizdagi bunyodkorlik ishlariga salmoqli hissa qoʻshayotgan zahmatli qurilish fidoyilari, soha faxriylarini kasb bayrami bilan tabriklab, ularga ezgu tilaklarini bildirdi.
Darhaqiqat, bugun mamlakatimizning barcha hududlarida, jumladan Amudaryo tumanida ham katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Qurilish sohasidagi bu jarayon nafaqat ovul va mahallalarimizning qiyofasini oʻzgartirdi, balki odamlar hayotiga ham oʻzgacha mazmun-mohiyat bagʻishlamoqda. Ayniqsa, aholini arzon va qulay turar joylar bilan taʼminlash boʻyicha maqsadli dasturlar doirasida namunali koʻp qavatli uylar, madaniyat va sanʼat markazlari, sport inshootlari, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy obʼektlar qurilyaptiki, bu bunyodkorlik ishlari hududlar infratuzilmasini yaxshilashga ham xizmat qilyapti. Albatta, ushbu imkoniyatlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvar islohotlarni oʻzida aks ettiradi.
Tantanali tadbirda, oʻz ish faoliyati davomida yuqori samaradorlikka erishayotgan bir qator qurilish, loyiha, pudratchi, buyurtmachi tashkilotlar muassasalari hamda ularning fidoyi ishchi-xodimlari tuman hokimligi tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Amudaryo tumanining yanada obod va farovon boʻlishiga hissa qoʻshib kelayotgan soha fidoyilari tomonidan mazkur yilda ham rejaga koʻra keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, bugungi kunda tuman boʻyicha jami 58ta obʼektlarda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Maʼlumot oʻrnida, Investitsiya dasturi doirasida Beruniy mahallasi hududidagi 31-sonli maktabning eski 330-oʻrinli binosini rekonstruktsiya qilish boʻyicha pudratchi tashkilot “Sanjar Diyor building” MChJ tomonidan qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu dastur doirasida Jumur ovul mahallasi hududidagi 48-sonli maktabga qoʻshimcha 240-oʻrinli bino va sport zal qurish boʻyicha pudratchi tashkilot “Jumurtov tex taʼmir servis” MChJ tomonidan qurilish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Boʻz solma mahallasi hududida yangidan suv inshootini qurish va 30 km uzunlikdagi ichimlik suv tarmoqlarini tortish boʻyicha pudratchi tashkilot “Tuproqqalʼa maxsus qurilish” MChJ tomonidan qurilish ishlari bajarilmoqda.
Shuningdek, bunyodkorlik ishlari Qoramon mahallasida ham amalga oshirilmoqda. Pudratchi tashkilot “Mang‘it invest maksimum” MChJ tomonidan mazkur hududda yangidan 150-oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti binosini qurish ishlari olib borilyapti.
Taʼkidlanganidek, jonajon vatanimizning yangi qiyofasini barpo etish va yuksak taraqqiyotini taʼminlash, hayotimizni yanada obod va farovon etishda ming-minglab bunyodkor insonlarning mehnatini hech narsa bilan baholab boʻlmaydi.
Soha fidoyilariga koʻtarinki kayfiyat ulashish maqsadida tumanimizning taniqli estrada xonandalari tomonidan taqdim etilgan kontsert dasturi bayramga yanada zavq bagʻishladi.
Fursatdan foydalanib, qurilish sohasining qadrli vakillarini kasb bayrami bilan yana bir bor tabriklaymiz. Yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va hududlar obodligi yoʻlida olib borayotgan sharafli vazifani bajarishda sizlarga kuch-quvvat, ulkan gʻayrat va shijoat tilaymiz.
R.Abdullayev, Amudaryo tumani hokimligining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar,
kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶