XOLIQ OTANING OLIM OʻGʻLI
Shiddat bilan oldinga intilayotgan avtomobil Navoiy shahriga yaqinlashganida Islombek tezlikni pasaytirib, yonida atrofni jimgina kuzatib kelayotgan rafiqasi Saidaxonga yuzlandi:
– Shaharda bir muddat toʻxtab, dam olaylik, bolalarning ham qorni ochdi, birorta choyxonaga kirib, choy-poy ichib olsak, charchogʻimiz chiqadi, – deya orqa oʻrindiqda bir-biriga suyanishib oʻtirgan farzandlariga qarab qoʻshib qoʻydi, – bolalar ham charchashdi, shunaqami, mangʻitliklar!
Islombek farzandlariga deyarli har kuni shunday murojaat qilishga odatlangan, garchi, ular poytaxtda, Toshkent shahrida tugʻilishsalar-da, tag zamini – ildizi Mangʻit shahri, Amudaryo tumani ekanligini eslatib, bu tabarruk ota makoniga farzandlari qalbida mehr-muhabbat tuygʻularini uygʻotishni oʻzining otalik burchi deb biladi. Shundanmi, farzandlari ham har gal Mangʻitga, Amudaryo tumaniga boradigan kunni oʻzgacha sogʻinch va orziqish bilan kutishadi.
Bu safar ham bolalar Alloh rahmat qilsin, Xoliq otasining hayotlik paytlarida oʻzlariga aytib bergan ertaklari, sovgʻa qilgan kitoblari, Toshkentga borganlarida: “Shaharlaring juda chiroyli, yashashga qulay, baribir bizning Mangʻit, Amudaryo tumanimiz hamma joydan keng, bahavo, daryo boʻyiga borib, choʻl havosiga bir toʻysang, dunyoga qayta kelganday yasharib ketasan”, deya bir-ikki kundayoq ortiga qaytgisi kelib qolishi, harchand qistashmasin, nevaralariga hazillashib: “Amudaryo – mening ota makonim, Mangʻit – ona shahrim, ota-onamning oldiga boray”, deb hazillashib qoʻyishlarini alohida mehr bilan eslashdi. Hatto Mangʻitga tezroq yetish ilinjida Toshkentdan chiqqanlaridan beri tamaddi qilib olishni ham xohlashmagandi
Xoliq Davletov. Taniqli advokat, adolat va haqiqat himoyachisi boʻlgan bu insonni nafaqat Amudaryo tumanida, balki sobiq ittifoq davrida qardosh Turkmaniston respublikasi, Qoraqalpogʻistonning deyarli barcha tumanlarida, qoʻshni Xorazm viloyatida juda yaxshi bilishar, hayotlarida nohaqliklarga duch kelgan insonlar “Xoliq advokat” nomini eshitsalar, yelkalaridan bosib turgan tashvishlar yukidan xalos boʻlganday, yengil tortishardi.
Oʻz umri davomida el aro katta obroʻ-eʼtibor qozongan Xoliq Davletov oilasida oʻta intizomli, madaniyatli umr yoʻldoshi, qattiqqoʻl, qatʼiyatli, talabchan ota sifatida mavqei, hurmati baland inson edilar. Umr yoʻldoshi Saragul momo bilan besh oʻgʻil, ikki nafar qizlarini tarbiyali, el-yurtga munosib insonlar qilib voyaga yetkazgan “Xoliq advokat”ning ortida, agar taʼbir joiz boʻlsa, el-yurtga ifor taratgan, gurkiragan chamanlar qoldi. Yetti nafar farzand bugun yetti charogʻon, baxtiyor oila qoʻrgʻonining egalari.
Katta xonadondan har tarafga taralgan teran ildizlarning zamini mustahkam, gullab-yashnagan chamanistonga aylanishgan. Tez-tez oʻgʻil-qizlari, nevara-chevaralari qadrdon ota makonda jam boʻlishsalar, Saragul momoning baxtiyorlikdan yuragi hapriqib ketadi. Shundanmi, Islombek farzandlaridan ham koʻra, koʻproq oʻzi onajonining diydoriga oshiqib turadi.
Navoiy shahrida biroz tamaddi qilib olishgach:
– Endi yoʻlimizning asosiy qismi choʻl, – dedi Islombek bolalariga, – hali daryo boʻyiga borib, choʻl havosidan bir toʻyib simirsak, dunyoga qayta kelganday, yashnab-yasharib ketamiz.
– Xoliq otamning gaplari! – chugʻurlashdi bolalari.
– Ha-aa, ana shu havo tortadi-da meni Mangʻitga, bolalarim.
Islombekning bu gapidan soʻng farzandlari baravariga:
– Bizni ham! – deya qarsak chalib yuborishdi. – Axir mangʻitlikmiz-ku!
Inson borki, oilam, Vatanim, deb umr boʻyi ana shu muqaddas goʻshalar tomon intilib yashaydi. Xoliq ota va Saragul momolarning toʻrtinchi farzandi boʻlgan Islombek Davletov 1968-yilda Mangʻit shahrida dunyoga keldi. 1975-1985-yillarda Mangʻit nomli( hozirgi 31-sonli) maktabni faqat aʼlo baholarga tugatgan Islombekning qurilish yoʻnalishida oʻqish orzusini eng avvalo ota-onasi, aka-ukalari chin dildan qoʻllab quvvatlashdi. U oʻsha yiliyoq Toshkent Politexnika institutining sanoat va fuqaro qurilishi fakultetiga, qurilishni tashkil etish va uning iqtisodiyoti yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga kirdi. Tabiatan tirishqoq va intizomli boʻlgan Islombek Davletov mazkur oliy taʼlim dargohini imtiyozli diplom bilan tugatdi va institut yoʻllanmasi, qolaversa, ustozlarining tavsiyasi bilan ipk mehnat faoliyatini Toshkent arxitektura va qurilish institutining qurilishda iqtisodiyot va boshqaruv kafedrasida assistent, keyinchalik dotsent lavozimlarida ishlashdan boshladi. Oʻzidagi ilmiy salohiyatni rivojlantirish maqsadida 1994-1997-yillarda oʻzi faoliyat yuritayotgan institutda, aspiranturaning kunduzgi boʻlimida tahsil oldi.

Qisqa fursat ichida yosh, izlanuvchan va qatʼiyatli mutaxassis sifatida institut ilmiy-pedagogika jamoasining hurmatiga sazovor boʻlgan Islombek Davletov, oddiy, xalqona til bilan aytganda, juda tez "oʻsdi". U 1999-2008-yillarda Toshkent arxitektura va qurilish instituti qurilishni boshqarish fakultetida oʻrindoshlik asosida oʻquv ishlari boʻyicha dekan muovini, 2008-2010-yillarda institutning moliya va iqtisodiyot ishlari boʻyicha prorektori, 2010-2012-yillarda esa iqtisodiyot va koʻchmas mulkni boshqarish kafedrasi dotsenti, keyinchalik 11-yil davomida hozirgi Toshkent arxitektura va qurilish Universitetining menejment kafedrasi mudiri lavozimlarida faoliyat yuritdi. 2023-yilning may oyidan boshlab mazkur Universitetning menejment kafedrasi professori vazifasida ilmga chanqoq, tanlagan sohalari boʻyicha intiluvchan va izlanuvchan talaba-yoshlarga taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.
Pedagogik faoliyati bilan birga ilmiy izlanishlarini muvaffaqiyatli olib borgan yosh olim 1999-yilda, 31 yoshida OʻzFA huzuridagi Iqtisodiyot institutining Ixtisoslashgan Kengashida “Loyiha yechimlarining ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini baholash (uy-joy qurilishi misolida)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining qarori bilan iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻldi. 2002-yilda dotsent, 2019-yilda sanoat iqtisodiyoti ixtisosligi boʻyicha professor ilmiy unvonlariga sazovor boʻlgan Islombek Davletov tinimsiz olib borgan ilmiy izlanishlari, qolaversa, aziz va muhtarama onajonining duolari tufayli 2023-yilning sentyabr oyida “Uy-joylar loyiha yechimlarini kompleks baholashning ilmiy-uslubiy asoslari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini ham muvaffaqiyatli himoya qildi.
Toshkent davlat transport Universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc raqamli ilmiy Kengashida uning xizmat koʻrsatish tarmoqlari iqtisodiyoti ixtisosligi boʻyicha himoya qilgan doktorlik dissertatsiyasi 2024-yilning 7iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan juda yuqori baholanib, unga iqtisodiyot fanlari doktori (DSs) ilmiy darajasi berildi.
– Ilm yoʻli – eng mashaqqatli, shu bilan birga juda masʼuliyatli, – derdi doim otasi Xoliq Davletov. – Ana shu mashaqqat va masʼuliyat yukini yelkalashdan ogʻrinmagan insongina" igna bilan quduq qazib" Vataniga, xalqiga obi-hayot tutadi. Modomiki, ilm yoʻlini tanlagan ekansan, ortga qaytma, ilm mashaqqati deb, zimmangdagi masʼuliyatni aslo unutma, buni unutgan kuning seni eng avval ota makoning – Mangʻit va mangʻitliklar unutishadi...
Islombek har gal ilm yoʻlida chekkan mashaqqatlari, ilmiy ishlari qoʻlyozmalari ustida muk tushib, necha-necha tunlarni bedor oʻtkazgan damlarini eslaganida otasining ushbu oʻgitlari quloqlari ostida jaranglaydi va ilm mashaqqatidan ortga chekinmagani tufayli taqdir oʻziga ravo koʻrgan yaxshiliklar, kasbdoshlari va shogirdlarining samimiy mehridan koʻngli xotirjam tortadi. Axir mangʻitlik olimning 5ta ilmiy monografiyasi, oʻz yoʻnalishi boʻyicha u yaratgan 3ta darslik, 20ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 212ta eng muhim va dolzarb mavzulardagi ilmiy maqolalari, Respublika matbuoti orqali eʼlon qilingan, qurilish sohasiga oid muammolar yechimiga bagʻishlangan 46ta, xorijiy jurnallarda chop etilib, jahon ilmiy jamoatchiligining yuksak eʼtirofiga sazovor boʻlgan 34ta ilmiy-munozarali maqolalari bilan Oʻzbekiston ilm-faniga munosib hissasini qoʻshgan pedagog olim sifatida uning yuzi yorugʻ.
Respublikada boʻlib oʻtgan ilmiy anjumanlarda oʻqigan maʼruzalarining oʻzi 96ta gala toʻplamlarida chop etilib, 36ta Xalqaro anjumanlar toʻplamlariga ilmiy maqola va maʼruzalari kiritilgan. Qolaversa, Islombek Davletov ommaviy axborot vositalaridagi oʻz yoʻnalishi boʻyicha chiqishlari orqali keng jamoatchilikka ham yaxshi tanish. Uning bevosita rahbarligida 80 nafardan ziyod bakalavr, 20 nafardan ortiq magistrlar tayyorlandi. Ayni paytda esa 4nafar tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilar Islombek Davletov rahbarligida ilmiy izlanishlar olib borishmoqda
Islombek Davletov Oʻzbekistonning turli hududlarida amalga oshirilayotgan qurilish maydonlarida, uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasidagi korxona va tashkilotlar hamda uy-joy mulkdorlari shirkatlarida boʻlganida Universitet talabalarining oʻzi rahbarlik qilgan bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarida berilgan taklif va tavsiyalar muvaffaqiyatli tarzda amaliyotga joriy etilayotganini koʻrib, koʻngli taskin topadi. Shu bois, har gal qadrdon ota makoni – Mangʻit shahriga qaddini tik tutib, yorugʻ yuz bilan kirib keladi. Otasi Xoliq Davletovning sinchkov nazarini his qilgan kabi bolaligi kechgan moʻʼjaz goʻsha, darvoza oldida "bolam!" deb butun vujudi bilan quchogʻini ochib, u tomon talpingan muhtarama onajoni bagʻriga yosh boladay singib ketadi goʻyo. Haligina Amudaryo ustiga qurilgan muhtasham koʻprikdan oʻtayotib, ota makonning, ota-onasining haroratli nafasini tuygan Islombek Davletov ona mehri naqadar ulugʻ neʼmat ekanligini. ana shu neʼmat inson yuragida Vatanga muhabbat tuygʻusini ulgʻaytirishini yurak-yuragidan his qildi. Umr yoʻldoshi Saidaxon, ota kasbini tanlagan oʻgʻillari – yaqindagina “Bogʻlanuvchan qurilish materiallari texnologiyasi” mavzusidagi magistrlik ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, Toshkent arxitektura va qurilish Universitetining muhandislik fakultetida assistent vazifasida ishlayotgan katta oʻgʻli Jaloliddin, arxitektura va qurilish Universiteti talabasi Nizomiddin, aqlli va dono qizlari, Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti talabasi Diyoraxon, Toshkent shahridagi 196-sonli umumtaʼlim maktabining aʼlochi oʻquvchisi Durdonaxonlarning tez-tez “Mangʻitga boraylik”, “Amudaryoni sogʻindim”, deyishlarida ham kindik qoni tomgan aziz tuproq – ota makonga cheksiz mehr-muhabbat bilan bogʻlanib qolgan vatanparvar insonlargagina xos SOGʻINCh mujassamligidan koʻngli xotirjam tortdi. Axir mana shu qutlugʻ oila muhiti, qadriyatlari uni voyaga yetkazdi, shaxs sifatida shakllantirdi. Ota-onasining duolari, bugun uni qutlagani kelgan oshna, yor-doʻstlarining ishonchi orzulariga parvoz, qadamlariga quvvat bagʻishladi.
Islombekning bu galgi ota makonga tashrifi jigarbandlari, yaqin doʻstlari uchun chinakam bayramga aylanib ketdi. Xoliqovlar oilasidan yetishib chiqqan professor, fan doktorini qutlagani kelganlarning kechgacha keti uzilmadi. “Bolam”, deb bagʻriga bosgan Xoliq otaning doʻstlari, ezgu tilaklarining adogʻi yoʻq onajonining dugonalari, sobiq maktabdosh, sinfdosh doʻstlari u bilan faxrlanishdi, qadrdonlik mehri bilan hurmat-eʼtibor koʻrsatishdi. Toʻkin dasturxon atrofidagi qadrdonlar davrasida farzandidan qoniqish bilan baxtga choʻmib oʻtirgan 88 yoshli nuroniy onaxon Saragul momo duoga qoʻl ochdi:
– Yurtimiz tinch, xalqimiz ahil va birdam, hayotimiz farovon boʻlsin, koʻngillarida yaxshilik, mehr-oqibat degan ulugʻ neʼmatni ardoqlab, quvonchimizga oshna barchadan Alloh rozi boʻlsin, hammani shunday yaxshi kunlarga yetkazsin, amiyn!
Momoning ezgu tilaklari shu kuni bizning ham hamrohimiz boʻldi. Bu bagʻri keng, biri-biridan bilimdon farzandlar, nevara-chevaralar kamolidan obod va charogʻon katta xonadondagi oʻziga xos oʻzbekona tutumlar, anʼanalarga dilimizda havas uygʻondi.
Ha azizlar, kiroyi farzandlaring, nevaralaring, oilang shunday boʻlsa...
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶