QATAGʻON QURBONLARI: ULAR ERK VA ADOLAT UChUN KURAShGAN HAZRATI INSON EDILAR
Millatlar – shunchaki oddiy olomon yoki oddiy xalqlar emas, ular HAZRATI INSONLARDIR. HAZRATI INSON – u tabiatning eng oliy moʻʼjizasi, goʻzallikni, ezgulikni, baxtni toʻlaqonli his qilish qudratiga egaligi uchun ham buyuk HAZRAT! Doʻstlikning, tinchlik va totuvlikning qadr-qimmatini ulugʻlab, boshiga koʻtarguvchi ham faqat Udir. Shuning uchun ham jadid bobolarimiz yuz yillar davomida Markaziy Osiyo mintaqasida yashovchi barcha millatlarni yagona xalq sifatida, yagona Vatan – mulki Turon farzandlari boʻlib yashashga daʼvat etib kelishgan. Ana shu daʼvatkor ruhdagi xatti-harakatlari tufayli mustabid tuzumning qatagʻon siyosati qurbonlariga aylanishgan.
Markaziy Osiyo hududida mustabid tuzum tomonidan milliy chegaralanish siyosati olib borilgan 1924-yil nafaqat mintaqa xalqlari oʻrtasida ayirmachilikka, balki yagona xalq sifatidagi birlikka, ahillik va totuvlik tuygʻularining yemirilishiga sababchi birdan-bir gʻarazli omil boʻldi. Natijada mintaqa xalqlari sovetlar qatagʻon siyosatidan eng koʻp jabr koʻrdilar. Ming-ming afsus va nadomatlar boʻlsinki, bu jabrdiydalarning deyarli barchasi oqni qoradan ajrata oladigan bilimdon, tadbirkor, elim, yurtim, degan millat fidoyilari, mustaqillik uchun kurash maydoniga kirgan yalovbardorlar — HAZRATI INSONLAR edilar...
MAʼLUMOT UChUN: 1937-yilning iyul oyidan 1938-yilning noyabr oyigacha sovet imperiyasi hududidan 1,5 mlndan ziyod odam qamalgan, 700ming kishi otib oʻldirilgan. Tarixda “Katta terror” nomini olgan malʼun qonli siyosat tufayli birgina Oʻzbekistonda 1937-yilning 10-avgustidan 1938-yilning 1-yanvarigacha, 5 oy davomida 10700 nafar kishi qamoqqa tashlangan. Ulardan 3613 kishi otishga hukm qilingan va bu qonli hukm shu kuniyoq ado etilgan. 7087 nafar millatning asl farzandlari esa 8-yildan 10-yilgacha boʻlgan muddatlarga qamalgan. Qamalganlarning aksariyat qismi olis Sibir oʻrmonlarida ochlik, xoʻrlik va qahraton sovuq tufayli oʻzga yurtlar tuprogʻida jon berdilar.
Taʼbir joiz boʻlsa, qatagʻon qurbonlari – beayb qamalgan HAZRATI INSONlar – xalqimizning ERK va ADOLAT yoʻlidagi bemavrid qirqilgan qanotlari edilar.
Men uzoq yillardan beri Amudaryo tumanining turli hududlarida yashagan va mustabid sovet tuzumining qatagʻon siyosati qurboni boʻlgan insonlar haqida izlanishlar olib borayotgan oddiy ijodkor sifatida bilganim shuki, eng avval aqlli va bilimdon insonlar otuvga hukm qilingan.
Birgina 1938-yilning 10-fevral sanasida faqat Mangʻit tumanining oʻzidan ilm-u maʼrifatli, ishbilarmon va tadbirkor boʻlgan 30 nafarga yaqin insonlar oʻlim jazosiga hukm etilib, bu qonli hukm shu kunning oʻzida ijro etilgan.
Ular orasida doʻrmanlik tadbirkor Doʻsimmat Matniyozov, mangʻitlik maʼrifatparvar ziyoli, rus, fors, arab tillarining bilimdoni, Xiva xonining muhrdori Matniyoz mufti Yusuf oʻgʻli, jumurtovlik (hozirgi Bobur nomli qishloq) Bobooxun (asl ismi Muhammad oxun) Salimov, doʻrmanlik Amat Yusupov, Raimjon Erniyoz oʻgʻli,..., yana 13 nafar xolimbeglik bilimdon, tadbirkor insonlar bor edilar. Koʻkragiga qatagʻon toʻpponchasi tiralib, nari borsa 25-30, 40 yoshida otilib ketgan bu kabi qatagʻon qurbonlarining biridan keyinchalik “xalq dushmanining farzandi” degan tamgʻa bilan yashashga mahkum, umri azoblar girdobida kechgan avlodlar qolsa, aksariyatidan faqat achchiq, armonli xotiralar qoldi.
Ular tom maʼnoda HAZRATI INSONlar edilar va yashashga, oʻzlari tugʻilib-oʻsgan zaminni gullab-yashnatishga qodir boʻlgan Vatanning haqiqiy jonkuyarlari – azamat oʻgʻlonlari edilar. Ularning tirik qolishi sobiq sovet tuzumining makkor siyosati uchun xavf sanalardi va Markaziy Osiyo mintaqasini sotsializm gʻoyalari asosida boshqarishga jiddiy toʻsiq edi. Qolaversa, oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman, qoraqalpoq va mintaqadagi boshqa etnik ozchiliklarning yaxlit bir makonda ahil-inoq yashashi sovetlar uchun xavf tugʻdirishidan tashqari, til-u dini bir, anʼana va qadriyatlari ming yilliklarga borib taqaladigan, et bilan tirnoq kabi ahil xalqlarning jipsligi keyinchalik juda katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin, degan qoʻrquv bor edi. Ana shu qoʻrquv bois, Markaziy Osiyo makkor sovet tuzumi tomonidan parchalanib tashlandi, bu bilan ham qoniqmay, eng aqlli, bilimdon, vatanparvar, xalqparvar insonlar qatagʻonga giriftor boʻldilar.
Oʻzbekiston ana shu parchalangan Markaziy Osiyoning kuchli bir boʻlagi edi. Mustaqillik – xalqimiz uchun oppoq, oydin yoʻllar ochdi, nainki xalq, balki bu zaminda yashovchi barcha millat va elatlarning, har bir insonning qadr-qimmatini joyiga qoʻydi! Tili, dini taʼqiqlar iskanjasida qolib, soʻzlamoqqa chogʻlangan lablari qulflangan, erk va adolat istab qoʻyilgan qadamlari, parvozga shaylangan qanotlari qirqilgan xalq zakosi yuksaklarga koʻtarildi.
Ayniqsa, 2024-yil 19-iyuldagi “Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori xalqimiz qalbidagi ogʻriqli chandiqlarga haqiqiy malham boʻldi.
Qatagʻon qurbonlarining ruhlari mangu makon topgan ommaviy qabrlar joylashgan hududlar obodonlashtirilib, xalq uchun muqaddas ziyoratgohlarga aylantirildi. Millat farzandlarining qahramonona hayoti va faoliyati haqida badiiy asarlar chop etilib, hujjatli filmlar tasvirga olindi.
Bir vaqtlar: “Ey ulugʻ Turon, Arslonlar oʻlkasi! Senga ne boʻldi? Ey, Chingizlarning, Temurlarning, Oʻgʻuzlarning,... shonli beshiklari! Qani u chiqdigʻing yuksak oʻrinlar?!...” deb baralla hayqirgan Abdurauf Fitrat bobomizning orzusi ushaldi – nainki Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyoda haqiqiy Arslonlar uygʻondi! Qatagʻon qurbonlari boʻlgan mard-u maydon insonlarning nomlari oqlandi. Ularning ezgu orzularini roʻyobga chiqarish sari ishonch va dadillik bilan qadam qoʻyishga daʼvatkor chaqiriq sifatida har bir insonga maʼnaviy kuch bagʻishladi.
Bugungi Davlatboshilarining uzoqni koʻzlab olib borayotgan siyosatlarining mazmun-mohiyati ham jadid bobolarimizning orzulari, “Temurlarning, Oʻgʻuzlarning shonli beshiklari”ni asrash, yagona xalq, yagona Vatan sifatidagi ulugʻ maqom bilan Markaziy Osiyo mintaqasida tenglik, tinchlik, totuvlik va abadiy doʻstlik qoʻrgʻonini bunyod etishdir.
Mohiyatan olib qaraydigan boʻlsak, siyosiy qatagʻon qurbonlari boʻlgan ota-bobolarimizning mustaqillik, erk va adolat yoʻlidagi xatti-harakatlari ham aynan ana shu maqsadlar yoʻlidagi kurashlardan iborat edi va bu ichki hamda tashqi taʼsirlar natijasida mahv etilib, Istiqlol fidoyilarini dor ostiga olib borgandi.
Nazarimda, sobiq sovetlar tuzumining qatagʻon siyosati bu bilan tugamadi. Ikkinchi jahon urushida tengsiz qahramonliklar koʻrsatgan jafokash xalq boshiga yana malomatlar, boʻhtonlar yogʻildi. “Paxta ishi” deb “qama-qama”lar boshlangan algʻov-dalgʻovli yillarda yana yuzlab millat fidoyilari qatagʻonga uchradi.
Ming shukurki, mustaqillik tufayli xalq chekkan azob-uqubatlar ortda qoldi. Xalqimiz bugun oʻz fidoyi farzandlarini yuksak ehtirom bilan xotirlab, ularning tengsiz matonat va jasoratlari haqida iftixor bilan soʻzlaydilar.
Har yili 31-avgust sanasida Toshkent shahridagi shahidlar xotirasi majmuasini ziyorat qiladilar, mamlakatimizning barcha hududlaridagi qatagʻon qurbonlarining nomlari bitilgan ramziy xotira kitoblari qoshida tiz choʻkib, Qurʼon oyatlaridan tilovatlar oʻqib, xalqlar mustaqilligi uchun jon fido etgan Vatan farzandlarini ehtirom bilan yodga oladilar. Chunki biz bugungi avlod erki, ozodligi va tinchligi, baxt-saodati yoʻlida qurbon boʻlgan HAZRATI INSONlarni unutishga haqqimiz yoʻq!
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶