YoShLAR YeTAKChISINING SAMARALI FAOLIYaTI
Doʻstlik mahallasi Mangʻit shahrining aholi zich joylashgan hududlaridan sanaladi. Ayni paytda 631 xonadon tarkibidagi 952ta oilada salkam 3700 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda 1ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 7ta kichik savdo doʻkonlari hamda 5ta umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyat olib boradi.
“Mahalla yettiligi” aʼzolarining birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida oʻtgan 2024-yil davomida aholi farovonligini oshirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, mehnat muhojirligidan qaytgan yoshlar hayotiga doir muammolarni ijobiy hal etish borasida samarali ishlar olib borildi. Unga koʻra, oʻtgan yil boshida 14-30 yosh oraligʻidagi 905 nafar yoshlar xatlovdan oʻtkazilib, shulardan 27 nafari ishsiz, ammo mehnatga layoqatli ekanligi aniqlandi.
Mahalla yoshlar yetakchisi Sanjar Saubatov xatlov natijalaridan kelib chiqib, aynan ana shu 27 nafar mehnatga layoqatli yoshlar bilan birma-bir uchrashish va suhbatlashish orqali ularning qiziqishlari hamda kasbiy layoqatlariga mutanosib ravishda ish bilan taʼminlanish choralarini koʻrdi. Dehqonchilik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan 2 nafar yoshlarning har biriga 25 sotixdan yer ajratib berilishiga koʻmaklashdi va ularga 30 yillik ijara shartnomasi asosida yer maydoni ajratilib, doimiy bandligi taʼminlandi.

Ishsizlik – insonni nafaqat moddiy, balki maʼnaviy tomondan ham zaiflashtirib, vaqtlar oʻtishi bilan loqayd va tanbal kimsaga aylantirib qoʻyadi. Vaholanki, loqaydlik hukm surgan oila tanazzulga yuz tutadi, bunday oilalarning mavjudligi esa jamiyat uchun zararlidir. Sanjar Saubatovning kundalik ish faoliyatini aks ettiruvchi yon daftarida aynan ana shunday loqaydlikning oldini olish, yoshlarning ish bilan bandligini taʼminlashga qaratilgan muammolarni hal etish borasidagi qaydlar talaygina. Xususan, yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida mahalladagi hokim yordamchisining koʻmagi bilan 9 nafar fuqaroga 250 mln. soʻmlik kredit mablagʻi ajratildi.
Bundan tashqari, 12 nafar yoshlar imtiyozli kredit mablagʻlari asosida parrandachilik, chorvachilik sohalariga jalb etildi. 4 nafar yoshlar layoqatiga yarasha doimiy ishga joylashtirildi.
2024-yil davomida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 25 nafar yoshlardan 16 nafari OTMlar talabalari boʻlgani sababli ularning oʻqishlarini toʻsiqlarsiz davom ettirishlarini taʼminlash maqsadida kontrakt toʻlovlarining 30 foizi qoplab berildi. 2 nafar yoshlarga imtiyozli kredit ajratilib, 1 nafar yurtdoshimizning haydovchilik guvohnomasi olish uchun oʻqish xarajatlarining bir qismi, 2 nafar yoshlarning esa safarbarlik chaqiruv rezervi badali toʻliq, yana 1 nafar hamyurtimizning kelajak kasblari boʻyicha oʻqish xarajatlari qoplab berildi.

Mahalla yetakchisining faoliyat koʻlami bu bilan tugamaydi. Xulqi ogʻir fuqarolar toifasiga kiritilib, tuman prokuraturasiga biriktirilgan 8 nafar yoshlarni xatlovdan oʻtkazish, ular hayotiga oid muammolarni tizimli ravishda hal etish maqsadida Sanjar Saubatov “Mahalla yettiligi” aʼzolari ishtirokida ishlab chiqilgan yoʻl xaritasiga koʻra, ular bilan yakama-yakka suhbatlar olib borish orqali hayotini ijobiy tomonga oʻzgartirish choralarini koʻrdi. Natija esa kutilganidan ziyoda boʻldi: mazkur toifadagi yoshlarning ijtimoiy faolligi oshib, oʻz oilalari uchun doimiy daromad manbalarini yaratishga boʻlgan intilish va ishtiyoqlari ortmoqda.
Shunisi eʼtiborga molikki, birgina Uychi tajribasi asosida mahalla yoshlaridan 35 nafarining bandligi taʼminlandi. Besh tashabus olimpiadasida jami 876 nafar yoshlar roʻyxatdan oʻtkazilib, faol ishtirok etdilar. Shaxmat boʻyicha oʻtkazilgan musobaqaning Respublika bosqichida Nazirjon Rahimov faxrli 2-oʻrinni egalladi. “Yosh kitobxon” tanlovida 10-14 yosh toifasida ishtirok etgan Bahoroy Sobirova esa mazkur tanlovning tuman bosqichida faxrli 2-oʻrinni oldi.
Mahallada bilimdon yoshlar safi yil sayin oshib borayotgani quvonarli. Ayni paytda salkam 160 nafar yoshlar mamlakatimizdagi nufuzli OTMlarda tahsil olishmoqda. Shuningdek, 28 nafar yoshlar professional taʼlim muassasalarida turli kasblar yoʻnalishlari boʻyicha kasb-hunar oʻrganishmoqda 240 nafar oʻsmir-yoshlar umumtaʼlim maktablari oʻquvchilaridir. Shuningdek, davlat sektorida rasmiy bandlar 61 nafarni, xususiy sektorda rasmiy band yoshlar esa 64 nafarni tashkil etadi. 22 nafar yoshlar esa mehnat muhojirlari sifatida oʻzini-oʻzi band qilgan fuqarolardir.
Sanjar Saubatovning yon daftarida ism-shariflari alohida qayd etilgan tadbirkor yoshlardan biri Ali Fayzullayev AKFA eshik va deraza romlarini yasash bilan shugʻullanadi. U mazkur yoʻnalishdagi ish faoliyatini kengaytirish maqsadida mahalla masʼullariga murojaat qilib, kam boʻlmadi. “Mahalla yettiligi”ning yoʻl-yoʻriqlari, qolaversa, hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisining begʻaraz yordami, qoʻllab-quvvatlovi bilan 100 mln. soʻm imtiyozli kredit mablagʻi olishga muvaffaq boʻldi. Shu sababli mijozlari bilan shartnoma asosida zamonaviy eshik va deraza romlarini ishlab chiqarish faoliyatini yanada kengaytirdi. Ayni paytda mahalladoshlaridan Rashid Saparov hamda Xurshid Najimaddinovlarni doimiy ish bilan taʼminladi.

Oliy talim muassasasi bitiruvchisi Hakimjon Jumamurodov ham uni qoʻllab-quvvatlagani uchun “Mahalla yettiligi” aʼzolari, ayniqsa, yoshlar yetakchisi Sanjar Saubatovdan minnatdor. Chunki unga stomatologiya yoʻnalishidagi tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun zarur boʻlgan 15 mln. soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻi ajratilishida mahalladagi yoshlar yetakchisi Sanjar Saubatov yaqindan yordam berdi. Bugungi kunda Hakimjon Jumamurodov 1 nafar fuqaroni ish bilan taminlab, oʻz faoliyatini olib bormoqda.

Jasurbek Abduraimov esa yoshlar yetakchisining yordami bilan 22 mln soʻm miqdorida imtiyozli kredit olib, oʻz tomorqasida issiqxona tashkil qilgan va oilasi uchun doimiy daromad manbaini yaratgan.

Doʻstlik mahallasida, garchi shahar sharoitida boʻlsa-da, kichik hajmdagi issiqxonasi mavjud xonadonlar talaygina. Nafaqat oʻz oilalari, balki qoʻni-qoʻshni, mahalladoshlari ehtiyojlarini qondirishning uddasidan chiqayotgan novvoylar, turli xil sabzavotlar koʻchatlarini tayyorlab, xonadonlarini obod va fayzli, koʻkalamzor goʻshaga aylantirib yashayotgan mahalla ahlining turmush tarzi havasga munosib. Buni biz “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida koʻchalar boʻylariga, xonadonlar tomorqalariga ekilgan dov-daraxtlarning koʻpligida, bahor kelishini kutib oʻtirmay, mahalla hududidagi suv yoʻllarini tozalab, koʻchalarni chinniday sarishta qilib qoʻygan mahalladoshlarning ahil-inoqligida koʻrdik.
Albatta, bu toʻkislikda “Mahalla yettiligi”ning tinib-tinchimas aʼzolari, shu barobarida yoshlar yetakchisi Sanjar Saubatovning ham munosib hissasi bor.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶