Faxriylarni eʼzozlash – milliy qadriyatlarimizning yorqin ifodasi
Mamlakatimizda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida vatanparvarlikka bagʻishlangan tadbirlar, faxriylar holidan xabar olish va yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Bu kun Milliy Armiyamizning kuch-qudratini namoyon etish bilan birga, Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida jonbozlik koʻrsatgan insonlarni qadrlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Amudaryo tumanida ham mazkur sana munosabati bilan qator uchrashuvlar tashkil etildi. Tuman Mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi, mayor Shuhrat Mamatov hamda Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy nogironlar birlashmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi Amudaryo tumani vakillari B.Jumaniyozov, O.Xoʻjaniyozov va Sh.Saidboyev Toryop mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi faxriy Bisenbay Utegenov holidan xabar oldilar.
Faxriy bilan samimiy suhbat davomida uning hayoti va faoliyati, yosh avlodni tarbiyalashdagi hissasi yuksak baholandi. Uchrashuvda Bisenbay Utegenovga “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun” medali va esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.
Shundan soʻng, faxriylar Bosuv mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi sobiq jangchi Saidov Farhod xonadoniga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Farhod Saidovning Vatan tinchligi yoʻlida qilgan xizmatlari eʼtirof etilib, unga ham “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun” medali va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Ushbu uchrashuvlar davomida faxriylar yoshlarga oʻzlarining hayotiy tajribalari, Vatan himoyasi yoʻlida kechgan xizmat yillari haqida hikoya qilib berdilar. Tadbir davomida yoshlar bilan samimiy muloqotlar oʻtkazilib, ularning Vatanga sadoqat, mardlik va jasorat kabi xislatlarini yuksaltirish boʻyicha maslahatlar berildi.
Mazkur uchrashuvlar 14-yanvar – Vatan himoyachilari kunini nishonlash tadbirlarining bir qismi boʻlib, ular nafaqat faxriylarni qadrlash, balki yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.
Shohzod Qurbonboyev

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶