TOʻY - DABDABABOZLIK DEGANI...MI?
Keksalarimiz har gal duoga qoʻl ochganida "Toʻylarga yetkazsin, xonadonimiz, yurtimizda toʻyu tomoshalar koʻp boʻlsin!” - degan tilaklarni aytishadi.
Haqiqatan ham osoyishta, farovon elga toʻylar yarashadi. Yaxshi niyat bilan elga dasturxon yozib, ikki yoshning nikoh bazmini yoru doʻstlar davrasida nishonlashning gashti ham oʻzgacha. Shundanmi, yurtdoshlarimiz oilada farzand tugʻildimi, yigʻadi, yigʻinadi, sandigʻini sarpoyu sepga toʻldiradi. Nihoyat, vaqti kelib, el-ulusning duosini oladi. Bu ajdodlarimizdan meros qadriyat hisoblanadi. Toʻy – katta hayotga qadam qoʻyayotgan yosh oila uchun – ostona demakdir. Biroq toʻyning ham oʻz qonun-qoidalari, meʼyoru talablari bor, oʻzbekning udumini, tutumini yaxshi bilgan qariyalar, koʻpni koʻrgan kayvoni onaxonlar soʻziga kirib, yoʻl-yoʻrigʻiga koʻnib, bir toʻy qiling-chi, shunda amin boʻlasizki, toʻy degani tasir-tusur musiqayu, toʻkin dasturxon yozishdan iborat emas. Aksincha, u – ezgu talaklar, niyatlar izhor qilinadigan fayzli bazm, qadimiy udumlarmizning mumtoz namoyishi, katta hayot ostonasida kelin-kuyovga oq fotiha!
Bundan koʻp yillar avval toʻylari oʻtgan aka-opalarimiz ayni damda hayotidagi oʻsha eng quvonchli kun haqidagi sohir xotiralar bilan yashayotgan boʻlishsa ajabmas. Bugun-chi? Bugun toʻy bazmi tugashi bilan tantana tasviri tushirilgan videotasmani qoʻlimizga olib, ekran qarshisida tomosha qilishimiz mumkin. Bu tasvirlar kelin-kuyovning nevarayu chevaralari qoʻliga ham yetib borsa, ajab emas. Shunday ekan, nega toʻylarimizning tartibli, goʻzal oʻtishi uchun qaygʻurmasligimiz kerak?
Afsuski, bu mavzu koʻp bor gapirildi, matbuotda yoritildi. Biroq sezilarli amaliy natijalar koʻzga tashlanayotgani yoʻq.
Bir toʻy bazmida qatnashdim. Kelinning ham, kuyovning ham ota-onalari bamaʼni insonlar ekan. Biroq undagi "tomoshalar” koʻpchilikning hafsalasini pir qildi: toʻyda ishtirok etayotgan sanʼatkorlar taklifi bilan, kelin-kuyov bazm yakuniga qadar bir necha marta davraga chiqib, xorij udumlariga taqlidan, valsga tushishdi. Kelinning egnidagi yelkayu yoqasi ochiq toʻy libosi esa koʻpchilikni uyatga qoʻygani ham, taassufli hol. Shu zaylda davom etayotgan shodiyona, yosh-yalanglar tilida aytganda, naqd diskotekaga aylandi.
Toʻy - azaliy qadriyatlarimizning bir boʻlagi, dedik. Shunday ekan, toʻylarning tartibli oʻtkazilishi va bunda kimga qachon soʻz berilishi oldindan kelishilishi maqsadga muvofiq, nazarimizda. Soʻz olgan odam maʼniliroq biron gap aytsa mayli, mast holda yarim soatlab yigʻilganlarning asabini buzsa, tantananing fayzu mazmuniga putur yetishi, shubhasiz.
Yana bir gap. Bugun toʻy-tantanalar tumandagi taniqli sanʼatkorlarning boʻsh kunlariga qarab belgilanishi urfga aylandi. Chunki, taniqli sanʼatkor ishtirokiga qarab toʻyga baho berilar ekan. Qolaversa, kuchli shovqin, quloqni qomatga keltiruvchi qoʻshiqlar ostida oʻtayotgan bunday tantanalar insonlar salomatligiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatayotir. Bundan tashqari, toʻy kuni turnaqator mashinalarda kelinni olib kelish "odat”idan qanday naf? Axir ana shunday "tadbir”lar oqibatida yoʻl harakati hodisalari, hatto, oʻlim bilan bogʻliq holatlar sodir boʻlayotgani hech birimizga sir emas.
Vaholanki, 1998 yil 28-oktyabrda muhtaram Prezidentimizning Farmoni qabul qilingan edi. Ushbu hujjatda toʻy-marosimlarda dabdababozlik, shuhrat-parastlik, oʻz-oʻzini koʻz-koʻz qilish, isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilayotgani taʼkidlanib, bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan edi. Yurtboshimizning Farmoni qabul qilinganidan keyin, bir necha yillar vaqt oʻtgan boʻlsa-da, u hamon bugungi kunning dolzarb masalasi boʻlib turibdi.
Shundan kelib chiqib, aholi oʻrtasida tushuntirish-targʻibot ishlari amalga oshirilmoqda. Mahalla oqsoqollari ulamolar, kayvonilar tomonidan toʻy-hashamlarni ixchamlashtirish, tartibli oʻtkazish choralari koʻrilmoqda.
Biroq, afsuski ayni paytda barcha toʻyu bazmlar ushbu mezonlar asosida oʻtkazilyapti, deb boʻlmaydi. Eng yomoni oddiy maʼrakalarda ham ana shunday dabdababozlikka, isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilayotgani, achinarli. Tabiiyki, bunday salbiy holatlarga chek qoʻyish uchun tegishli mutasaddilar, fuqarolar yigʻinlari raislari, koʻchaboshilar hamda keng jamoatchilik yanada faol va jonkuyar boʻlishi lozim.
Diniy idora xodimlari, fuqarolar yigʻini raislari va diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchilarining urf-odat va marosimlarni tartibga solishdagi rollari, vakolatlari va imkoniyatlari kengdir. Ular turli marosimlarni oʻtkazishda "Maslahatli ish tarqamas”, "Tejamkorlik – farovon turmush garovi” ekanligini, mahalladoshlariga tushuntira olishlari kerak boʻladi. Bunda turli manbalar, mavjud hayotiy tajribalar ularga qoʻl keladi. Masalan, toʻylardagi ortiqcha sarf-xarajatlar, umuman isrofgarchilikning zararlari xususida Alloh taolo Qurʼoni Karimning "Aʼrof” surasi, 31-oyatida: "Yeb-ichinglar va lekin isrof qilmanglar” – deganini uqtirish zarur. Paygʻambarimiz (s.a.v.) bir hadislarida: "Har qanday isrof haromdir” deb, isrof qilishdan qatʼiy qaytarganliklari toʻgʻrisida har bir mahalladosh xabardor boʻlishi muhimdir
Har ishning meʼyori yaxshi, deydi donolarimiz. Zero, meʼyor tartibga boshlaydi, tartibli ish esa hech qachon yomon boʻlmagan. Toʻy – quvonchli tadbir. Undan kutilgan maqsad-muddao ham ezgu va xayrlidir. Shunday ekan, toʻylarimizning tartibli oʻtishiga nima yetsin?!
Gavhar ChIMBAYChIYeVA, "Mahalla” xayriya jamoat fondi Amudaryo tuman boʻlinmasi boshqaruvi bosh mutaxassisi
(Foto - http://old.adolat.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶