Milliyligimizga mutlaqo zid
Yoz faslining gashti oʻzgacha. Biri biridan totli turfa mevalar gʻarq pishib, dasturxonimizni bezaydi, odamlar yengil kiyimlarda mazza qilib yurishadi.
Hozir koʻchalarni kuzatsangiz, biri-biridan chiroyli kiyingan odamlarni koʻrasiz. Biroq baʼzi qizlar atrofidagilarning eʼtiborini tortish uchunmi, yo boshqalardan ajralib turish uchunmi, oʻta kalta, yupqa, yelkalarini ochib, yeng oʻrniga bogʻich qoʻyilgan koʻylaklar kiyishga oʻtib ketishdi. Ularni kuzata turib oʻylanib qolasan odam, koʻylagi shu holda, sochini allaqanday sariq rangga boʻyab, bejanib olgani bilan chet ellik qizlarga aylanib qolayaptimi? Axir ular andoza olayotgan gʻarb kinolaridagi qahramonlarsifat kiyinish bizning milliyligimizga mutlaqo zid emasmi? Koʻr-koʻrona kino qahramonlari kiyinishi, yurish-turishiga taqlid qilish atrofidagi odamlar nazdida qanchalik xunuk koʻrinishini afsuski, ular oʻzlari anglashmaydi.
Bizning xalqimizning asrlar davomida shakllangan kiyinish, jamoat joylarida oʻzini tutish, odamlar bilan muomala madaniyati borki, biz yoshlar ularni qanchalik koʻp oʻrgansak, amal qilsak, turmushimiz fayzli, obroʻyimiz yuqori boʻladi. Chunki bular – sof insoniy fazilatlarni oʻz ichiga olgandir.
Ayni kunlarda yoshlarimizning bir-biriga qoʻlini koʻtarib yo boshini urishtirib salomlashayotganini, "qalay” deyish bilan (qalaysan ham emas) cheklanib qoʻyayotganini koʻrib, odamning gʻazabi keladi. Bu mehrsizlikmi? Yo koʻr-koʻrona chet el kinolari qahramonlariga taqlidmi?
Milliyligimizga mutlaqo zid buningdek odatlarga ruju qoʻyayotgan tengdoshlarimiz safi sanoqli boʻlsa-da achinarli. Shunday emasmi? Sizlar nima deysizlar, aziz yoshlar?
Munira JUMABOYeVA, 3-sonli Amudaryo akademik litseyi oʻquvchisi.
(Foto - http://navoiypress.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶