AYoLLARI EʼZOZ TOPGAN YuRT
(Publitsistika)
Ayol – millat tayanchi, jamiyat koʻrki, xonadonlarimiz fayzi. Unga onajon, deb talpinganimizda butun vujudimiz mehr-muhabbat bulogʻidan bahramand boʻladi. Tugʻishganim, jigarbandim deb ardoqlasak, koʻngillarimizga xotirjamlik inadi. Ne uchun? Chunki, umrimizning har bir lahzasida bizning orzu-umidlarimiz, quvonch va tashvishlarimizni oʻzinikiday qabul qilib, bizga hamdam-u hamroz yashaguvchi mehribonimizdir u!
Barcha zamonlarda ham bu zoti mukarramalarga koʻngillar ana shunday talpingan, ona va rafiqa, jon rishtasi aro payvand farzandijonim, deb dil koʻshkidan joy berishgan. Lekin uning turmush tarzini zamonga munosib tarzda oʻzgartirish, yangilash, ayol shaxsining shakllanishida zarur boʻlgan sharoitlar yaratish, ayolga eʼtibor masalasi faqat Mustaqillik davridagina muhtarama opa-singillarimiz qalbida qatlanib yotgan orzu-armonlardan hayotga koʻchdi.
Yaqin oʻtmishga bir nazar
... Erta tongdan paxta terimiga chiqib ketgan Jumabika onani ikki etak paxta termayoq dard tutdi. Joʻyakka uzala tushib yotib qolgan ayolga brigadir doʻq urdi:
- Jumabika, kecha oldingi kundan 5 kilo kam paxta terding, bugun yana qanday bahona qilayotirsan. Ture, normangni bajar. Eshakning yuki yengil boʻlsa...
Jumabika onaning ahvolini tushunib turgan ayollardan biri brigadirga urishdi:
- Undan koʻra arava-koʻlik top, u hozir dalada tugʻib qoʻyadi...
Shunday boʻldi, sobiq Lenin nomli kolxoz (hozirgi "Choykoʻl” ovuli hududida) aʼzolaridan biri Jumabika onaning paxta dalasida koʻz yorib, chaqalogʻi shamollab, nimjonligidan koʻpga bormay nobud boʻldi...
- Bunday voqealar oʻtgan qora kunlarda odatiy hol edi, - bot-bot hikoya qilardilar rahmatlik onajonim. – Bizdan sovet davlati faqat ish va yana ish soʻrardi. 8 nafar farzandimni dunyoga keltirib nari borsa, bir haftagina uyda oʻtirganman. Shukur momong ikki nafar, Jumabika momong bir, Guljon momong, Robigʻa momolaring ham bir-ikki nafar bolalarini goh paxta terimi, goh gʻoʻza yaganasi yoki qazuv paytlarida ish boshida dard tutib, dunyoga keltirishgan.
Onam boshidan kechirgan qora kunlar... Bu kunlarning ichida biz ham bor edik. 8 nafar uzun-qisqa bolalarini ergashtirib tong azondan gʻoʻza yaganasiga chiqqan onajonim, endi bilsam, sabr-qanoatning tirik timsoli boʻlib yashagan ekanlar. Uyimizdan 4-5 chaqirim olisdagi oʻsha paytdagi Lenin nomli kolxozga qarashli 8-brigadaning, "Ferma ovul” mavzesidagi 5 gektarlik paxta dalasida biz farzandlar ham onajonimizga qarashish uchun gʻoʻza yaganalardik, oʻtoq qilardik. Shom qorongʻuligida yana shuncha yoʻl bosib uyimizga qaytardik. Biz bolalar har yer-har yerga tappa-tappa tashlab, uxlab qolardik. Onajonim keksa enam bilan oʻchoqqa olov yoqib, ovqat pishirardilar. Keyin bizni uygʻotib:
- Hay, bolalarim-a, bu kunlar hali oʻtib ketar, yaxshi kunlar ham keladi hali, - derdilar horgʻingina.
Uyqusirab oʻtirib taomlanardik. Tongda yana onam uygʻotardilar:
- Qani, turaqolinglar, hali qurtga barg tayyorlash kerak. Paxta oʻtogʻini boʻlsak, yaxshilab dam olasizlar...
Enam tonggi namoz ibodatiga kirishgan paytda biz ipak qurti uchun barg tayyorlardik. Soʻng qora qumgʻonimizni, tuz-namagimizni yelkalab, uzun-qisqa boʻlib onamning ortidan ergashgancha 5 gektarlik dala tomon yoʻl olardik...
Bolaligimiz, onajonim umrining gullagan fasli ana shunday oʻtardi. Bir tutamgina yoz tuni qanday oʻtib ketganini sezmay qolardik. 5 gektarerdagi gʻoʻzaning yaganasidan tortib, chilpishgacha boʻlgan parvarishida onajonim biz bolalari bilan daladan chiqmay ishlardilar.
Bir kuni dala boshiga kolxoz kassiri keldi. Madrim aka ismli bu kishini koʻrib, onajonim qanchalik quvongan boʻlsalar, kassirning qoʻlidan olgan "maosh”i – 19 soʻm pul xuddi qoʻlini kuydirayotgan kabi shunchalik tez dili ogʻridi.
- Yoz boʻyi qilgan mehnatimning haqi shumi, xato hisob qilmadingizmi? – dedilar bazoʻr tilga kirib.
- Oʻzi sening hisobingda 1 gektar paxta yeri bor ekan, hisobni idoradagilar qilishadi, men faqat pulni tarqatuvchiman. - Shuniyam tushunmaysanmi, deganday hiringlab kuldi kassir.
- Axir, axir yerim 5 gektar-ku!
Onam bu gapini aytguncha kassir amaki ketib boʻlgan edi...
Hamon eslasam, yuragim oʻrtanib ketadi: aslida 5 gektarer uchun ishlab, 1 gektarning haqiga qanoat qilgan, soʻzlasa soʻzi sinib, haqiqat deb tiklansa, dili sinib oʻtgan onajonlarim-ay! Ular juda koʻpchilik edilar. Yuzlab, ming-minglab oʻzbek ayollari ana shunday ozorlarda qadlari dol boʻlib yashashga mahkum edilar. Kechagidan bir kilo paxtani kam tergan ayollar traktor faralari yorugʻida qaytadan dalaga tushib, "norma” bajarmaguncha uyiga ketolmaganlariga necha bor guvoh boʻlganman. Kuzakning achchiq izgʻirinlarida qoʻllarining yoriqlaridan qon sizib turgan onajonlarning 6 million tonnalik xirmon tiklanguncha tinim bilmaganlarini oʻz koʻzim bilan koʻrganlarim yodimga tushadi-yu, yuragim zirqirab ketadi.
Yetti yashar bolasini ergashtirib paxta tergan ayollar... Yetmish yashar momosining beliga quvvat boʻlib paxta tergan bolalar... Bolalarim tezroq mashaqqatdan qutulsin, 6 million tonna paxta tezroq terilsin, deya bolalariga koʻmakdosh boʻlgan momolar...
Ana shunday mehnat qilardik biz oʻz tugʻilgan yerimizda. Rejadagi xirmon ana shunday fidoyiliklar evaziga yaratilardi. Ana shunday... Ayol bolasini bagʻrida olib oʻtirishdan mosuvo, bolalar 2-3 oylab oʻqib-oʻrganishdan, keksalar huzur-halovatdan benasib. Shundayin fidoyiliklar evaziga onajonlarimiz suv-tekin haq olardilar. Uka akaning, singil opaning eski kiyimini kiyib, qanoat qilardik. Yamoq tushgan paypoqlar, paxtadan boʻshagan fartuk (peshgir)lardan paytavalar oʻrardik oyoqlarimizga.
Ota-onamning yillik daromadi (doxodi)ni intizorlik bilan kutardik.
- "Doxod”dan palto olib beraman.
- "Doxod”dan etik, roʻmol, ..., ... olib beraman, - vaʼda qilishardi ota-onalarimiz.
"Doxod” oladigan kun kelardi. "Doxod” beruvchi bilan 5-6 nafar boshqa kishilar ham kelishardi. Katta jomadonda pul, qoʻllarida hisob-kitob daftarlari. Bir chekkadan oʻqishadi:
- Yer-mulk, tutun, qoramol uchun, parranda uchun, mashina-mototsikl uchun, ... Yana allambalo soliqlar. Eng soʻngida "sariyogʻ” va "goʻsht plan”ga deb "doxod”dan qirqishardi-da, bir yil ishlagan kolxozchiga arang bitta qoʻy yoki echkining pulini berishardi...
Bolasiga uzun-uzun vaʼdalar bergan onajonlarim-a,- deyman hamon yuragim oʻrtanib. – eskini butlab, kiyim kiygan ahli elim bolalari-ya! Sabr kosalari limmo-lim toʻlib, sabri sinmay mustaqillikka yetgan onajonlarim mening! Endi ularning soʻzlarini koʻring-a! Dil tugʻyonlariga quloq tutsangiz – dilingizga, orzu-umidlariga oshno boʻlsangiz – hayotingizga zavqlar inadi! Shukronalardan koʻksingiz togʻday yuksaladi. Yana onajonimning qalb iqrori yodimga tushadi:
- Bugungi davr ayollari malikalarday eʼzozda, eʼtiborda!
Eʼzoz topgan ayollar
Bugungi davr ayoli – u olima, oʻtkir siyosatdon, intiluvchan talaba, har sohada faol, baxtiyor ona, rafiqa va beka!
Mustaqillikning ilk yillaridanoq Oʻzbekistonda Ayollik saltanatining baxt-iqbol mezonlari boʻy tikladi. 1995-yil 2 martda qabul qilingan "Oʻzbekiston Respublikasining davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni millatimiz ayollari hayotiga tub oʻzgarishlar boshlab keldi. Ushbu Farmonga muvofiq mamlakat hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanish masalalarini hal qilishga izchillik bilan kirishildi. Ayol-qizlarning davlat va jamiyatni boshqarishdagi ishti-rokini kengaytirish, onalik va bolalikni muhofaza etishga alohida eʼtibor qaratildi. Aynan shu va shu kabi vazifalarni maromiga yetkazish, ayollar hayotiga oid muammolarni izchil hal etishdek masʼuliyatli vazifani bajarishda ayollarning ishtiroki taʼminlandi va Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari hamda hokimlarning oʻrinbosarlari lavozimlari joriy etildi. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hamda siyosiy hayotida faollik bilan ish yuritishga kirishgan Ayollar hayotida Prezidentning mazkur Farmoni muhim ahamiyat kasb etdi. Onalik va bolalikni muhofaza etish, ayollarning mehnat va dam olish sharoitlarini yaxshilash maqsadlarini ifoda etuvchi qonuniy asoslar yaratildi.
Mustaqillik davri ayollari endilikda toʻla davlat muxofazasidagi eʼzoz va hurmatga munosib shaxsga aylandi. Uning farzandi hali dunyoga kelmasidanoq alohida mehr bilan qamrab olindi. Farzandi ikki yoshga yetgunicha ona va bola toʻla davlat nazorati gʻamxoʻrligidan bahramand. Ayolga boʻlgan eʼtibor va ragʻbatning yana bir ifodasi sifatida qabul qilingan "Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni, "Ayollar yili”, "Sogʻlom bola yili” deb nom olgan yillarda aynan yillar nomiga monand ravishda ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilgan va muvaffaqiyatli takomilga yetkazilgan Davlat Dasturlari doirasida amalga oshirilgan ishlar mustaqillik davri ayollari hayotini tubdan oʻzgartirib yubordi.
Amudaryoda
Tumanimiz ayollari hayotidan qiyos: aholining qariyb 50 foizi, yaʼni 90 ming nafardan ziyodini ayol-qizlar tashkil qiladigan tumanimizda oʻnlab oʻtkir siyosatdon ayollar bor. Ularning 6 nafari xalq deputatlari tuman Kengashi, 1 nafari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlaridir. Bugungi kunda 200 nafarga yaqin ayol-qizlar tadbirkorlik bilan shugʻullanadi. Ular orasida turli xil nufuzli koʻrik-tanlovlar, sport musobaqalarining gʻoliblari bor. Agrar sohada, sogʻlikni saqlash va taʼlim tizimlarida, sanoatda amudaryolik ayollar katta-katta imkonlarni koʻzlab mehnat qilishmoqda. Xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan eʼtibor va davlat gʻamxoʻrligi natijasida faqat 2014-yilning oʻzida 104 nafar tadbirkor ayollarga tijorat banklari to-monidan 1 mlrd. soʻmdan ortiq imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi. 2015-yilning shu davrigacha yana oʻnlab ayol-qizlarga tadbirkorlik faoliyatlarini rivojlantirishlari uchun imtiyozli kreditlar berildi. Bugun tumanimiz ayollari ulugʻ ishlarga bosh, fikrda ilgʻor, mehnatda fidoyi, oilaparvar, elparvar, Vatanparvar. Toki, ana shunday fidoyi ayollar bor ekan, el-yurt hamisha tinch, osuda, xonadonlar fayzli. Oilalar ostonasidan boshlangan fayz-u tarovat ona Vatan kengliklarini quchgan. Bu – aziz va mukarrama ayollari eʼzoz topgan Vatanning fayz-u tarovatga toʻliq bugungi manzarasi. Baxt-iqboldan bahs etuvchi bu manzara bizniki, Oʻzimizniki! Zero,
Bizniki tonggi shuʼla,
Bizniki yer-u osmon.
Tildan tushmas ashula –
Bizniki Oʻzbekiston!
Dasturxonda nonimiz,
Har manzil obod makon.
Ulugʻdir imkonimiz –
Bizga ochiq keng jahon!
Beshigin quchgan ona
Buyuk ishlarga sarbon.
Vatan unga parvona,
Dilida yoʻqdir armon.
Samo toʻla yulduzlar,
Oy-u Quyosh bizniki,
Osuda tun, kunduzlar –
Davr-u davron bizniki!
Gul tutamiz jahonga,
Oʻzbaki zabon bilan.
Shukr etamiz zamonga
Hur Oʻzbekiston bilan!
Robiya YOʻLDOShEVA.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶