XONADON FAYZI MEHNAT BILAN
Pillachilik – yetti xazinaning biri. Ipak qurti boqilgan xonadonda esa hamisha fayz-baraka boʻladi. Bu moʻʼjizakor jonivorning nainki pilladan olinadigan ipagi, balki pillachilik sanoatida qayta ishlovdan keyingi chiqindisigacha noyob sanaladi.
Men salkam 35-yildan beri har yilgi ipak qurti boqish mavsumida 1,5-2 quti ipak qurtini parvarishlab, har quti qurt urugʻidan 70-75 kilogrammdan hosil olaman. Ipak qurti boqish juda nozik va izchil mehnat talab qiladigan ish. Mavsum davomida butun oila – oʻgʻil-qizlarim, nevaralarim – barchamiz hamjihatlikda ishlaganimiz uchun unchalik muammo boʻlmaydi. Ayni kunda nafaqat ipak qurti boqish, balki, mavsumning oʻziga xos ishlari – tomorqa, paxta dalalaridagi yumushlar eng qizgʻin pallaga kirgan. Buning ustiga aprel oyining seryogʻin kelishi dehqonchilikda jiddiy muammolarni keltirib chiqardi. Azal-azaldan dehqonlarimiz tabiat injiqliklariga qarshi kurashib, muammolarni fidoyi mehnatlari bilan yengib kelishgan. Ushbu gʻanimat damlarning har bir lahzasidan unumli foydalanib, dehqonchilikdagi kechiktirib boʻlmas muammolarni yuksak aql-zakovat bilan yengib oʻtish esa millatimizga xos fazilat.
Bizning oilada ishga yaroqli har bir inson mehnatga hamdam. Men kelinlar va qizlarim bilan ipak qurti parvarishiga qaraymiz. Sifatli barg yetkazib berish bilan esa oʻgʻillarim shugʻullanishadi. Keltirilgan tut barglarini saranjomlab taxlash ham anchagina mehnat talab qiladigan jarayon. Boz ustiga bu yil tut barglarini shira bosgan. Uni yuvib, yuvilgan barglarni qurtxonalarga kiritishdan oldin qayta-qayta suv purkab, keyin ipak qurtiga berayapmiz. Yana bir-ikki kundan soʻng ipak qurtlariga dasta qoʻyamiz, pilla oʻrash davri boshlanadi.
Ipak qurti boqish, gʻoʻzaning qatqalogʻini yumshatish tashvishlari deb tomorqa xoʻjaligimizni unutib qoʻyganimiz yoʻq. Chunki oilamizning iqtisodini koʻtaradigan yana bir manba – tomorqa yerlarimiz. Meva-cheva, sabzavot va poliz ekinlarining ilk, ertapishar navlari allaqachon dasturxonimizga tushdi.
Mehnat qilgan elda aziz, - deyishadi. Ochigʻi, mehnat qilgan odam avvalo toʻq va farovon, obod yashaydi. Xudoga shukur, kamtarin mehnatimiz orqasidan elda obroʻ topib, boy-badavlat hayot kechirayapmiz. Yangi imoratlar qurib, eng zamonaviy uy jihozlari sotib olayapmiz. Bundan ortiq toʻkinlik boʻlmasa kerak. Mehnatni inson avvalo oʻzi, oilasi, farzandlari baxti, osoyishtaligi va farovonligini taʼminlash uchun qiladi. Oilalar obod, farovon, farzandlar ilmli boʻlsa, ovul-elimiz, yurtimiz ham obod, xonadonlarimiz fayzli boʻladi.
Donagul BERDIBOYeVA,
pillakor,
Kuyuk koʻpir ovuli.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶