FARZANDIMGA SOFLIK ATO ETGAN SALOMATLIK POSBONLARI
Ona uchun farzandi sogʻligidan ham ulugʻroq baxt yoʻq. Binoyiday oʻynab yurgan ikki yashar oʻgʻlim negadir nooʻrin xarxasha qiladigan, uyqusida bosinqirab, tinmay yigʻlaydigan odat chiqardi. Shunchaki bolalik injiqligi boʻlsa kerak, deb eʼtibor qilmadim. Lekin negadir ozib ketayotganini sezdim. Bir kuni issigʻi koʻtarilib, hech narsa yemay qoʻydi. Uni "Madaniyat” QVP bolalar shifokori Habiba Nurimovaga koʻrsatdim. U oʻgʻlimni koʻrikdan oʻtkazib, boshlangʻich tibbiy yordam koʻrsatdi va bolani zudlik bilan jarroh shifokor koʻrigiga olib borishimni tayinladi.
TTB huzuridagi 1-jarrohlik boʻlimi mudiri Baxtiyor aka Yavidov va davolovchi shifokori Komiljon aka Omonov oʻgʻlimni tekshiruvdan oʻtkazgach, shamollash oqibatida bolamning tanasida shish paydo boʻlganini, tezlik bilan jarrohlik amaliyoti olib borish zarurligini aytishdi va shu kuniyoq muolajani boshladi. Shu yilning 25-iyun kuni oʻgʻlim Yunusbek Rajabboyevning rivojlanishiga xalaqit berayotgan dard jarrohlik yoʻli bilan olib tashlandi. Oʻgʻlimga jarrohlik amaliyotini oʻtkazgan davolovchi jarroh Komiljon aka Omonov bir hafta davomida Yunusbekning sogʻayib, oyoqqa turib ketishida fidoyilik koʻrsatdi. Hatto shifoxonada ish vaqti tugagan, navbatchi boʻlmagan paytlarida ham oʻgʻlimning boshida parvona boʻldi. Jarrohlik boʻlimi mudiri Baxtiyor Yavidov, jarrohlik xonasi hamshirasi Nigora Yerdosheva, katta hamshira Rozajon Karimova, muolaja hamshiralari Chamangul Oʻrozoqova, Muhabbat Eshniyozova, Orzigul Bobojonova, Nasibaxon Rahimova, Shoira Jumaniyozovalarning oʻz vaqtida koʻrsatgan tibbiy xizmatlari natijasida oʻgʻlim Yunusbek hech narsa koʻrmaganday, sogʻayib, oilamiz bagʻriga qaytdi.
Men TTB huzuridagi 1-jarrohlik boʻlimi mudiri Baxtiyor Yavidov, malakali jarroh Komiljon Omonovdan bir umr minnatdorman. Chunki ular oilamizga xotirjamlik, farzand quvonchi va salomatlik baxtini ato etishdi. Ilohim, qoʻllaringiz aslo dard koʻrmasin, salomatlik posbonlari!
Har soʻzi misoli moʻmiyo - malham,
Dildan gʻubor ketar u soʻzlagan dam.
Dardingiz olmoqqa tayyor Baxtiyor,
Bir-biridan suluv hamshiralar ham.
Qoʻli yengil jarroh Komiljon aka,
Dard bilan olishar yakkama-yakka.
Elga sogʻlik degan baxtni ulashib,
Mehr uygʻotadi har bir yurakda!
Samimiy ehtirom bilan Risolat Ibrohimova, "Choykoʻl” ovuli, "Doʻstlik” mahallasi.
(Foto - http://navoiy.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶