INSON QADRI YuKSAK TUTILGAN YuRT
"Kuch – adolatdadir”, deya taʼkidlaganlar buyuk jahongir bobomiz Amir Temur.
Ayni kunda mamlakatimizda demokratik va huquqiy davlat qurish yoʻlidagi saʼy-harakatlardan ham koʻzlangan maqsad yurtimizda yashovchi har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini taʼminlashdir.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan "Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi” BMT faoliyatida oʻz mavqei jihatidan tashkilot Nizomidan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Mazkur Deklaratsiya insoniyat tarixidagi koʻp ming yillik tajriba mahsuli boʻlib, uning 30 ta moddasida jahondagi barcha xalqlarning mushtarak qadriyatlari, hayotiy xulosalari, turli huquqiy tizimlarda ishlab chiqilgan normalar oʻz ifodasini topgan. Unda inson huquqlarini himoya qilishning barcha jabhalari aks etgan boʻlib, insonning emin-erkin yashashi uchun zarur boʻlgan qoidalar, xulosalar, tamoyillarni oʻz ichiga olgan. Shu boisdan ham Oʻzbekiston Respublikasi oʻz mustaqilligiga erishgan ilk kunlardayoq, yaʼni 1991-yil 30-sentyabrda "Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi”ni imzoladi, inson huquqlari boʻyicha 80dan ortiq halqaro shartnomaga aʼzo boʻldi. BMTning shu sohada qabul qilingan qator xalqaro shartnomalari ishtirokchisiga aylandi. Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi qoidalari Oʻzbekiston Konstitutsiyasi, shuningdek, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklari himoyasini taʼminlaydigan milliy qonunchiligimiz meʼyorlarida oʻz ifodasini topdi. Xususan, mazkur Deklaratsiyaning 1-moddasida "Hamma odamlar oʻz qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng boʻlib tugʻiladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda boʻlishlari kerak”, deb, 2-moddasida esa "Har bir inson irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qatʼiy nazar, ushbu Deklaratsiyada eʼlon qilingan barcha huquq va erkinlikka ega boʻlishi zarur.
Bundan tashqari, "inson mansub boʻlgan mamlakat yoki hududning siyosiy, huquqiy yoki xalqaro maqomidan, ushbu hudud mustaqilmi, vasiymi, oʻz-oʻzini idora qiladimi yoki boshqacha tarzda cheklanganligidan qatʼiy nazar, biror bir ayirmachilik boʻlmasligi kerak”, deb, 3-moddasida esa "Har bir inson yashash, erkin boʻlish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir”, deb koʻrsatilgan.
Deklaratsiya moddalarining qaysi birini olib qarasangiz ham unda shaxsning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari oʻz ifodasini topganligini va nihoyatda insonparvarlik gʻoyalari bilan sugʻorilganini anglaysiz.
Shu boisdan Asosiy Qonunimizda ham bu qoidalar va tamoyillar oʻz aksini topgan. Bundan koʻzlangan maqsad esa inson qadr-qimmatini yuksak tutishdir.
Oygul RAJABOVA,
gazetaning maxsus muxbiri.
(Foto - http://uz24.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶