HAR BIR OILA BAXTLI YaShAShGA HAQLI
Bizning davlatimizda azal-azaldan oilalarga alohida eʼtibor berib kelingan. Chunki oilalar mustahkam boʻlsa, yurtimizda tinchlik va osoyishtalik xukm suradi. Oilalarni mustahkamlash borasidagi ishlarda mahallalarning oʻrni beqiyosdir. Boisi, mahallalar tarkibida oilalar istiqomat qilib, ularning yashash tarzi, qiziqishlari, kasb-korlari, va hayoti bilan bogʻliq muammolari mahalla fuqarolar yigʻinlarining doimiy diqqat-eʼtiboridadir.
Bizning "Yangiobod” mahallamizda bugungi kunda 935 ta oila mavjud. Biz diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchi hamda profilaktika noziri bilan birgalikda har kuni ularning xonadonlarida boʻlib, suhbatlar oʻtkazib bormoqdamiz. Ayniqsa, yosh oilalarning axil va inoq boʻlib yashashini taʼminlash maqsadida oilalarda nizolar vujudga kelishining oldini olishga, noqobil va notinch oilalar, ajrimlar sonini kamaytirishga xarakat qilmoqdamiz. Shu sababli ish kunlarimiz oilalarning turmushidagi muammolarini oʻrganishdan boshlanadi. Eng quvonarlisi shundaki, biz kirib borgan xonadonlar aʼzolari bilan til topishib, tobora ularning yaqin sirdoshi va doʻstiga aylanib bormoqdamiz.
Koʻpincha oilalar oʻrtasidagi nizolarni bartaraf qilishga borganimizda bu nizolar arzimas sabablarga koʻra yoki oʻzaro bir-birovni tushunmaslik tufayli kelib chiqayotganiga guvoh boʻlamiz. Yaqinda shunday hodisaga duch keldik. Ikkita yosh oila ajralish arafasida turardi. Tahlil qilib koʻrganimizda, ajralishga joʻyali sababning oʻzi yoʻq. Biz bu oilalar bilan Yarashtirish komissiyasi orqali ishladik. Bu komissiyaning tarkibida tajribali onaxonlar, faol ayollarimiz borligi juda qoʻl keldi. Yoshlarga oʻz turmush tajribalaridan kelib chiqib, maslahatlar berishdi. Ularning yaqinlari va ota-onalari bilan oʻtkazgan suhbatlarimizdan keyin bu oilalar oʻzaro yarashdilar. Biz ajralish arafasida turgan oilalarni saqlab, begunoh farzandlarni tirik yetim boʻlishdan asraganimiz uchun juda xursand boʻldik.
Mahallamizda FHDYo boʻlimi, tuman xotin-qizlar qoʻmitasi, tibbiyot birlashmasi xodimlari bilan yoshlar oʻrtasidagi erta nikohning oldini olish, yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohning zararlari, ichkilikbozlik va giyohvandlik jamiyatimizdagi eng yomon illat ekanligi haqidagi suhbatlar chogʻidagi mazmunli maʼruzalar oʻzining samarasini bermoqda.
Biz mahallamizda bundan ham koʻproq ishlarni amalga oshirish, hududimizda doimo tinchlik va osoyishtalik boʻlishi uchun bor kuch va gʻayratimizni ayamaymiz.
Zebogul RAJABOVA,
"Yangiobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi.
(Foto - http://huquqburch.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶