BUYuK MAʼNAVIY MEROS
Navroʻz. Oʻz nomi, u bilan bogʻliq azaliy anʼanalari qalblarga yaqin, barchaga manzur bayram.
Navroʻz tarixi
"Navroʻz” forsiy soʻz boʻlib, Yangi kun degan maʼnoni anglatadi. Yaʼni, olam uzra turfa ranglar ila tovlanib, yashillanib kirib kelguvchi Bahordan, zaminda, tabiatda oʻzgarishning boshlanishidan darak boʻlgan bu Yangi kun.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Navroʻzning shakllanish davri juda qadim zamonlardan, zardushtiylikning paydo boʻlish davrigacha davom etgan asrlarni oʻz ichiga oladi.
Buyuk alloma bobomiz Abu Rayhon Beruniy "Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida Quyosh yili hisobida yilning birinchi oyi deb sanalgan Farvardin oyi toʻgʻrisida soʻzlab: "Bu oyning birinchi kuni Navroʻzdir”, deydi. Beruniy bobomizning fikricha: Navroʻz bahor yomgʻirining birinchi tomchisi tushishidan, gullar ochilib, daraxtlar mevalari yetilguncha, oʻsimlik unib chiqa boshlashidan, takomillashguncha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun ham Navroʻz olamning yashillanib, oʻzgarishiga, mehnat faslining boshlanishiga dalil qilingan.
Afsona va rivoyatlar
Navroʻz bayrami bilan bogʻliq afsona va rivoyatlar koʻp. Yaʼni, Odam Ato bilan Momo havo uchrashgan kun Navroʻz deb atalganligi haqidagi va Firdavsiyning "Shohnoma” asarida qayd etilgan shoh Jamshid nomi bilan bogʻliq rivoyatlarda ham Navroʻzning kirib kelishi qanday hodisa bilan bogʻlanishidan qatʼiy nazar, olamda yangilanish, mehnat taqvimida yangi kunning boshlanishi, insonlarning erkinligi, baxt-saodati, oʻzaro mehr-oqibat, muruvvat va saxovat kabi fazilatlarning ulugʻlanishi bilan eʼzozlangan. Xususan, hazrat Alisher Navoiyning "Tarixi mulki Ajam” ("Ajam shohlarining tarixi”) asarida ham shoh Jamshidning buyuk kashfiyotlari soʻngida ulugʻ bir kun – Navroʻz ixtiro qilingani xususida soʻz yuritiladi, shoh Jamshidning xalqqa cheksiz mehr-oqibat, saxiyliklar koʻrsatib, adolat qilgani va ushbu kunning Navroʻz deb atalgani qayd etiladi.
Ajdodlar zakosining mahsuli
Navroʻzning aynan 21-martga toʻgʻri kelishi chuqur ilmiy asosga ega: xuddi shu kunda koinot va tabiat qonuniyatlariga koʻra quyosh hamal burjiga kirib, tun bilan kun tenglashadi, kun uzayishi boshlanadi va dehqonchilik fasli avj pallaga kiradi. Nafaqat tabiatda, balki goʻyo jamiyatda ham uygʻonish boshlanadi: dehqon dalasiga, bogʻbon bogʻiga, choʻpon-choʻliqlar chorvasi-yu, qoʻy-qoʻzisiga parvona boʻlishadi. Tabiat bilan insonning oʻzaro uygʻunligi ham aynan bahorda oʻz ifodasini topgan: Allohning irodasini qarangki, yerga tashlangan bitta urugʻdan mingta baraka unadi, qoʻylar qoʻzilab, sovliqlar suti koʻpayadi, borliq yashillanib, olam va odam yasharib ketadi. El orzu-murodi, yurt osoyishtaligi, xalqlar doʻstligi, mehr va muruvvat, qalblar toʻla muhabbat madhini baland tutgan, yomonliklar yoʻlini kesib, ezguliklarga yoʻl ochgan Navroʻz bu!
Taʼqib va taʼqiqlar
Mustabid tuzum davrida Navroʻz bayramini diniy bayram, eskilik sarqiti, deya qoralovchilar topildi. Uni xalqimiz yuragidan butunlay sidirib tashlab, ongidan oʻchirmoqqa koʻp urinishlar boʻldi. Lekin xalqimizning asl farzandlari, olim-u fuzalolari Navroʻzning hech qanday diniy yoki ilohiy tomoni yoʻqligini, bu bayram qadim ajdodlarimizning buyuk zakosi ila tabiat va koinot qonuniyatlari asosida Quyoshning hamal burjiga kirishi, kun bilan tunning tenglashishi bilan bogʻliq tabiiy jarayon ekanligini isbotlab berdilar. Navroʻz nafaqat bahorgi tengkunlik – Yangi kun – goʻzallik va yashnatish bayrami, balki oʻlmas anʼanalar, qadriyatlarni oʻzida mujassam etgan buyuk maʼnaviy meros sifatida yana qayta tiklandi. Xuddi afsonaviy Qaqnus qushi singari yana boʻy tikladi Navroʻz!
Istiqlol tufayli yuksalgan ayyom
Mamlakatimizda Navroʻz bayrami ommaviy tarzda keng nishonlanadi. Momolarimiz Navroʻzga atab oʻlanlar aytishadi, baxshilar dostonlar kuylashadi. Doshqozonlar oʻrnatilgan oʻchoqlarda gurillab yonayotgan gulxanlar alangasidan yuzlari olovlangan qiz-u kelinchaklar momolardan bobomeros udumlar sirini oʻrganadilar. Navroʻz bahonasida gina-kuduratlar unutiladi, koʻngillar tozarib, barcha bir-birlariga shodlik ulashadilar.
Navroʻz taomlaridan dasturxonlar yanada fayzli, xonadonlar obod boʻladi. Umumxalq hashari qiziydi har bir goʻshada. Navroʻz – butun mazmun-mohiyati bilan ezgulik, tinchlik, totuvlik, goʻzallik, yangilanish va yashnatish onlarini baxsh etadi yurtimizga!
Robiya YOʻLDOShEVA.
(Foto - jayxun-sadosi.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶