YOʻLDA (Kichik hikoya)
Kuz faslining ilk kunlari, meva-chevalar serob, moʻl-koʻlchilik. Koʻnglingiz tusagan narsalar bozordan topiladigan vaqt. Olma, shaftoli, anjir hidlari koʻnglingizga huzur bagʻishlab, kayfiyatingizni koʻtarib yuboradi.
Zebo bugun bozorga borish uchun katta yoʻlga chiqdi. Yoʻlovchi mashinalar va taksilar ham aksiga olib, hadeganda toʻxtay demasdi. U bekatda ancha vaqt mashina kutib turib qoldi. Xayriyat, bir yoʻlovchi mashina uning yaqiniga kelib toʻxtadi. Zebo shosha-pisha haydovchiga salom berib, mashinaga oʻtirdi. Mashina ichida hech kim yoʻq edi. Haydovchi dabdurustdan:
– Yaxshimisiz, Zeboxon, agar vaqtingiz boʻlsa, shaharni bir sayr qildirib kelsam, – dedi-yu javob ham kutmay gazni bosdi. Mashina yeldek uchdi.
Hech narsaga tushunmagan Zebo:
– Toʻxtating, mashinani! – dedi ovozi titrab. – Shu yerda qolaman, bu nimasi, meni kim deb oʻylayapsiz? Jahl aralash gapirdi u.
Mashina qattiq tormoz berib toʻxtadi. Zebo eshikni zarda bilan ochdi-yu, mashinadan tushar-tushmas:
– Insofsiz, bir emas, uchta farzandim bor. Imonsiz banda, – dedi-yu manzilga yetmay, yarim yoʻlda mashinadan tushib qoldi.
– Astagʻfirulloh, qanaqa odam bu? – Zeboning yurak urishi oʻziga aniq eshitilib turar edi.
Manzilga yetmaganligi uchun u yayov keta boshladi.
– Ablah, turqiga ham qarashga ulgurmagan ekanman. Tanib olib sharmandasini chiqarishim kerak edi. Oilasi, bolalari bordir? – Zebo oʻzi bilan-oʻzi gaplashib borardi. – Yoki men koʻcha ayollariga oʻxshaymanmi? Yoki meni tanishiga oʻxshatganmikan? Ismimni ham aytdi-ya. – Oʻz xayoli bilan boʻlib manzilga yetganini ham sezmay qoldi u. Negadir buvisining gaplarini esladi:
– Harom aralashgan yerda fayz-baraka boʻlmaydi. Oʻgʻil-qizingdan rohat koʻrmaysan. Farzandlaring seni hurmat qilmaydi. Toʻ-yu maʼrakalarda odamlar barmogʻini bigiz qilib koʻrsatadilar. Erkaklar ustingdan kuladilar. Oilangdan baraka qochadi. Hayotingga harom aralashsa, naslingning buzilgani, keyingi avlodlar vijdonsiz, oqibatsiz, diyonatsiz boʻlib dunyoga keladilar. Ikki quloqlaringiz bilan eshitib olinglar, hech qachon sizlarga mansab, dur-u javohirlar inʼom etsa hamki, erkaklar nayrangiga uchmanglar, ehtiyot boʻlinglar, qizlarim...
Zeboning koʻz oʻngida mehribon buvijonisi gavdalandi. Rahmatli buvisini xotirlab, yuziga fotiha tortdi, negadir koʻngliga xotirjamlik indi, oyogʻi yengillashib, bozorga, olomon orasiga dadil kirib bordi. Xaridi ham unumli boʻldi.
Zuhra AHMEDOVA.
OʻGIT...
Shaharda yashovchi oʻgʻlinikidan qishlogʻiga qaytayotgan Gulbahor aya yoʻlovchi mashinaga chiqdi.
– Shofyor aka, mashinani tezroq haydang, – dedi oʻttiz besh yoshlar chamasidagi yoʻlovchi yigit.
– Haydovchini qistama, yarim soat kech borganingning ziyoni yoʻq, – dedi Gulbahor aya.
– Eh momo, ota-onamni koʻrmaganimga, yurtimga bormaganimga toʻrt yil boʻldi.
– Bolam, uzoqdamiding?
– Men asli Gurlandanman. Oila qurganimdan keyin Xoʻjayli shahriga koʻchib ketdim. U yoqda dehqonchilik qilaman, sholi ekaman. Oila tashvishlari bilan boʻlib, tugʻilgan yerimga toʻrt yildan beri bora olmadim.
– Shuncha yildan beri bir qadam yerda yashab, ota-onangni, tugʻishganlaringni koʻrmadingmi? – hayron boʻldi aya.
– Yoʻq, faqat men kelolmadim. Ota-onam bir-ikki marta borishdi uyimga. Telefonda gaplashib turamiz.
– Qarindosh-urugʻ, doʻstlaringni koʻrging kelmaydimi? – gapga aralashdi haydovchi.
– Xoʻjaylida doʻstlarim koʻp. Koʻchib ketganimizdan keyin bir marta kelgandim. Ikki yuz ming soʻm pulim ketdi.
– Pulni juda yaxshi koʻrarkansan. Pul topiladi, yoshlikdagi doʻstlar topilmaydi, – dedi haydovchi norozi ohangda.
– Bolam, uncha uzoqqa koʻchmabsan, oilang uchun jon kuydirayotgan ekansan, bu juda toʻgʻri. Lekin ota-ona – omonat. Vaqti kelganda ularni koʻzingga surma qilib surtishga ham topaolmaysan. Mening onam 83 yosh umr koʻrib, dunyodan oʻtdi. Men uni hamon sogʻinaman, koʻrgim keladi. Sen esa bir qadam joyda turib, ota-onangni koʻrgani qishlogʻingga toʻrt yildan beri bormabsan-a. "Tiriklikda aylamasang yod, oʻlgandan soʻng qilmagil faryod”, deyishgan. Ota-onangni tirikligida siylab mehr koʻrsat, keyin kech boʻladi...
Yoʻlovchi yigitning koʻzlarida mehr, sogʻinch yoshlari aylandi.
Gulnora Yusupova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶