“Sheʼrimni gazetada yoritib bering...”
(Havaskorlarning ijodiga bir nazar)
Tahririyat eshigini ochib...
Azizlar, sarlavhani oʻqib, aslo bundan hayron boʻlmang. Boisi, kundalik ish faoliyatimda men (har kuni!) oʻnlab "zamonamiz shoiru shoiralar”i bilan hamsuhbat boʻlaman! Bu – kinoya yoki kesatiq emas, aslo!
Haqiqatan ham tahririyat eshigini ochib kelguvchi ham-yurtlarimizning har oʻn nafaridan toʻqqiz nafari sheʼr koʻtarib kelishadi. Toʻgʻrisini aytsam, ular bilan baʼzan qimmatli vaqtimni sarflab, adabiyotdan, ona tilidan, adabiy janrlar, soʻz turkumlari, imlo, tilning morfologik xususiyatlari, til va uslub haqida dars oʻtishimga toʻgʻri keladi. Bu yoshlar – tumanimizdagi akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablarining oʻquvchilari – sheʼriyatga havasmand "shoir-u shoira”lar.
"Sheʼrlar”ni erinmay koʻzdan oʻtkazaman, shunchaki varaqlamay, havaskorning koʻzi oldida ayrim bandlarini badiiy tahlil qilaman va xatolarini tushuntiraman. Soʻng albatta:
– Ona tili va adabiyot fani oʻqituvchingga ayt, sening qiziqishlaring boʻyicha tushunchalar bersin, – deya maslahat beraman-u koʻnglimdan bir tashvishli oʻy kechadi: keyingi paytlarda tumanimiz oʻquv muassasalarida oʻzbek tili va adabiyot fanidan dars beruvchi bilimdon oʻqituvchilar kamayib ketganday nazarimda. Agar tahririyat eshigini ochib, "Mana bu sheʼrimni gazetada yoritib bering”, – deb kelguvchi havaskorlarning yozganlarini uning adabiyot oʻqituvchisi: "tahririyatga olib bor”, – deb tayinlab qoʻyganini va aynan ustozining tavsiyasi bilan "sheʼri”ga ishonib turganini hisobga olsak, haqiqatan ham til va adabiyot fani oʻqituvchilaridan oʻpkalashga haqlimiz.
Shunday deyman-u tahririyat eshigini ochib, "sheʼr yozdim”, – deb kelguvchilar orasida baʼzan til va adabiyot oʻqituvchilarining oʻzlari ham sheʼrga qoʻyiladigan talablarni tushunmasliklari tufayli sheʼr deb atashga ham arzimaydigan "ijod mahsullari”ni koʻtarib kelishganida:
– Toki tahririyat eshigini ochib kelguvchi havaskorlarning ustozlari bilimi soz boʻlmas ekan, bu havaskorlar orasidagi qarqunoqlar, "bulbulman”, – deb daʼvo qilishda davom etaversa kerak, – deyman baʼzan.
HAVASKORLAR MAShQIDA HAM TAFT BOR
Havaskorlarning dasta-dasta sheʼrlari. Ular orasidan andak maʼqullarini, sal "tuzi”, "taʼmi” borlarini ajratib olib, gazetada yoritish uchun taxlayman. Tan olish kerak, mustaqillik yillarida tumanimiz yoshlari orasida ijodga moyil, oʻz ustida ishlashdan, oʻqib-izlanishdan charchamaydigan maʼnaviyat ixlosmandlari safi ancha oʻsdi. Hatto oʻz ijod namunalarini jamlab, sheʼriy risolalar chop ettirgan havaskor-shoir va shoiralarimizning shijoatlari tahsinga loyiq. Umidaxon Yerdosheva, Aziza Madrahimova, Aziza Oʻrozboyeva, Muqaddas Toirova, Sanobar Tojimurodova, Nilufar Qodirboyeva, Qunduzoy Yusupova, Dinora Karimboyevalarning ilk sheʼriy toʻplamlari oʻz muxlislarini topgan boʻlsa, Mangʻit iqtisodiyot kasb-hunar kolleji oʻquvchisi Shahzod Qurbonboyev, Amudaryo qishloq xoʻjalik kasb-hunar kolleji oʻquvchisi Dildora Rajabova, 38-sonli maktab oʻquvchisi Iroda Yerdoshevalar ijodda oʻz yoʻlini topishga intilayotgan, kelajagiga umid qilsa boʻladigan ijodkorlardan. Ularning mashqlarida ozgina boʻlsa-da harorat bor, taft bor.
Shunday kuchli davlat quramiz,
Sarhadingda sobit turamiz.
Oʻzbekiston, onajon Vatan,
Biz fidoyi farzand boʻlamiz!
Bu satrlar Dildoraxon Rajabovaga tegishli. Dildoraning har bir sheʼridan uning koʻnglini ochiq-oydin oʻqiysiz. Dil toʻla tugʻyonlarini sheʼriy ohanglarga joylab, oddiy til bilan, tushunarli qilib yetkazadi u sheʼriyat muxlislariga. Lekin Dildora Rajabovaning hamma yozganlarini ham sheʼriy talablar darajasida deb aytolmaymiz. Baʼzan hissiyotlarga berilib, tasvirlayotgan mavzusidan uzoqlashib ketish, qofiyabozlikka berilish, soʻzlarni oʻz oʻrnida qoʻllamaslik kabi qusurlarning borligi bu qizimiz hali koʻp oʻqishi, izlanishi kerakligini anglatadi.
Mangʻit iqtisodiyot kasb-hunar kolleji oʻquvchisi Shahzodbek Anvar oʻgʻlining mashqlari xususida ham iliq fikrlar aytgim keladi. Shahzod Anvar oʻgʻli (Qurbonboyev) oʻz ustida tinimsiz izlanishi, har bir soʻzning sinonimik qatorlarini puxta oʻzlashtirishga intilishi tufayli biri-biridan mukammal sheʼrlar ijod etib, "Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi va gazetaning ilova nashri "Mening oilam” sahifalari orqali sheʼriyat muxlislariga tanildi. Tahririyat huzuridagi "Jayxun ilhomlari” NNT tomonidan chop etilgan "Jayxun jilgʻalari” toʻplamidan uning ham sheʼrlari joy oldi. Shahzod shunchaki yozmaydi, balki umumning yuragidagi dard-u tashvishlarini, orzu-umidlarini yurakdan his etib, umumning dardiga malham, orzulariga qanot boʻlmoqqa, tashvishlariga yelka tutmoqqa shaylanib qalam tutadi u. Har bir fikrini falsafiy ifodalashga intiladi. Shahzodning "Dil isyoni” deb nomlangan sheʼrini shunchaki oʻqiy olmaysiz. Sheʼrni oʻqish asnosida Sizning ham dilingizda isyon tugʻiladi. Bu – yomonlikka, maddohlikka, xiyonatkorlikka, yolgʻonchilikka qarshi isyon!
Xoinlar bor azaldan,
Xiyonatdir quroli.
Nomardlik ham oʻlmagan,
Ahrimanning qaroli.
Manqurt misol kimsalar,
Tugʻilsa, kim gunohkor.
Kimdir emas, butun xalq,
Boʻlgay dorga giriftor.
Bunday sheʼr oʻqilmaydi, koʻngilga yoziladi. Bunday sheʼr ham, shoirlik ham sheʼrxonga kerak. Men Shahzodning har bir sheʼridan hech kimga oʻxshamagan qiyofalar, maʼnolar, mazmunlar topaman va quvonchimni baralla aytaman:
– Tumanimizda olovqalb, fikri teran ijodkor voyaga yetayotir!
Amudaryo akademik litseyi oʻquvchilari Nilufar Otajonovaning "Yangi yilni birga kuting”, "Baxtimiz Qomusi”, Sabohat Yerdoshevaning "Volidam yigʻlamasin”, "Farishtamiz buvijonim”, Nargiza Ziyodboyevaning "Oq, qora”, "Qoraqalpogʻim” sheʼrlarida ham kishini fikrlashga, oʻylashga undaydigan iliq nafas bor. Lekin bu qizlarimiz hali koʻproq oʻqishlari, soʻz maʼnolari ustida jiddiy ishlashlari, ayniqsa adabiyot nazariyasidan puxta saboq olishlari kerak.
ShEʼR HAQIDA ShEʼR
Umrida biron-bir satr sheʼr mashq qilmagan odam boʻlmasa kerak. Kimdir koʻngil tugʻyonlarini jilovlay olmaganda, kimdir gʻamga botganda, yana kimdir sevib qolganda oʻzicha qogʻoz-u qalam bilan hasratlashadi. Lekin haqiqiy shoir umum dardi, umumning quvonchi bilan yashaydi. Bunday fidoyi qalbda sheʼrning oʻzi tugʻiladi, quyma misralar marjonday tizilgan soʻz durlari ila ziynatlanadi.
Ustolimda taxlanib yotgan "sheʼr”lar orasidan ana shunday – soʻz durlari ila ziynatlangan satrlarni izlayman. Bir-ikkita "yilt” etgan fikrga ishonib, sheʼrni oʻqishda davom etaman. Afsus, afsus, oʻsha "yilt” etgan fikr ham baʼzan havaskor qalamkashniki emas, boshqa bir shoirniki boʻlib chiqadi. Mana ulardan ayrimlari:
"Oʻlsam ayrilmasman quchoqlaringdan” (Gʻ.Gʻulom sheʼridan),
"Vodiylarni yayov kezaman” (aslida "kezganda” (H.Olimjon sheʼridan),
"Dunyoni (asli "Rimni”) alishmasman bedapoyangga” (M.Yusuf sheʼridan),
"Sevmoqni onajon, sendan oʻrgandim” (R.Yoʻldosheva sheʼridan).
Bu taxlit fikr, toʻgʻrirogʻi, sheʼriy satrlar oʻgʻriligini "plagiatlik” deyishadi. Lekin oʻz "sheʼri”ga yuqoridagi satrlarni hech qanday izohsiz qoʻshib olgan havaskor shoirlarimiz buni "ijod” deb tushunsalar, unda bu maydon sari qadam qoʻymaganlari yaxshi. Men yuqoridagi kabi oʻgʻirlangan satrlarni istagancha keltirishim, mumkin. Biroq oʻgʻirlik qilib: "bu mening sheʼrim, gazetada chiqarib bering”, – deb shoirlik daʼvo qilayotgan havaskorlarning ism-shariflarini oshkor etish fikridan yiroqman. Aytmoqchi boʻlganim – birovning fikriga ega chiqish, oʻgʻirlab, oʻziniki qilib olish bilan odam ilm-u zakovat sohibiga aylanib qolmaydi-ku! Aql-u shuuringda sheʼriy tugʻyonlar yoʻqmi, yozma, baraka topgur, ammo hech qachon fikr oʻgʻirlama, sheʼr oʻgʻirlama!
Havaskorlarning mashqlari orasida yana shundaylari ham borki, ularni oʻqib, tahlil etishga ketgan vaqtimga achindim, toʻgʻrisi. Bu mashqlarda na sheʼriy talablarga rioya qilingan, na mantiq bor. Ayrimlari esa ochiq-oydin mashhur shoirlarga oshkora taqlid ruhida yozilgan. Bu fikrlar nafaqat havaskorlarning sheʼrlariga, balki hikoyalariga ham taalluqli. Axir ikki satrning "boshini qovushtirish” bilan sheʼr, oddiy bir voqea tafsilotini bayon qilish bilan hikoya boʻlib qolmaydi-ku!
Xullas, dasta-dasta sheʼr-u hikoyalar "mutolaasi”dan soʻng havaskor shoir-u yozuvchilarning biroz emas, judayam (!) tanbal, erinchoq, ishyoqmas ekanliklarini anglaganday boʻldim. Dilimda esa sheʼr haqida bir sheʼr tugʻildi.
Tahririyat eshigin ochib,
Har kun kelar turfa xil odam.
Oq qogʻozga dardini sochib,
Izlashadi maʼnaviy yordam.
Har biridan soʻrab hol-ahvol,
Mushkuliga tutamiz yelka.
Yechilmaydi faqat bir savol –
"Sheʼr poygasi” zoʻrayib ketsa...
Soʻz shoʻrlikni askarday tizib,
"Sheʼr bitdim”, - deb tursa shoircha.
Koʻngil sheʼrdan ketarkan bezib,
Shoirchani tushunguningcha.
Ustolimda dasta-dasta sheʼr,
Yigʻilishib xirmon boʻladi.
Gar taxlasam uni birma-bir,
Balki oyga narvon boʻladi.
Varaqlasam, bitta-bittalab,
Soʻzlar uvol... uvol shunchalar.
Fikr sayoz, yoʻq sheʼriy talab,
Sheʼr boʻlarmi xarob bunchalar?
Erkin Vohid kelsa tirilib,
"Soʻzga tegma, hay-hay!” – der edi.
Yo Matmusa chunon berilib,
Yaxshiroq "sheʼr” oʻqiyar edi...
Azizlar, biz ijod ahli sheʼrni sheʼrday tushunib, yurakdan his qilib yozganlarni juda qadrlaymiz. Yaxshi ijod mahsulini koʻrsak, bir-birimizga suyunchilab, ardoqlab, albatta, oʻzimizdan qoʻshib-chatib gazeta sahifasiga joylab, xalqqa yetkazishga oshiqamiz. Havaskor qalamkashlarning orzulariga qanot boʻlmoq, ularning mashqlarini avaylabgina muxlislarga yetkazmoq bizga nasib etsin-u tumanimizdan haqiqiy soʻz fidoyilari yetishib chiqsin!
Robiya YOʻLDOShEVA, jurnalist.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶