EL-YuRT HURMATIGA SAZOVOR INSON
... Xuddi kechagiday esimda. Men tahririyatda ish boshlagan dastlabki yil – 1985-yilning koʻklami edi. Matbuot kunini butun jamoamiz bilan yaxshi kutib olishga, rayijroqoʻmda bizning kasb bayramimiz sharafiga oʻtkaziladigan tantanali marosimga tayyorgarlik koʻrilayotgan hayajonli kunlar edi. Aynan shu kunlarda sobiq ittifoq miqyosidagi tuman gazetalari orasida mehnatkashlar va ishchi-dehqon muxbirlar xatlari bilan ishlash borasida "Amudaryo haqiqati” gazetasining gʻolib boʻlganligi haqidagi xabar butun jamoamiz quvonchiga quvonch qoʻshdi.
– Yosh mutaxassis sifatida seni ham maʼruzaga yozdik. Yaxshi tayyorgarlik koʻr, uyaltirib qoʻyma bizni, – dedi muharririmiz Gulnora opa Matyoqubova. Keyin yigʻilishni rayijroqoʻm raisi boshqarishini, u kishining juda talabchan odam ekanligini, shuning uchun maʼruzaga jiddiy tayyorgarlik koʻrishim lozimligini aytdi. Bu mening hayajonimni badtar oshirdi. Garchi rayijroqoʻm raisini turli majlislarda koʻrib yurgan boʻlsam ham, oʻsha 1985-yil 5-may kuni (sobiq ittifoq davrida matbuot kuni 5 mayda nishonlanardi) ilk bor yaqindan koʻrib, opa aytganlariday, nafaqat talabchan, balki odamoxun, xushchaqchaq va kengfeʼl odamligini anglaganman. U kishi rayijroqoʻm raisligidan soʻng sobiq "Qipchoq” sovxozi raisi, agrosanoat uyushmasi raisi oʻrinbosari, tabiatni muhofaza qilish tuman qoʻmitasi raisi, 34-Qipchoq kasb-hunar litseyi (hozirgi Amudaryo Agrobiznes kasb-hunar kolleji) direktori lavozimlarida ishlagan davrlarida ham koʻp suhbatlashib, bu suhbatlardan oʻzimga ulkan hayotiy saboqlar olganman.
Odatda biz chor-atrofimizga nazarimiz tushganida koʻz oʻngimizdagi manzaralar xuddi avval ham mavjud boʻlgandek, dunyo shunday yaralgandek, shu zaylda davom etaveradigandek tuyuladi. Biroq biron sabab besh, oʻn yil, undan koʻproq vaqt oldingi hayotimiz haqida oʻylasak, oʻzgarishlar bisyorligini, turmushimiz tobora obod boʻlib, yengillashib borayotganini koʻramiz, uzogʻimizni yaqin qiladigan transportlarning, ishxonamizda mehnat jaryonida foydalanadigan texnologiyalarning, oilamizdagi qulayliklarning farqi, afzalliklarini shundagina his qilamiz.
Oramizda shunday odamlar borki, ularning mehnati mahsuli umum manfaatiga, yurt ravnaqiga munosib hissa boʻlib qoʻshiladi, buni el-ulus hurmat-ehtirom bilan eʼtirof etadi.
Qipchoq ovulida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi, doimo rahbarlik lavozimlarida ishlasada, eldoshlaridan oʻzini yuqori tutmagan, el tashvishi bilan yashagan Qosim ogʻa Nametov ana shunday odamlar toifasidan.
U 11-sonli maktabni tamomlab, Toshkent Politexnika institutiga oʻqishga kirib, avtotraktor va qishloq xoʻjalik mashinalari injener-mexanigi mutaxassisligiga ega boʻldi. Mehnat faoliyatini sobiq Engels nomli (hozirgi Qipchoq MMTP) xoʻjalikda texnika xavfsizligi boʻyicha injenerlikdan boshladi. Harbiy xizmat burchini oʻtab qaytgach, xoʻjalik raisi oʻrinbosari, tuman qishloq xoʻjalik texnikalari taʼminoti va foydalanish korxonasi boshqaruvchi direktori vazifalarini ado etdi. Aynan shu vazifalarda ishlagan davrlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish jarayonida odamlarning qoʻl mehnati juda zahmatli ekanligini sidqidildan his qilib, imkon qadar yengillashtirishga intildi. Shu niyatda paxta va boshqa-da qishloq xoʻjalik ekinlarini sugʻorishdan soʻng begona oʻtlar bosib ketishiga, bunga qarshi koʻp qoʻl kuchi sarflanishiga chek qoʻyish maqsadida kultivator ishchi organiga qoʻshimcha agregat yasadi. Agregat paxta egatidagi koʻchatga yaqin borib tagini yumshatar, bu bilan yovvoyi oʻtlardan tozalar va egat ustidagi unumdor tuproq pastga tushib, koʻchatning yaxshi rivojlanishini taʼminlar edi. "Rotatsion kultivator ish organi”ni 1982-yilda sobiq ittifoq ixtiro va kashfiyotlar qoʻmitasi qoʻllab-quvvatladi va "Ixtiro muallifi” guvohnomasini berdi. Keyinchalik paxta terish mashinalari paxtani nam, qirov tushgan vaqtlarda ham tera oladigan qilib mukammallashtirish ustida ish olib bordi va ikkinchi bor ixtiro muallifi boʻldi.
Qosim ogʻa Nametov rayij-roqoʻm raisi, sobiq Qipchoq sovxozi direktori vazifalarida ishlagan davrlarida, paxta yakkahokimligi eng avj olgan yillarda bu notoʻgʻri siyosat xalqimizning nechogʻlik tinkasini quritib, qiynab kelayotganini chuqur his qilib, ularga madad boʻlishga intilib yashadi. Xoʻjalik hisobidan uy-joylarga muhtojligi bor 200 tadan ziyod oilalar uchun uy-joy qurilishiga erishdi. Yoʻllarni asfaltlash, maishiy xizmat koʻrsatish obʼektlari qurilishini amalga oshirish uchun yelib-yugurdi. Qishloq xoʻjalik ekinlarini zararli dorilarsiz biologik himoya qilishga eʼtiborni kuchaytirdi. U rahbarlik qilgan ulkan xoʻjalik ekinzorlari zararkunandalarga qarshi biomahsulotlar bilan kurash boshlangan tumanning ilk hududlaridan edi.
Qosim Nametov oʻziga qanday vazifa topshirilmasin, vijdonan, shaʼniga dogʻ tushirmay ishlashga intildi, uddasidan chiqdi. Jamoadoshlari koʻngliga yoʻl topib, ularning quvonchlariga ham, tashvishlariga ham sherik boʻlib ishladi.
Elni siylaganni – el siylaydi, deganlariday tabiatan kamtar, yuzlaridan nur yogʻilib turadigan, quvnoq, har qanday vaziyatlarda ham oddiy mehnatkashlarning soʻzlarini tinglab, ular bilan hamnafas boʻlib yashagan Qosim ogʻa Nametov ham elda aziz, eʼzozli insonlarning biri. U turmush oʻrtogʻi, 40-yil 11-sonli maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlab nafaqaga chiqqan Xoljon Qurbonboyeva bilan birga besh oʻgʻil, bir qizni odob-ikromli qilib voyaga yetkazishdi, oʻqitib, kasb-korli qilishdi. Hozir 19 nafar nevaraning bobosi.
Insonning barkamolligi va jamiyatdagi tutgan oʻrni oila tarbiyasi, u kamol topgan ijtimoiy muhitdan quvvat oladi. Tarbiya qanchalik mukammal boʻlsa, farzandlar shunchalik jismonan sogʻlom, ruhan tetik, maʼnaviy yetuk boʻlib voyaga yetadi.
Shuning uchun bugun Qosim ogʻa va ayoli Xoljon opa farzandlar kamolidan quvonib, shukrona bilan yashashmoqda, nevaralarining ham munosib oʻrinbosarlar boʻlib yetishishlariga intilmoqda.
– Oila ham kichik Vatan, – deydi ogʻa kulib. – Undagi sogʻlom muhit, ijtimoiy adolat, bir-birovga mehr-oqibat shu Vatan fuqarolari xarakterida aks etib turadi. Demak, sogʻlom farzand kamolga yetkazishni istagan ota-ona avvalo oilasida sogʻlom muhitni shakllantirishi kerak.
Umr boʻyi el tashvishi bilan yashab, oʻzi ham ularday turmush kechirgan kamtarin va gʻamxoʻr inson Qosim ogʻaning suhbatidan odam hech zerikmaydi. Har bir soʻzidan hikmat topadi. Elda aziz boʻlganining boisi ham shundandir, ehtimol?
Oygul RAJABOVA,
Suratda: Q.Nametov
nevaralari bilan.
M.Shomurodov olgan surat.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶