BIR KELIB KETING, AMUDARYoGA!
Amudaryo tumani Oʻzbekiston Respublikasining yer maydoni va iqtisodiy salohiyati jihatidan yirik tumanlaridan biri hisoblanadi. Tuman oʻzining geografik joylashuvi, ijtimoiy-siyosiy oʻrni hamda vujudga kelgan turmush tarzi tarixiga koʻra boshqa tumanlardan keskin farq qiladi.
Agar Amudaryo tumanining oʻtmish tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, uning ildizi eng moʻʼtabar, muqaddas qadimgi qoʻlyozmamiz "Avesto”ga borib taqaladi. Bu nodir kitob bundan 30 asr muqaddam ikki daryo oraligʻida, mana shu zaminda umrguzaronlik qilgan ajdodlarimizning biz avlodlarga qoldirgan maʼnaviy, tarixiy merosidir. Demak, Amudaryoning oʻng va chap sohillarida yastanib yotgan Amudaryo tumani xalqi haqli ravishda bu qimmatli maʼnaviy merosning vorislaridir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining rivojlanish bosqichlari ham aynan oʻsha tarixiy ildizlarga borib taqaladi. Ustyurt pasttekisligidan to Sulton Uvays togʻlarigacha choʻzilgan bu koʻhna zamin bagʻrida qanchadan-qancha ajdodlarimiz turmush tarzi bilan bogʻliq sir-sinoatlar yashirin, bir vaqtlar hayot gurkirab rivojlangan qalʼalar hamon sir-sinoatga toʻla. Ana shu qalʼalarning 14 tasi Amudaryo tumani hududiga toʻgʻri keladi. Birgina "Chilpiq” qalʼa qoʻrgʻonidan topilgan turli ashyolar juda ulkan – 3 ming yillik xotiralardan soʻzlaydi. Shuning uchun ham amudaryoliklar tuman hududida joylashgan Chilpiq, Beshtepa, Jumurtogʻ, Qoratogʻ, Uvlon, Gaur, Qipchoq, Mangʻit qalʼalariga vorislik nazari bilan qarashadi va bu tarixiy obidalarni ilmiy tadqiq etishni, bus-butun avlodlarga yetkazishni oʻzlarining burchlari deb bilishadi.
Amudaryo tumanida turkiy xalqlarning 92 urugʻi avlod vakillari istiqomat qilishadi. Xususan, Qoʻngʻirot, Qipchoq, Xitoy, Nayman, Uygʻur, Toma, Turkman, Qozoq, Qoraqalpoq, Nazarxon, Os, Sangar, Ocha, Uyshin, Qangli kabi yuzdan ziyod ovul, elat, mahalla va qavmlar oʻtmishi ham ilmiy tadqiq etilishini kutib turibdi.
Mustabid tuzumi davrida Amudaryo tumani Oʻzbekistondagi boshqa tumanlar kabi oʻz tarixiy ildizidan ajratilgan, faqat xomashyo yetishtiruvchi hududga aylantirildi. 1957-yil 18-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi rayosati qaroriga muvofiq Xorazm viloyatining Mangʻit, Qoraqalpogʻiston avtonom sovet sotsialistik Respublikasining Qipchoq tumanlari birlashtirilishi natijasida vujudga kelgan bu yirik agrar tuman to Oʻzbekiston mustaqillikka erishgunga qadar sobiq SSSRning xom ashyo bazasi vazifasini oʻtab keldi. Buni XX asrning 60-yillaridan to 1990-yillargacha boʻlgan turgʻunlik davriga muhrlanib qolgan xalq turmush tarzining naqadar ayanchli kechganini oʻsha davrlarning jonli guvohi boʻlgan bugungi keksa avlod vakillari xotiralaridan bilib olish mumkin.
Sobiq SSSR davrida tumanda bitta shahar tipidagi posyolka va 10 ta ovul Kengashi bor edi. Har ovulda nari borsa 2 ta maktab, bittadan klublar aholiga xizmat koʻrsatardi. Aholining asosiy qismi agrar sohada mehnat qilishar, butun boshli yirik tumanda bitta markaziy shifoxona va uchta qishloq vrachlik ambulatoriyasi mavjud edi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, Amudaryo tumani iqtisodiy-madaniy, ijtimoiy-maʼnaviy va maʼrifiy va maʼrifiy jihatdan keskin rivojlanish pallasiga kirdi. Chunonchi, mustaqillik yillarida faqat aholiga tomorqa yerlari ajratish 2,5 baravarga koʻpaydi.
Mingdan ortiq dehqon xoʻjaliklari tashkil etilishi tufayli aholi tomorqasida yetishtirilgan poliz va sabzavot mahsulotlari yil sayin oshib bordi va qoʻshni tumanlar, hatto chet davlatlarga eksport qilish darajasiga yetdi.
1990-yillarda tuman aholisi kartoshka, bugʻdoy, un mahsulotlari, konditer va goʻsht-sut mahsulotlari isteʼmoli boʻyicha sobiq ittifoq miqyosidagi koʻrsatkichdan ham eng past pogʻonada turgan boʻlsa, bugungi kunda aynan yuqoridagi mahsulotlarni nafaqat yetishtiruvchi, balki ehtiyojmand tumanlarga, qoʻshni respublikalarga eksport qiluvchi tuman darajasiga yetdi.
Tumanda birgina 2016-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish surʼati 118, 2 foiz, xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish 115,6 foiz, qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish boʻyicha oʻsish surʼati 109,1 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunda belgilangan bu rejalar ortigʻi bilan uddalandi.
Tumandagi "Amudaryo tex” qoʻshma korxonasi, "Asia Silk” shoʻʼba korxonasi, "Amudaryo paxta tozalash” AJ mahsulotlari dunyoning bir nechta davlatlariga eksport qilinmoqda.

Yangi ish oʻrinlarini yaratish, sanoatni yuksaltirish, qishloq xoʻjaligini, xizmat koʻrsatish va servis sohalarini rivojlantirish maqsadida kiritilayotgan investitsiya mablagʻlari va kredit mablagʻlari hisobidan har yili yuzlab ish oʻrinlari yaratilishi natijasida aholi bandligi taʼminlanmoqda.
2016-yil uchun tumanda 5 ta korxonaga 2 mln. 622,1 ming AQSh dollari miqdorida eksport prognozi belgilanganining oʻzi Amudaryo tumanida mahsulotlar eksporti yaxshi yoʻlga qoʻyilganidan dalolatdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 3-avgustdagi "Qishloq joylarda uy-joy qurilishi koʻlamini yanada kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq tumanda qisqa davr ichida namunaviy loyihalar asosida 362 ta uy-joylar barpo qilindi. Faqat 2016-yilning oʻzida tumanning 3 ta mavzesida 90 ta namunaviy uy-joylar bunyod etildi. 2017-yilda yana 122 uy-joylar qurilishi koʻzda tutilgan.
Tumanda 528 ta fermer xoʻjaliklari faoliyat yuritmoqda. Shundan 249 tasi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari hisoblanadi. 507 ta fermer xoʻjaligi esa pillachilik va paxtachilikka ixtisoslashgan boʻlib, Amudaryo tumani har yili davlatga 254 tonnadan ziyod pilla, 7500 tonna gʻalla, 40 ming tonnadan ortiq yuqori sifatli paxta yetkazib beradi.
Tumanda faqat mustaqillik yillarida 25 gektar maydonda intensiv bogʻlar yaratilgan. Yetishtirilgan meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini sifatli saqlash uchun sendvich panelli omborxona bunyod etilgan.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni yil sayin koʻpaytirish va sifatini oshirishda sugʻoriladigan yer maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash muhim ahamiyatga ega. Tumandagi 39584 gektarsugʻoriladigan yer maydon boʻli, mavjud yer maydonlarini sugʻorishda Qilichboy arna, Mangʻit arna, Qipchoq arna, Boʻz suv kanallaridan foydalaniladi. Bundan tashqari, 1578,4 km. uzunlikdagi xoʻjaliklararo va ichki xoʻjalik kollektorlari yerlarni zax suvlardan tozalab, shoʻrini yuvishga xizmat qiladi.
Tuman taraqqiyotida taʼlim tizimining tutgan oʻrni gʻoyat muhim. Bugungi kunda Amudaryo tumanida 123 ta taʼlim muassasalari mavjud. Shundan 82 ta umumtaʼlim maktablari, 37 ta maktabgacha taʼlim muassasalari, 1 ta "Barkamol avlod” markazi, 1 ta Bolalar va oʻsmirlar sport maktabi, 2 ta musiqa va sanʼat maktabi faoliyat koʻrsatadi. Taʼlim 5 ta (oʻzbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, turkman) tilda olib boriladi.
Barcha taʼlim maskanlari zamonaviy pedtexnologiyalar, kompyuter texnikalari bilan jihozlangan.
Bundan tashqari, tumanda 1 ta akademik litsey, 1 ta iqtidorli bolalar Davlat umumtaʼlim maktabi, 8 ta kasb-hunar kolleji mavjud boʻlib, bu taʼlim dargohlarida yoshlarning kasb-hunar egallashlari, oʻz iqtidorlarini namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Amudaryo tuman tibbiyot tizimi ham oʻziga xos taraqqiyot tamoyiliga ega. Bugungi kunda tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi shifoxonalarda mehnat qilayotgan 297 nafar shifokorlarning 152 nafari oliy, 35 nafari birinchi va 48 nafari ikkinchi toifali shifokorlardir. Oʻrta tibbiyot xodimlarining 81 nafari oliy, 63 nafari birinchi. 72 nafari ikkinchi toifaga ega. Aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni taʼminlash maqsadida bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan: koʻp tarmoqli poliklinika, shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi, markaziy kasalxonaning 4 ta binosi va maʼmuriyat binosi zamon talablari darajasida rekonstruktsiya qilinib, eng zavonaviy tibbiy asbob-uskunalar, tashxis va laboratoriya anjomlari bilan jihozlangan. Shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi ikki qavatli zamonaviy meʼmoriy uslubda qurilgan yangi binoda faoliyat olib bormoqda. Natijada aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati keskin oshib, bolalar va ayollar salomatligi boʻyicha yuqori natijalarga erishildi. Aholining oʻrtacha umr koʻrish davri 67-68 yoshdan 75-76 yoshga oʻsdi. Yuqumli kasalliklarga chalinish holatlari kamaydi.
Amudaryo tumanida madaniyat va sport sohasida olib borilayotgan islohotlar yanada salmoqli. Tumanda markaziy madaniyat uyi va qishloq joylarda 12 ta filiallari faoliyat yuritadi. 63 ta sport-sogʻlomlashtirish inshootlarida sportning deyarli barcha turlari boʻyicha mashgʻulotlar olib boriladi. Amudaryo tumani sharafini jahon sport arenalarida muvaffaqiyatli himoya qilgan 4 nafar sportchi jahon chempioni maqomiga ega. 25 nafar sportchi Oʻzbekiston va 250 nafardan ziyod sportchilar esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi chempionlaridir. Hozirgi kunda tumanda 286 ta sport maydonchalari mavjud boʻlib, ularning barchasi yosh avlodni barkamol insonlar qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.
Mavjlanib oqayotgan Amudaryo boʻyidagi jannatmakon bu oʻlka fidoyi mahnatkash insonlar yurti. Bu soʻlim goʻshadan yetuk ilm-fan, madaniyat va sanʼat, adabiyot namoyondalari, davlat va jamoat arboblari yetishib chiqqan. Xususan, Mehnat Qahramonlari Ramat Eshjanov, Otajon Xudoyberganov, Oyim Kamolova, Rahim Yerkayev, el-yurt hurmatini qozongan mehnat fidoyilari Yoʻldosh Oʻrozboyev, Ollabergan Xolimbetov, Yoʻldosh Doʻsanov, Amat Toʻrayev, tumanni yuksak taraqqiyot bosqichiga olib chiqqan Rajabboy Yoʻldoshevlarning nomini nafaqat Oʻzbekistonda, balki qoʻshni Respublikalarda ham yaxshi bilishadi.
Yarim oʻtkazgichlar materialshunosligi boʻyicha oʻzbek fizika markaziga asos solgan, Beruniy nomidagi Oʻzbekiston davlat mukofoti sohibi, fizika-texnika fanlari doktori, akademik Muxtor Saidov va uning ukasi, fizika-texnika fanlari doktori, professor Amin Saidovlarning nomini bugun butun dunyo biladi. Mangʻitlik aka-uka fizik olimlar yaratgan ixtirolar AQSh, Yaponiya, Hindiston, Pokiston davlatlarida keng qoʻllanilmoqda.
Oʻzbek tilshunosligi daholaridan filologiya fanlari nomzodi Ahmad Imayev, adabiyotshunos olim va ijodkor-ziyolilar Ismoil Begimov, Gulmirza Xudoyberganov, Pirmat Shermuhammedov, Norboy Xudoyberganov, Safo Matchonov, Abdulla Doʻsimbetov, Yoʻldosh Saidov, Qurbonboy Sobirov, Eshonboy Qoraqulov, Turxon Ilyosov, Frunzo Bijonov, Haydar Bobojonov, Ismoil Umarov, Antoliy Xudoyberganov, Saʼdulla Avazboyev, Oʻrozak Bekbauliyev, Xudoybergan Jumabekov, Tursunboy Sultonov, Madiyor Pirmonov, Tursunboy Davlatboyevlar olimlik maqomiga erishdilar. Bu roʻyxatni yana davom ettirish mumkin. Chunki Amudaryo tumanidan soʻnggi 25-30-yil ichida yana oʻnlab fan nomzodlari, doktorlari, xalqaro aloqalar boʻyicha yetuk mutaxassislar, xalqaro valyuta jamgʻarmasi yetakchi mutaxassislari, shoir-u yozuvchilar yetishib chiqdilar Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artistlari Japaq Shomurodov, Orzigul Otamurodova, Tilovxon Ahmedova, Qoraqalpogʻistonja xizmat koʻrsatgan artist Nazir qori Rahimov, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Muzaffar Ahmedov, shoir Mansur Ahmedov, Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Gulmirza Nurmatov, Xonimjon Rajabova, Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan jurnalistlar Saʼdulla Xoʻjaniyozov, Gulnora Matyoqubova, Robiya Yoʻldosheva, yozuvchi Bahodir Xudoyberganov, Allambergan Jumaniyozov, Oygul Rajabova, shoir Oʻlmasbek Xoʻjayev, Ahmad Nafasovlar oʻzlarining fidoyi mehnatlari bilan Amudaryo tumani shuhratiga shuhrat qoʻshib kelishmoqda.
Goʻzal va maftunkor bu goʻshaning oʻziga xos tarixi, taraqqiyot mezonlarini Amudaryo tuman matbuoti – "Taraqqiyot koʻzgugusi” gazetasi va "Mening oilam” ilova nashri, www.amunews.uz veb sayti, Amudaryo televideniyesi orqali tarix solnomalariga muhrlab bormoqda. Bugungi kunda Oʻzbekiston matbuoti tizimida oʻziga xos nufuzga ega boʻlgan tuman OAVlari hamisha xalq bilan birga, xalq orzu-umidlari, hayotda erishayotgan mislsiz yutuqlari, yechimini kutayotgan muammolarini yoritishda, bu muammolarni hal etishda hamisha faol.
Xulosa qilib aytganda, bugungi Amudaryo tumani har tomonlama taraqqiy etgan, shahar-u qishloqlari obod, xalqi farovon, oʻzaro totuvlikda yashayotgan va yanada yuksak taraqqiyot pogʻonalari sari yuksalib borayotgan goʻsha. Bu soʻlim goʻshani yaqindan bilmoq, ahil va inoq xalqi hayot tarzi bilan hamnafas boʻlmoq uchun Amudaryo deb atalmish jannatmakon oʻlkaga qadam ranjida qilmoq kerak. Ana shunday azizlar, bir kelib koʻring, Amu elini! Koʻring va bu goʻzal yurtni abadiy sevib qolasiz.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶