OʻQUVChILARIM YuTUQLARIDAN KUCh OLAMAN
Yoshlarga kasb-hunar, ilm, sanʼat sirlarini oʻrgatish oddiy bir qarashda oson ishday tuyuladi. Biroq uning masʼuliyatini murabbiy ustozlargina sidqidildan his qilishadi. Axir oʻzingdan nimanidir oʻrganish umidadagi bolalarning koʻngliga yoʻl topish, oʻrgatganlaringni oʻzlashtirishlariga erishishning oʻzi boʻlmaydi. Shogirdlaringning yutuqlarini koʻrganingda bu mashaqqatlarning bari unutilib ketadi, koʻnglingni faxr egallaydi.
Men 2015-yilda "Choykoʻl” ovulidagi Madaniyat va aholi dam olish markazi binosida 9-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabining filialini ochganimda hududda yashovchi ota-onalar quvonib, farzandlarini olib kelishgan edi.
Qobiliyatsiz bolaning oʻzi yoʻq, aslida. Biz murabbiylarning vazifamiz ana shu yashirin qobiliyatni aniqlab, rivojlantirishga koʻmaklashishdir.
Ovul yoshlaridan saralab, 8 nafarini oʻqishga qabul qilgan edik. Ularning orasida oʻtgan ikki yil davomida oʻz iqtidorini namoyon etib, turli koʻrik-tanlovlarda faxrli oʻrinlarni egallab kelayotganlari ham bor. Masalan, 2-dutor sinfi oʻquvchisi Zilola Qodirova dutor bas sozi boʻyicha uch yilda bir marta oʻtkaziladigan Muhiddin Qoriyoqubov nomidagi koʻrik-tanlovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida faxrli ikkinchi oʻrinni egalladi va ikkinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.
Shuningdek, yana bir oʻquvchimiz, afgʻon rubobi sinfining 2-sinfi oʻquvchisi Elbek Tursunboyev anʼanaviy sozandalik yoʻnalishi boʻyicha qatnashib, ikkinchi oʻringa sazovor boʻldi.
Respublikamizdagi jami 22 ta Bolalar musiqa va sanʼat maktablarining 500 nafardan ziyod oʻquvchilari turli yoʻnalishlarda gʻoliblik uchun kurashgan ushbu nufuzli koʻrik-tanlovda oʻquvchilarimning erishgan bu yutuqlari meni juda quvontirdi, bolalar bilan yanada qunt bilan shugʻullanishga undadi.
Komiljon MUROTOV,
9-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶