ULKAN MARRALAR HALI OLDINDA
Odatda biz ringda bokschilarning jangini tomosha qilganimizda ulardan qay biri abjir, kuchli va mahoratli boʻlsa, uning har bir harakatini zehn bilan kuzatamiz, aniq zarbalarini olqishlab turamiz. Bu – oʻz kuch-imkoniyatini aniq maqsad sari yoʻnaltira olgan sportchiga tan berishimizdir. Bunday damlarda ringda jang olib borayotgan sportchilarning koʻnglidan nimalar kechishi biz uchun qiziq.
– Ringga chiqqan vaqtimda, u qay darajadagi musobaqa boʻlishidan qatʼiy nazar, men avvalo raqibimga har doim oʻzim kabi gʻoliblik uchun intiladigan sportchi sifatida hurmat bilan qarashga intilaman. Chunki hamma sportchi ham ringga umid bilan kirib keladi, mahoratini oshirib, gʻoliblik uchun kurashadi, – deydi boks boʻyicha Oʻzbekiston chempioni, Nukus Olimpiya zahiralari kolleji oʻquvchisi Sherzod Qodirboyev.
U 33-sonli maktabning birinchi sinfiga qadam qoʻygan 2008-yildan beri "Toʻlqin” ovulida faoliyat yuritayotgan Bolalar-oʻsmirlar sport maktabiga qarashli boks toʻgaragida ustozi Azimjon Muxtorov rahbarligida shu sport turi bilan shugʻullandi. Uning tirishqoqligi, mashgʻulotlarga jiddiy yondashuvi maktab direktori Hanifa Yaxshimova, boks guruhi murabbiyi Azimjon Muxtorovlarni befarq qoldirmadi.
Ushbu maskanda ovulning qanchadan-qancha yosh oʻsmirlari sportning mazkur turi bilan shugʻullanishgan boʻlsa, ularning orasidan Qoraqalpogʻiston, Oʻzbekiston chempionlari, nufuzli musobaqalar sovrindorlari, Nizomaddin Qipchoqboyev kabi boks murabbiyi yetishib chiqdi.
Sherzod Qodirboyev ham mazkur muassasaning umidli polvonlaridan biri. U bir necha bor Qoraqalpogʻistonda gʻoliblikni qoʻlga kiritgani tufayli 2016-2017 oʻquv yilida Nukus Olimpiya zahiralari kollejiga imtiyozli qabul qilingan edi. Bu Sherzodga oʻz ustida ishlash, mahoratini oshirish uchun yana ham imkoniyatni kengaytirdi. Malakali murabbiy Sharof Hayitboyev u bilan mashgʻulotlar olib bordi, har bir usulni mahorat bilan egallash, raqib zarbalaridan himoyalanish sir-asrorlarini puxta egallash ustida tinimsiz mehnat qildi. Natijada joriy yilning 24-31-mart kunlari Urganch shahri mezbonlik qilgan boks boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionatida 60 kg. vazn toifasida ringga chiqib, chempion boʻldi. Margʻilon shahrida 2001-2002-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan Xalqaro turnirda ham gʻoliblik shohsupasiga koʻtarildi.
Bu yutuqlari bilan Sherzod boks boʻyicha Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasiga aʼzo boʻldi, oʻz-oʻziga ishonchi oshdi, mashgʻulotlarga avvalgidan ham masʼuliyat bilan qatnashadigan boʻldi. Natijada aprel oyida Qozogʻiston Respublikasida boʻlib oʻtgan jahon chempionati kumush medali sovrindori, "Qozogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustasi” Dildabekov Muxtarxon Qoʻbilanbek oʻgʻlining xotirasiga bagʻishlanib oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan VI ochiq Xalqaro xotira turnirida kumush medalni yengib olishga erishdi.
Musobaqa davomida Rossiya, Ukraina va Qozogʻiston Respublikasi vakillari boʻlgan kuchli raqiblar bilan jang olib borgan Sherzod oxirgi raqibiga kichik farq bilan yutqazib, ikkinchi oʻrinni egalladi.
Aslini olganda, koʻrinishidan yoqimtoy, yumshoqkoʻngil bu bolakayning ringda raqibiga zarba berishini tasavvur ham qilish qiyin.
– Biroq, bu – sport, – deydi kulib Sherzod. – Albatta, hamma bokschilar ham ringga umid bilan, tayyorgarliklar bilan chiqadi.
Sherzodning nazarida musobaqalarda raqiblari doim shunday namoyon boʻladi. Koʻnglida esa umid bilan kuzatib qolgan onasi, tugʻishganlari, murabbiylari oldiga yorugʻ yuz bilan qaytish istagi joʻsh uraveradi.
Nukus Olimpiya zahiralari kollejining ilk bosqichini tamomlagan Sherzod Qodirboyev yana bir ulkan marra sari intilib, mashgʻulotlarni kuchaytirmoqda: u shu yilning 1-8-avgust kunlari Filippinda boʻlib oʻtadigan boks boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida ishtirok etadi. Yaqin kunlar ichida esa chempionatoldi oʻquv-yigʻin mashgʻulotlariga joʻnab ketadi.
Uni ruhlantirib, gʻalabaga intilishga undaydigan sabablar koʻp: mamlakatimizda yoshlarga qilinayotgan gʻamxoʻrliklar, yaratilayotgan sharoitlar... Bularni sidqidildan his qilish Sherzod Qodirboyevni hali ulkan-ulkan marralar sari yetaklayveradi.
Oygul RAJABOVA.
(Foto - http://turkistonpress.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶