SABR-QANOATLI MOMO
Oila albomidagi surat
Shildir-sochoqli matri roʻmoli oʻziga yarashgan, butun turish-turmishidan shijoat, navqironlik aks etib turgan qoramagʻiz, istarasi issiq juvonning oila albomidagi surati diqqatimni tortdi. Suhbatdoshim, Amir Temur nomli ovulda istiqomat qiluvchi 92 yoshli onaxon Maryam momo bilan suratdagi navqiron juvon oʻrtasida yer-u osmoncha farq bor edi.
– Bu – bizning onamiz, – deydi onaxonning oʻgʻillaridan biri Baxtiyor aka Olloniyozov. – Yoshligida juda mehnatkash, salobatli, uddaburon boʻlganlar.
Maryam Yusupova 1926-yilda hozirgi Amir Temur nomli ovulda tugʻildi. U koʻplar havas qilgulik uddaburon, dala yumushlari deysizmi, roʻzgʻor ishimi, hatto bozor-oʻcharni ham qoyil-maqom qilib bajaruvchi, hamqishloqlari taʼbiri bilan aytganda, bir oilani obod qiladigan siyoqli qiz boʻlib oʻsdi. Ikkinchi jahon urushi boshlanganida u 15 yoshli oʻsmir qizaloq edi. Koʻpga kelgan gʻam-tashvish yuki Maryam tugʻilgan oilani ham chetlab oʻtmadi. Ovulning navqiron yoshlari urushga ketib, kolxozning chorvasi-yu paxtasi, uy-roʻzgʻor yumushlari Maryam tengi va undan kichik yoshdagi bolalar yelkasiga tushdi. Ogʻirligi kamida 5-6 kilodan kam boʻlmagan bel-u ketmonlarni yelkalab qazuvga chiqqan Maryam oʻzi tengi oʻsmir oʻgʻil va qizlardan koʻproq "norma” bajarardi. Bugun kechagidan koʻp qazuv ishini qilishga intilar, koʻproq ishlasam, ish haqim koʻproq boʻladi, degan xayolda oʻzini ayamay ter toʻkardi qizgina. Ish haqi..... Ish haqi nari borsa oyiga yarim yoki bir botmon (15-20 kilo) bugʻdoydan oʻtmasdi. "Hamma narsa front uchun, gʻalaba uchun!” degan shiorlar har qadamda, har bir uy peshtoqiga osib qoʻyilardi.
– Urush yillari umuman ish haqisiz ishlayverardik, – eslaydi momo. – Hech kim "men falonday ish qildim, menga ish haqi bering”, – demasdi. Qanoatli edi xalqimiz.
Qanoat
Boriga shukur qilib, ertangi kunga umid, gʻalabaga ishonch bilan bir-biriga suyanch boʻlib yashagan insonlarga matonatli, deya sifat berish naqadar oʻrinli. Maryam Yusupova ana shunday matonat sohibasi boʻldi. Ota-onasi tanlovi bilan hayotini bogʻlagan umr yoʻldoshi Nurjon Olloniyozov bilan 9 nafar farzandini kamolga yetkazish, uyli-joyli qilish orzusi bilan kamtaringina, shiringina yashab, mashaqqatli mehnat zalvorini birgalikda yelkalab, totib yurganlarida bu oilaga musibat moʻraladi. 1956-yilda 9 farzandining birini eshikda, birini beshikda qoldirib Nurjon ogʻa qirqqa kirmay dunyodan oʻtdi.
– Yoʻqchilik qursin, – olis oʻtmishda qolgan ayanchli hayot sahifalarini bir-bir varaqlaydi Maryam momo. – Bolalarimning otasi juda mehnatkash, halol va tadbirkor inson edi. – Urushdan keyingi ogʻir mehnat, ocharchilik sillamizni quritgan, ikki-uch odamning ishini bir kishi bajarardi. Oʻsha yillardagi ogʻir mehnatga hamma ham chidayvermasdi. Bolalarimning otasini yetar-yetmaslik, yoʻqchilik yiqitdi..
Erining vafotidan soʻng Maryam kolxoz yumushi, roʻzgʻor tashvishiga qoʻshib, 9 nafar murgʻak yetimlarga ham ota, ham onalik qildi. Tomorqasidagi beda oʻroqqa keldi, deguncha farzandlarining katta yoshdagilarini yoniga olib, tong gʻira-shirasida beda oʻrardi. Nari-beri nonushta qilib, yarim och holatda kolxoz ishiga otlanardi.
Kechqurun bolalarining osh-ovqati, kir-chiri, deganday, roʻzgʻor yumushlarini bajarardi-yu, kun boʻyi soʻligan, erta tongda oʻrilgan bedani oy yorugʻida bozorbop qilib bogʻlab chiqardi. Bir-ikki soat mizgʻib olgan Maryam oʻgʻillaridan birini yoniga olib, eshak aravaga bedapoyani yuklab bozorga ketardi. Kun yoyilmay, bozor savdosini bitirib, yana uyiga qaytardi-da, kolxoz ishiga otlanardi.
– "Temir xotin” degan kino-komediyani har gal tomosha qilganimda onamning yoshlik davri yodimga tushaveradi, – deydi onaxonning oʻgʻli Baxtiyor aka Olloniyozov. – Biz onamizning qachon uyquga yotib, qachon uygʻonganlarini bilmasdik. Bilganim shuki, biz ertalab uygʻonganimizda, ishonsangiz, onamiz bir arava tut dol-shoxlarini oʻzi qirqib, bitta oʻzi taxlab qoʻygan yoki bir tandir non yopgan, hech boʻlmaganda 2 sotix yerning bedasini oʻrib qoʻygan boʻlardilar.
Maryam Yusupovaning nomi kolxozning ishlab chiqarish bilan bogʻliq majlislarida doim tildan tushmasdi.
– Maryam Yusupova mavsumda falon tonni paxta terdi!
– Maryam Yusupova oʻz qaramogʻidagi paxta dalasida gʻoʻza yaganalashni, sugʻorish yoki chilpish ishlarini birinchi yakunladi!
Yillar bilan boʻy talashib, birin-ketin farzandlari ulgʻaydi. Yoʻqchilikka, mashaqqatli mehnatga, hayot sinovlariga qanoat bilan chidab, har bir oʻtgan yorugʻ kuniga shukronalar qilib yashashga oʻrgangan onaxonning sabrini Alloh siyladi, yaxshi kunlar umidi uning umr yoʻllarini bezadi.
Umrning oydin manzillari
Toʻqqiz nafar farzandning rohat-farogʻatiga yetkazdi uni Alloh. Bugun har biri bir baxtli oila qoʻrgʻonini yaratib, Amu eliga singib ketgan oʻgʻil-qizlari, nevara-chevaralari yigʻilib kelsalar, momoning katta xonadoni toʻyxonaga aylanib ketadi. Faqat momojonning birgina oʻkinadigan joyi bor. Toʻngʻich oʻgʻli, yelkasidan roʻzgʻorning ogʻir yukini olib, barcha uka-singillarini roʻshnolikka olib chiqqan tadbirkor farzandi Jumaboy ogʻa Olloniyozovning hayotdan erta ketgani momoning qaddini bukib qoʻydi.
– Shukur, – deydi onaxon oʻgʻlining yaxshi fazilatlarini eslarkan. – Bozorga bedapoya olib chiqib sotganimda pulning hisobini qilayotib, "hali katta boʻlsam, sizni boshimga koʻtarib yuraman”, –derdi Alloh rahmat qilsin Jumaboyim. Oʻzi hayotligida aytganini qildi. Boshida koʻtargandan ham ziyoda qilib shart-sharoitlar yaratib berdi. Bolalari omon boʻlsin.
Bugun Maryam momo Yusupovaning farzandlari el aro obroʻ-eʼtibor topgan, Nurjon bobo va Maryam momo xonadonlaridan rang olgan obod maskanlari – oʻz oilalarida tinib-tinchib, el-yurtga mehr qoʻyib, el-yurtdan mehr-muhabbat koʻrib yashamoqdalar. Ularning birovlari xalq taʼlimi sohasi fidoyilari boʻlsa, biri tadbirkor, biri fermer, tibbiyot sohasi xodimlari. Oʻgʻillari Ollombergan, Baxtiyor, Oʻrozboy, Farhod Olloniyozovlar, qizlari Enajon, Qurbonoy va Sanamjonlarning har biri ibratli oila sohibi va sohibalari. Yana bir oʻgʻli Soliy Olloniyozov esa Toshkent shahrida yashaydi. Tibbiyot fanlari nomzodi, taniqli bolalar shifokori.
Kelinlarining "ena-enajon!”lab talpinib turishlari-chi! Bu yogʻini soʻrasangiz, Maryam momojonning nevara-yu chevaralarining aniq sanogʻiga yetgunimizcha hisobda adashdik. Biri 110 nafar, desa yana bir sanogʻimizda 120 dan oshdi. Ana shuni aytadilar-da, pir-u badavlatlik, deb. 92 yillik hayotining 60 yilini uyim, joyim, bola-chaqam, elim-yurtim, deb mehnat maydonida oʻtkazgan Maryam momo ketar chogʻimizda duoga qoʻl ochdilar:
– Toza havolari, sogʻlom bolalari, el ichinda mehr-oqibat bilan yurtimiz, xalqimiz tinch-totuv boʻlsin, omin!
Momojonimizning dilidan tiliga koʻchgan ezgu tilak bizning ham qalbimizni yoritib yubordi. Qarang, momo el-yurtiga toza havolar tilayotir. Musaffo osmon, musaffo havo bilan el-yurt omonligi, xalqimiz tinch-totuvligi bu – ona Vatan baxt-saodatidir.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶