MILLAT RUHINING KOʻZGUSI DARZ KETMASIN!
Bugungi kunda boshqa tillardan kirib kelayotgan soʻzlarning tilimizda oʻrnashib qolayotgani oʻz ona tilimizning buzilishiga, tilimizga nisbatan eʼtiborsizlik holatlariga koʻp bor guvoh boʻlayapmiz. Bu globallashuv natijasimi yoki ona tilimizga eʼtiborsizlikmi?
Axir, chet tilini oʻrganish, oʻz ona tilingga hurmatsizlik va eʼtiborsizlik qilish degani emas-ku! Mayli, yoshlarimiz besh-oʻnta chet tilini mukammal bilishsin, ammo ona tilimiz sofligiga putur yetkazmasin! Chunki, oʻz ona tilimizni bus-butunligicha, birorta soʻzini buzmasdan, oʻzgartirmasdan kelajak avlodga yetkazib berishimiz zarur. Buning uchun har bir inson birdek masʼul. Bu borada Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov shunday deydi: "Ona tilimizga gʻamxoʻrlik qilish, uni avaylab-asrash, tinmay uning sofligi, boyligi toʻgʻrisida qaygʻurish, faqat mutaxassis-olimlar yoxud yozuvchilarninggina emas, butun xalqning, keng jamoatchilikning ishi. Oʻzini oʻzbek ziyolisi, deb hisoblagan har bir inson faqat til bayramida emas, doimiy ravishda ona tilimiz bayrogʻimizdek yuksak va pokiza boʻlishi toʻgʻrisida qaygʻurmogʻi ham farz, ham qarzdir”.
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor ona tilimiz haqida, qarang, nima deganlar!
"Til daraxtday, giyohday yashaydi, yashnaydi, gullaydi, sindirsang, sinadi, tilsang, shirasi yerga oqadi. Kitob, gazeta, jurnal, radio, televideniye – uning jonli nafasi, yurak urishi... Tilimiz shakllangan, buyuk tarixiy til. Hech boʻlmaganda uning oq sochli bobo yoshini hurmat qilish kerak. U yuz yil emas, yigirma asrlik tarixga ega. Soʻzga hurmat va eʼtiborni har bir kishidan talab qilish mumkin. Bu odamning xulq-atvorini, maʼnaviy qiyofasini koʻrsatadigan omillardan biri”.
Chindan-da, insonning gap-soʻzi, muomalasi uning ichki goʻzalligini koʻrsatishi bilan bir qatorda, suhbatdoshda oʻzi haqida salbiy yoki ijobiy taʼsir uygʻotadi.
Aziz yurtdoshlar, keling, ona tilimizga hurmat va eʼtiborli boʻlib, tilimizning sofligiga erishish toʻgʻrisida qaygʻuraylik. Bu barchamizning qoʻlimizdan keladi. Zero, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytganlaridek: "Ona tili – millatning ruhidir”. Mana shu – millat ruhining koʻzgusi darz ketishiga yoʻl qoʻymaylik!
Iroda YeRDOShEVA, 38-sonli maktab oʻquvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶