Tomorqaga ekin ekish jarayoni dronlar yordamida nazorat qilinmoqda
Shu kunlarda yurtimizning barcha joylarida boʻlgani kabi tumanimizda ham dehqon va fermer xoʻjaliklarining ekin maydonlariga hamda aholi ixtiyoridagi tomorqa yerlariga ekin ekish ishlari yuqori surʼatda davom etmoqda. Bu boradagi ishlarni izchillik bilan amalga oshirish borasida Prezidentimizning 2017-yil 10-oktyabrdagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida tashkil qilingan fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tuman hokimligi, Qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimi, tumandagi muassasa, korxona va tashkilotlar xodimlari fermer xoʻjaliklariga va hududlarga masʼul qilib biriktirilgan. Tuman Kengashi deputatlari, ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlari hamda jamoat tashkilotlari xodimlari esa xonadonma-xonadon yurib, yerdan foydalanish samaradorligi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirmoqda.

Uyma-uy yurish jarayonida shu narsa ayon boʻlyaptiki, aholining aksariyat qismi allaqachon uy oldidagi tomorqasiga sabzavot va poliz ekinlari ekib, moʻl hosil va daromad olish uchun barcha agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirmoqda. Ammo, shunday oilalar ham borki, qishloqda yashayotgan boʻlishiga qaramay, turli bahonalarni roʻkach qilib, tomorqasini oʻz holicha tashlab qoʻygani holda oziq-ovqat mahsulotlarini bozordan xarid qilishga oʻrganib qolgan. Vaholanki, ular bilan yonma-yon yashayotgan qoʻshnilari xudda shunday tuproq va iqlim sharoitida tomorqasida roʻzgʻori uchun zarur barcha oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirmoqda. Yana bir toifa kishilar borki, ishyoqmasligi va dangasaligi sababli uy oldidagi oltinga teng yerda chorva uchun ekin yoki beda yetishtirishni afzal biladi.
Xalq deputatlari tuman Kengashining qarori bilan tuzilgan gʻalla hosildorligi va tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha ishchi guruhi aʼzolari, tuman Kengashi deputatlari va mahalla faollari yerni mana shunday oʻz holiga tashlab qoʻygan yoki undan samarali foydalanmayotgan xonadonlarda boʻlib, tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Uyma-uy yurib oʻrganish ishlarining samaradorligini oshirish uchun uchuvchisiz uchar qurilmalari jalb qilinib, uning yordamida olingan tasvirlar ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlarida oʻtkazilgan yigʻilishlarda muhokama qilinmoqda.

Kuyuk koʻpir ovuli hududida oʻtkazilgan mana shunday oʻrganishlar davomida aholining aksariyat qismi aprel oyining boshlaridayoq tomorqasini ekish ishlarini yakunlagani aniqlandi. Ammo, yuqorida aytilganidek, baʼzi tomorqa yerlari hamon ekilmasdan qolmoqda. Bunday xonadon egalariga tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va davlat soliq qoʻmitasining ogohlantirish xatlari taqdim qilinmoqda.

Shu oʻrinda yurtdoshlarimizga yana bir bor eslatib oʻtmoqchimizki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-martdagi “Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 205-sonli qarori bilan Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish va monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlangan. Mazkur Nizomga asosan oʻtkazilgan monitoring natijasida ekin yerlaridan maqsadli va samarali foydalanib, tuman hokimining prognoz koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi qarorida belgilangan ekin turlarini toʻliq ekkan, agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida, sifatli bajargan, yilida kamida ikki yoki uch marta yuqori hosil olgan hamda tomorqani obodonlashtirgan, chorva mollari va parrandalarning bosh sonini saqlagan va koʻpaytirishga erishgan tomorqa yer egasiga yer soligʻi stavkasining pasaytiruvchi koeffitsiyentini qoʻllash tarzidagi soliq imtiyozi beriladi. Agarda buning aksi yaʼni, tomorqa yer uchastkalarida belgilangan ekin turlari hamda mevali va manzarali daraxtlar ekilmaganligi, chorva mollari sotib olinmaganligi, issiqxona barpo etilmaganligi, shu jumladan yer uchastkasi obodonlashtirilmaganligi aniqlansa, tomorqa yer egasidan joriy yil uchun yer soligʻining uch barobar oshirilgan qiymati undiriladi. Dehqon xoʻjaliklariga nisbatan esa yer uchastkasiga boʻlgan huquqni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish boʻyicha choralar koʻriladi.
Shunday ekan, hurmatli yurtdoshlar, tomorqangizga ekin ekib, daromad olishga harakat qiling va oilangiz, el-yurtimiz dasturxonining toʻkinligini taʼminlashga hissa qoʻshing! Zero, tomorqa – daromad manbaidir.

Gʻulomjon YeShNIYoZOV,
xalq deputatlari tuman Kengashi deputati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶