Kollejda “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovi



Buyuklardan biri “Kitob – boylikdir, albatta, oʻqilgani” degan edi. Albatta, kitob – bilimlar xazinasi, uni oʻqib, magʻzini chaqish esa haqiqiy xazinaga ega boʻlishdek gap. Hozirda barcha aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida kitob mutolaasini shakllantirish, ularning kitobxonlik saviyasini oshirish amallari davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani sir emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida” gi Qarori butun mamlakatimiz boʻylab “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovini oʻtkazish uchun muhim asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Bizning Amudaryo agrobiznes kasb-hunar kollejimizda ham 4-aprel kuni axborot-resurs markazi va Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti hamkorligida “Kitobdan yaxshiroq doʻst yoʻq jahonda!” shiori ostida “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi.
Koʻrik-tanlovda oʻquvchilar 6 ta jamoa boʻlib, toʻrtta shart boʻyicha bellashdilar. “Bu asarni kim yozgan?”, “Bu parcha qaysi asardan olingan?” deb nomlangan shartlarda oʻzbek va jahon adabiyoti namoyondalarining mashhur asarlaridan savol-javoblar va parchalar keltirildi. Shartlar bahs-munozaralarga boy boʻldi. Oʻquvchilar oʻzlari oʻqigan kitoblardan sahna koʻrinishlari tayyorlab, oʻz kitobsevarliklarini va aktyorlik mahoratlarini namoyon etdilar. Ayniqsa, 10-16-guruh oʻquvchilari sahnalashtirgan A. Qodiriyning “Mehrobdan chayon”, 1-16-guruhi oʻquvchilari sahnalashtirgan Gʻ. Gʻulomning “Shum bola” asarlaridan qoʻyilgan sahna koʻrinishlari barchaga manzur boʻldi.
Koʻrik-tanlovda 10-16-guruh oʻquvchilari birinchi, 1-16- va 12-16-guruhlar ikkinchi, 11-16-guruh jamoalari uchinchi oʻrinni egalladilar.
Gʻoliblarga tashkilotchilar tomonidan sovgʻalar taqdim qilindi.
Nodira Davletboyeva,
Amudaryo agrobiznes kasb-hunar kolleji
Axborot-resurs markazi rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶