Odamiylik
Yaxshilarning bori yaxshi-da!
Odatdagidek oʻqishdan qaytayotgandim. Mendan oʻn-oʻn besh qadam oldinda boshlangʻich sinflar oʻquvchilari boʻlsa kerak, papka osgan kichkina bolalar borishardi.
Yoʻl sirpanchiq, kun sovuq. Ustlaridagi qalin kiyimlari yurishga biroz noqulay edimi, bolalarshoshilmas, nimalar haqdadir gaplashib borishardi. Shunda ulardan birining oyogʻi toyib, yoʻlak oʻrtasiga chalqancha yiqildi. Yonidagilar gap bilan boʻlib, uning qanday yiqilganini ham sezmay qolishdi.
Maktab oʻquvchisi boʻlsa ham bola bolaligiga bordimi yo biron joyi ogʻridimi, oʻrnidan turishga harakat qilish oʻrniga yigʻlab yubordi.
Shu payt yoʻldan kesib oʻtib, yoʻlakka yetgan bir onaxon darrov bolani oʻrnidan turgʻazdi. Ustlarini qoqib, papkasini yelkasiga osdi.
- Voy, bolam-ey, - dedi achinib. – Oʻzing yaxshi bolaga oʻxshaysan-u, ehtiyot boʻlib yurmabsanda.
Ayol bolani oʻziga qaratdi.
- Nechanchi sinfsan? – yigʻidan chalgʻitish uchun soʻradi. Hamon hiqillashdan toʻxtolmayotgan bola oʻrniga yonidagilar chuvillashdi:
- Ikkinchi sinf, ikkinchi.
- Sen yaxshi oʻqisang kerak-a, yuzlaring aytib turibdi yaxshi bola ekaningni, - dedi onaxon bolani ovutish uchun.
Bolaning sovuqdan, yigʻidan qizargan yuzlariga tabassum yoyilib:
- Hmm, - dedi boshini silkib. Shunda uning koʻzlari quvonchdan chaqnab ketdi. Bolalarga ehtiyot boʻlib ketishni tayinlab, ayol oʻz yoʻliga burildi. Bola mamnun jilmayib xayrlashdi. Bu mamnunlik onaxon uning yaxshi bola ekanini topolgani uchunmidi, bola quvonib ketdi. Mening hayotimda ham shunga oʻxshash voqea sodir boʻlgani yodimga tushdi.
Maktabga endigina borgan kunlarim edi. Ikki chaqirimcha masofa charchatdimi yo kunning issigʻimi, harqalay uyimizga yaqin qolganida yoʻl oʻrtasiga oʻtirib yigʻlaganman. Oʻshanda bir qiz kimning qizisan, nega yigʻlab oʻtiribsan, deb ovutib uyga olib kelib ketgan. Men otamning onamning ismlarini aytganimda:
- Oʻzimning singlim ekansan-ku, - degandi kulib. Men rostdanam qarindoshimga duch keldim, deb quvonib, yetaklashib uyga kelganman. Onam qayta-qayta rahmat aytib meni olib qoldi. Bir notanish qizning meni uyga yetolmay yoʻlda yigʻlab oʻtirganimda goh koʻtarib, goh yetaklab olib kelib ketganini necha kungacha quvonib koʻshnilarga aytib yurdi.
Oradan mana necha yillar oʻtib ketdi. Oʻsha voqea hamon esimda, xuddi hozirgina roʻy bergandek, koʻp eslayman. Har safar eslaganim sayin koʻnglim yorishib, quvonib ketaveraman. Yaxshilik yaxshi-da, yaxshilarning ham bori yaxshi-da.
Aziza ISMOILOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶