OLIY QASAM BILAN ASRAGUM, VATAN!
(Monolog)
Men dunyo moliga koʻz tikkanim yoʻq,
“Zoʻr”larning qoshida egilganim yoʻq,
Gʻam chekdim va lekin tiz bukkanim yoʻq.
Vatan, deb yuksalgan dillarga koʻchdim,
Oliy qasam bilan tugʻingni oʻpdim!
Gʻanimlar fitnalar toshin otganda,
Bir yonda fisq-fasod burqsib yotganda.
Yarador bagʻringga tigʻlar botganda,
Shaʼn-u shavkatingga baxsh etib oʻzni,
Qon bilan yozdim men ERK degan soʻzni!
Xoinlik koʻp boʻldi, bilaman, ogʻir,
Nonkoʻr, malʼunlardan yuraging yagʻir.
Or-nomus oʻtida oʻrtanib bagʻir,
Mashaqqat yuklarin yelkalab oʻtdim,
Ona Yurt, Onam deb, poyingga choʻkdim.
Mardlik – yuraklarning ulugʻ jurʼati,
Shundadir xalqimning kuch va qudrati.
Matonatning aslo yoʻqdir millati,
Bir yuz oʻttiz olti millatga oʻgʻlon –
Qalblarda gupirgan tugʻyonman, tugʻyon!
Vatan! Onalaring – baxtingga qasam,
Baxtiyor avloding – taxtingga qasam,
Kelajakka qasam – ahdingga qasam.
Tiz choʻkib, bayrogʻing koʻksimda tutdim,
Jonim deb, men uni jonimga tikdim!
Qara, yuragimda bayroq hilpirar,
Istiqloldan obod har yoq gurkirar.
Boqsam toʻrt tomonga porloq, qulf urar,
Ramzing va madhiyang tengsiz iftixor,
Har zarra tuprogʻing tumordir, tumor!
Menga suyan Vatan, bir togʻ boʻlaman,
Shams-u qamar oʻzim – charogʻ boʻlaman.
Oriyati baland urpoq boʻlaman
Oliy qasam bilan asragum seni –
Bolam, desang boʻldi, oʻshal dam meni!
“Serquyosh hur oʻlkam, elga baxt, najot”,
Sen borsan, el-u xalq, millat barhayot.
Buyuk orzularga baxsh etib qanot –
Tinchlikka qasamyod qilgum onajon,
Jonim Oʻzbekiston, mangu boʻl omon!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶