90 NAFAR QIZLARGA OʻQIShGA TAVSIYaNOMA BERILDI
Joriy yilning 23-iyunida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni oʻqishga qabul qilishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlangan edi.
Mamlakatimizda kam taʼminlangan hamda ota-onasining ikkisi ham ishsiz oilalarda, shuningdek toʻliqsiz, oilalarda tarbiyalanayotgan qizlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning oliy taʼlim olishiga, oʻzi istagan mutaxassisligini egallab, hayotda oʻz oʻrinni topishiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori bilan tasdiqlangan Nizomga koʻra, tavsiyanoma kam taʼminlangan oiladan chiqqan, toʻliqsiz oilada tarbiyalanayotgan, 14 yoshgacha boʻlgan ikki yoki undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan oilalar qizlari, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolgʻiz ayol yoki erkaklarning qizlari, shaxsiy uy-joyiga ega boʻlmagan ijarada yashayotgan oilalar, ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ishsiz boʻlgan va ish qidiruvchi shaxs sifatida Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarida hisobda turganlar oilalari qizlari, shuningdek, nogironligi boʻlgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar ushbu tavsiyanomani olishlari mumkin.
Har yili xotin-qizlarga buningdek tavsiyanomalarni berish boʻyicha Ishchi guruh tuziladi. Tuman yoki shahar Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan xotin-qizlarning hujjatlarini har yili 10-mayga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga, viloyatlar boshqarmalariga taqdim etadi.
Ishchi guruh tomonidan tumanlarda saralab olinib, qoʻshimcha qabul koʻrsatkichlari uchun tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilgan xotin-qizlarning roʻyxati har yili 15-iyunga qadar shakllantirilib, Davlat test markaziga taqdim etiladi.
Amudaryo tumanida ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimida tuman hokimi oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Alisher Yuldashev rahbarligida Ishchi guruhi tuzildi. Uning tarkibiga tuman Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, moliya, Adliya boʻlimlari boshliqlari, Tibbiyot birlashmasi, Xalq taʼlimi va Maktabgacha taʼlim, Ichki ishlar boʻlimlari rahbarlari, Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi raisi, tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari guruh aʼzoligiga kiritildi.
Ishchi guruhiga joriy yilning 24-iyun – 10-iyul kunlari tuman boʻyicha tavsiyanoma olishni soʻrab 184 nafar xotin-qizlar murojaat etishdi. Ulardan Nizom talablariga muvofiq tegishli hujjatlar qabul qilib olindi.
Ishchi guruhi tomonidan xotin-qizlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar oʻrnatilgan tartibda birma-bir batafsil oʻrganildi, belgilangan mezonlarga mos kelishi tahlil etildi, oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosida qabul koʻrsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma olishga hujjat topshirgan nomzodlarning hujjatlari batafsil oʻrganildi. Natijada joriy yilning 15-iyul kuni 90 nafar xotin-qizlarga oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berildi.
Tadbirda tuman hokimi oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Alisher Yuldashev, boʻlim boshligʻining birinchi oʻrinbosari Muqaddas Beknazarova, tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Xudayberganov, tuman Xalq taʼlimi boʻlimi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Raxmatilla Matqurbanov, tuman Moliya boʻlimi xodimi Abdulla Rahimov, tuman Maktabgacha taʼlim boʻlimi xodimi Ibragim Rajapovlar ishtirok etishdi. Tavsiyanoma olgan qizlar oʻzlariga oliy taʼlim olishlari uchun yaratilayotgan bu imkoniyatdan juda mamnun ekanliklarini izhor etishdi.
Oygul RAJABOVA

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶