HAYoTDAN HIKMAT TOPIB YaShAYoTGANLAR
Jumur ovul – tumanimizning chekka hududlaridan biri, Jumurtovning shundoqqina biqinida joylashgan. Tabiati soʻlim, dov-daraxtlarga burkangan koʻchalar, yoʻllar boʻylarida qulf urib ochilib turgan turfa gullar aholining nechogʻlik mehnatsevarligidan, koʻngillari obodligidan va yaratuvchanligidan darak berib turadi.
Shu yilning 2-iyulida ushbu mahalla hayoti bilan tanishish uchun ijodiy guruhimiz bilan tashrif buyurganimizda bunday manzaralarni koʻrib quvondik. Ayniqsa, yoʻl boʻylab borayotirib, hovli-joyi unchalik katta boʻlmasa-da, ixcham, chiroyli koʻrinishda qurilgan, atrofi orasta, fasad qismidagi yashil yoʻlak hududida turli mevali, manzarali daraxtlar soya solib turgan, atrofida choʻgʻdek alvon rang gullar ochilib turgan bir uy ayniqsa eʼtiborimizni tortdi.
– Juda mehnatkash odamning uyi boʻlsa kerak-ov. Odamning kimligini oʻtirish-turishidan ham bilsa boʻladi, – dedi hamrohlarimdan biri. Uning soʻzlariga mahalla fuqarolar yigʻini raisi Dilmurod Boʻronov kulib qoʻydi va tomorqasidan unumli foydalanayotgan bir oila bilan tanishtirmoqchi ekanini aytdi. Yoʻlimizda davom etib tashrif buyurganimiz Jumur ovul-1 aholi punktida istiqomat qiluvchi Egambergan Eshimbetovning xonadoni ekan. Koʻchadan hovliga kirishingiz bilan butunlay oʻzga olamga kirgandek boʻlasiz. Fasad qismidagi yashillikka uygʻongan havasimiz hovli ichkarisiga kirganimizda chinakam hayratga aylandi. 16 sotixlik tomorqaning hovli oldiga ekilgan uzum, nashvati, olma, olcha daraxtlarining boʻyi balandligidan hovliga tangaday oftob tusholmas, deyman. Uzum tagiga oʻrnatilgan supada nevaralari, oʻgʻli, ayoli Shukurjon Shomurodova bilan bamaylixotir suhbatlashib oʻtirgan Egambergan ota tashrifimiz boisini eshitib, kuldi.
– Mana bizning, ayolim ikkimizning shu kungacha bunyod etgan bor boyligimiz shu, – dedi oila aʼzolari, uyi, tomorqasiga ishora qilib.
Otaxon topib aytdi, kamtarlik qilib aytdi. Aslida ushbu fayzli hovli kimlarningdir hashamatli, ulkan, qoʻshqavatli hovlilari oldida hechdir. Biroq bu yerdagi oʻziga xos fayzli yashil olam, did bilan ekilgan, shigʻil meva berib turgan durkun daraxtlar, turli ekinlarni boshqa joyda uchratish mushkul. Ayoli Shukurjon ona gullarni yaxshi koʻrgani uchun shuncha ekinlar ichidan gullarga ham joy ajratibdi.
– Ekinlarni asosan otangiz bilan ikkimiz parvarishlaymiz, – deya bizni yoʻlak boʻylab tomorqa ichkarisiga boshladi onaxon. Poyasi baquvvatligidan pushta ustidagi yer koʻrinmaydigan pomidor, hosil berib turgan bulgʻor qalampiri, bodring, handalak, qovun palaklaridan hatto oralash ham qiyin ekan. Ertalabki kartoshka, sabzi yigʻishtirib olinib, oʻrniga chorvasi uchun ekilgan joʻxori ham tizza boʻyi kelib qolibdi.
Egambergan ota umr boʻyi chorvachilik sohasida ishlab, Shukurjon ona 48-sonli maktabda oʻqituvchilik qilib, ishdan boʻsh vaqtlarida farzandlar tarbiyasi bilan birga tomorqa, chorva, parranda boqish bilan ham shugʻullanishgan. Ularning pensiyaga chiqqanlariga 21-yil boʻlibdi. Biroq ular keksalikni boʻyniga olib, oyogʻini uzatib bamaylixotir oʻtirishni oʻzlariga ep koʻrishmaydi. Tomorqa ular uchun eng maroqli mashgʻulot. Shugina yeridan undirgan kartoshka, sabzi, pomidor, bodring kabi ekinlar hosili roʻzgʻori ehtiyojidan ortib, sotishiga ham yetarkan. Aytishicha, biz borgan kunimiz ham Shukurjon ona bozorga kartoshka sotib, roʻzgʻoriga zarur narsalarni olib kelgan ekan.
Oilada bulardan tashqari ham daromad manbalari bor. Chorva, parranda. Koʻrinishidan xuddi yoshlarday tetik va chaqqon onaxon yuztadan ziyod tovuqlari, yuzga yaqin oʻrdaklari borligini aytganda, ochigʻi, ularga havasimizni yashira olmadik.
– Bu yil oʻrdaklarimiz unchalik yaxshi koʻpaymadi. Har yili bundan koʻp boʻlar edi, – dedi bunga javoban.
Yuztaga yaqin oʻrdaklari boʻlaturib, bu yil negadir yaxshi koʻpaymadi, deya koʻngli toʻlmay gapirayotgan onaxondan ularni nima bilan oziqlantirishini soʻradik. Aytishicha, pomidor, bodring, handalik, qovun kabi ekinlar pushtasi oʻrtasiga, ertagi kartoshka oʻrniga, chellariga ekilgan makkajoʻxori, joʻxorilar doni tovuqlar-u oʻrdaklarga yil boʻyicha ozuqa uchun yetar ekan.
Bularni kuzata turib, qoyil qolganimizni yashira olmadik.
– Charchamaysizlarmi, bariga qanday ulgurasiz, – deya soʻradik.
Savolimizga otaxon miriqib kuldi.
– Odam qunt bilan qilgan ishidan lazzat oladi. Charchasak, mana, nevaralar qoʻl-qanot boʻlishadi, – dedi.
Otaxon polizidan handalak uzib kelib, uzum toki ostidagi supaga chiqib oʻtirib, bir-bir tilimladi, bizga, ayoliga, nevaralariga ilinarkan:
– Mana shunday damlarda, hosilini yeganimizda charchogʻimiz chiqib ketadi. Yerga odam avlodlari uchun ekin, mevali daraxt ekishi kerak. Shu bolalar birovning bogʻiga havas qilmasin, birovning mevasiga qoʻl uzatmasin, deb tinmaymiz-da, – deb qoʻshib qoʻydi.
Handalak tilimini tishladim, mazasi tilingda qolgulik. Shu asnoda yana bir haqiqatni anglaganday boʻldim – tomorqada nafaqat rizq unadi, balki u ulkan tarbiya maktabi ham ekan. Bunga otaxonning hozirgi soʻzlari dalil.
Ijodiy guruhimiz bilan mahalla hayoti bilan tanishib qaytar ekanmiz, kelayotganimizda diqqatimizni tortgan fayzli hovli oldidan oʻtayotganimizda mahalla fuqarolar yigʻini raisi Dilmurod Boʻronov:
– Mana shu hovli Egambergan otaning katta oʻgʻliniki, – dedi faxr bilan.
Shu oʻrinda beixtiyor koʻnglimga faylasufning “Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo”, degan satrlari keldi. Chindan-da hayotga teran razm solib qarasak, har kim oʻz izlaganini topayotganini anglaganday boʻlamiz. Tilagimiz – birovning qoʻliga qaramay, boqimandalikka berilmay, oʻz hayotini oʻzi obod, baxtiyor qilishga intiluvchilar, Egambergan ota, Shukurjon onalar kabi avlodlariga fidoyi insonlar koʻpayaversin!
Oygul RAJABOVA, Mahmudjon ShOMURODOV,
“Mening oilam” gazetasi muxbirlari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶