PREZIDENT TABRIGI BIZ BITIRUVChILARNI YaNADA RUHLANTIRDI
Yurtimiz boʻylab barcha umumtaʼlim maktablarda bugun anʼanaviy soʻnggi qoʻngʻiroq sadolari yangradi. Shu munosabat bilan oʻquv maskanlarida tashkil etilgan tadbirlarda oʻqituvchilar, ayniqsa, bitiruvchi sinf oʻquvchilari katta hayajon, koʻtarinki ruh bilan ishtirok etishdi. Chunki shu paytgacha ulkan orzu-maqsadlar bilan taʼlim-tarbiya quchogʻida jam boʻlishgan bitiruvchilar bugun hayotning katta ostonasiga qadam qoʻyishadi.
Mustaqil hayot ostonasida turgan bir paytda Prezidentimizning maktab bitiruvchilariga alohida eʼtibor qaratib, tabrik yoʻllagani bizni yanada ruhlantirdi. Ayniqsa, maktabni bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizdan birontasi eʼtibordan chetda qolmaydi, deganlari ertangi kunimizga boʻlgan ishonchimizni mustahkamladi.
Davlatimiz rahbarining "Hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar", deya taʼkidlaganlari barcha yoshlar qatori mening ham qalbimdagi Vatan taqdiriga daxldorlik, burchga sadoqat, masʼuliyat hislarini yanada yuksaltirdi. Bizning komil insonlar boʻlib yetishishimiz uchun davlatimiz tomonidan yetarli sharoitlar yaratilgan. Biz faqatgina oʻz kasbimizning bilimdoni, chuqur bilimga ega boʻlish uchun intilsak bas.
Kelajakda men ham oʻzim tanlagan oliy taʼlim muassasasida bilimimni oshirib, egallagan kasbim orqali jamiyat ravnaqi, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshaman va Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, xalqimizning ishonchiga sazovor boʻlishga harakat qilaman.
Madina Qurbonboyeva, 36-sonli maktab bitiruvchi sinf oʻquvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶