Mehnat nizolari bilan bogʻliq fuqarolik ishlarning koʻrilishi
1995-yil 21-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan mehnat qonunlarining toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash va mehnat nizolarini koʻrishda vujudga keladigan masalarni tushuntirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 1998-yil 17-aprelda «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qoʻllanilishi haqida»gi 12-soni qarori qabul qilingan.
Mazkur Plenum qarorida mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda, shuningdek ayrim fuqarolar ixtiyorida mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishlayotgan jismoniy shaxslarning mehnatga oid munosabatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlar bilan tartibga solinishiga sudlarning eʼtibori qaratilgan.
Men ushbu Plenum qaroridan kelib chiqib mehnat nizolari bilan bogʻliq ishlarni koʻrishda sud amaliyotidagi muammolar haqida toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 270-moddasiga koʻra, sudga yoki mehnat nizolari komissiyasiga murojaat etish uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:
- ishga tiklash nizolari buyicha – xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyrukning nusxasi berilgan kundan boshlab bir oy;
- xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararni toʻlash haqidagi nizolar boʻyicha – zarar yetkazilganligi ish beruvchiga maʼlum boʻlgan kundan boshlab bir yil;
- boshqa mehnat nizolari buyicha – xodim oʻz huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan boshlab uch oy.
Ushbu moddada belgilangan muddatlar uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan taqdirda, bu muddatlar sud yoki mehnat nizolari komissiyasi tomonidan qayta tiklanishi mumkin.
Xodimning sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplashga doir nizolar boʻyicha sudga murojaat qilish uchun muddat belgilanmaydi.
Plenum qarorining 3-bandiga koʻra, sudya daʼvo qilish muddati oʻtkazib yuborilgan degan asos bilan daʼvo arizani qabul qilmaslikka haqli emas. Sud daʼvo muddati uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan deb topsa, bu muddatni tiklaydi. Agar sud ishdagi hujjatlarni har tomonlama tekshirib, sudga murojaat qilish muddati uzrsiz sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilganligini aniqlasa, daʼvoni rad etadi.
FPKning 10-moddasi hamda FKning 153-moddasining 2-qismi mazmuniga koʻra, fuqarolik sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshirilishi tufayli daʼvogarning sudga murojaat etish muddatini oʻtkazib yuborganligi masalasi sud tomonidan faqat nizodagi tarafning bergan arizasiga muvofiq qoʻllaniladi.
Amaliyotda daʼvo muddatini qoʻllashda hatoliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi holatlari ham uchraydi.
Masalan, xodim oʻzi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyrukning nusxasini olgandan keyin sudga emas, balki buzilgan huquqlarini tiklash haqida prokuratura organlariga, kasaba uyushmalariga murojaat qilishi va ushbu organlar tomonidan berilgan javob xatini olgandan keyin sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilish hollarida ayrim sudlar tomonidan bu holatlarga eʼtibor qaratilmasdan ikkinchi tarafning daʼvogar tomonidan bir oy muddat oʻtkazib yuborilgan degan arizasiga muvofiq daʼvoni rad etish hollari ham mavjud.
Bunday holatda, xodim oʻzi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyrukning nusxasini olgandan keyin prokuratura yoki kasaba uyushmasiga qachon murojaat qilganligini va ushbu organlar tomonidan berilgan javob xatini qachon olganligini aniqlash lozim.
Plenum qarorining 27-bandida «Mehnat shartnomasi korxonaning tugatilishi sababli MK 100-moddasi 2-qismining 1-bandi boʻyicha bekor qilingan shaxslarni ishga tiklash haqidagi nizolarni hal qilishda korxona mulkdorining almashishi yoki uning qayta tashkil etilishi (qoʻshilishi, boʻlinishi, yangidan tashkil topishi, ajralib chiqishi, birlashishi) korxonaning tugatilishi deb qaralmasligini va mehnat munosabatlarini bekor qilishni keltirib chiqarmasligini sudlar nazarda tutmoqlari zarur.
Korxona mulkdori oʻzgarganda, shuningdek u qayta tashkil qilinganda xodimning roziligiga koʻra mehnat munosabatlari davom ettirilaveradi. Yangi mulkdor faqat korxona rahbari, uning oʻrinbosarlari, bosh buxgalter, korxonada bosh buxgalter lavozimi boʻlmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodim bilan mehnat shartnomasini MK 100-moddasi 2-qismining 6-bandiga koʻra bekor qilishga haqli. Ish beruvchining tashabbusiga koʻra korxonaning qolgan xodimlari bilan mehnat shartnomasi faqat MK 100-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan boshqa asoslar boʻyicha bekor qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.
Korxona nomining oʻzgarishi, shuningdek korxonaning bir organ ixtiyoridan boshqasiga oʻtkazilishi korxonaning tugatilishi deb baholanishi mumkin emas va bu mehnat munosabatlarining bekor qilinishiga olib kelmaydi» deb koʻrsatilgan.
Shunday boʻlsada ayrim hollarda sud tomonidan korxonaning qayta tashkil etilishini (reorganizatsiya) (qoʻshilishi, boʻlinishi, yangidan tashkil topishi, ajralib chiqishi, birlashishi) korxonaning tugatilganligi (likvidatsiya) deb qaralishi natijasida hatoliklarga yoʻl qoʻyilishi holatlari ham mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 277-moddasiga koʻra, ayrim toifadagi davlat xizmatchilarning mehnat shartnomasni bekor qilish, boshqa ishga oʻtkazish, asossiz ravishda boshqa ishga oʻtkazish yoki mehnatga oid munosabatlarni bekor qilish bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararni undirish va intizomiy jazo berish masalalariga taalluqli mehnat nizolari qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Yaqin kungacha sudlarda ayrim toifadagi davlat xizmatchilarning mehnat shartnomasni bekor qilish, boshqa ishga oʻtkazish, asossiz ravishda boshqa ishga oʻtkazish yoki mehnatga oid munosabatlarni bekor qilish bilan bogʻliq holda yetkazilgan zararni undirish va intizomiy jazo berish haqidagi ishlar boʻyicha taalluqlilik masalasida muammolar mavjud edi.
Oliy sud tomonidan taalluqlilik masalasi boʻyicha tegishli tushuntirishlar berildi va hozirgi kunda bunday mehnat nizolari qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqilmoqda.
Plenum qarorining 50-bandi 1-xatboshisiga koʻra, sudlar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishining qonuniyligini buyruqda koʻrsatilgan asoslar boʻyicha tekshirishi lozim. Mehnat munosabatining bekor qilinishini sud boshqa asosda koʻrishga haqli emas.
2 va 3-xatboshisida «Agar sud ishga tiklash haqidagi nizoni hal qilishda ish beruvchining mehnat munosabatlarini bekor qilishga asosi boʻlgan deb topsa, ammo mehnat shartnomasini bekor qilish taʼrifi notoʻgʻri yoki amaldagi qonunlarga mos boʻlmasa, sud taʼrifni oʻzgartiradi va hal qiluv qarorida mehnat shartnomasini bekor qilish sababini qonunlarga aniq mos holda, qonunning tegishli moddasi (bandi)ga tayangan holda koʻrsatadi.
Xodimning iltimosiga koʻra sud hal qiluv qarori chiqarishda mehnat shartnomasini bekor qilish taʼrifini oʻz tashabbusiga koʻra taraflarning kelishuviga koʻra oʻzgartirish bilan cheklanishi ham mumkin» deb belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 3-qismiga koʻra, xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan taʼtillarda boʻlgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno.
Plenum qarorining 22-bandida boʻlsa, xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi, uning mehnat taʼtilida boʻlishi va barcha boshqa holatlar 1 oylik muddatning uzilishiga sabab boʻlmaydi, ish beruvchi bu muddat ichida kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organining, zarur hollarda esa mahalliy mehnat organining (MKning 25, 246-moddalari), hokimiyatning tegishli vakillik organining («Oʻzbekiston Respublikasida deputatlar maqomi toʻgʻrisida»gi Qonunning 28-moddasi) roziligini olib, xodim bilan boʻlgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir deb koʻrsatilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, sudlar tomonidan mehnat qonunchiligi tugʻri va bir xilda qullanilishi taʼminlanishi, shuningdek har bir korxona, muassasa va tashkilotlarda ham mehnat qonunchiligiga qatʼiy rioya qilinishi taʼminlanishiga erishish lozim deb hisoblayman.
Zulfiya Babadjanova, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyasi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶