EKSTERRITORIAL TAMOYIL – FUQAROLARGA JUDA KATTA QULAYLIK
Prezidentimizning 2019-yil 15-fevraldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilinishi bilan aholiga qulay davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida ilk dadil qadamlar qoʻyildi. Milliy qonunchiligimizning bu boradagi mantiqiy va amaliy takomili sifatida Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 23-martda “Aholi va tadbirkorlik subʼektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonning qabul qilinishi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari xodimlarining aholiga koʻrsatiladigan xizmatlarni sifat jihatidan yaxshilash va osonlashtirish imkonini yaratdi.
Farmon bilan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatida eksterritorial tamoyilning joriy etilishi fuqarolarning doimiy yoki vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan joyidan va yuridik shaxslarning pochta manzili joylashgan yeridan qatʼiy nazar hududdagi idoralarga muroajaat qilish imkoni yaratildi.
Yaʼni, 2021-yil 1-iyunidan eʼtiboran fuqarolarning doimiy yoki vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼiy nazar fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirish boshlandi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Farmonga koʻra, 2021-yil 1-iyunidan eʼtiboran fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan aholiga xizmat koʻrsatish jarayonida fuqarolardan 17 turdagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlar talab qilinmaydi.
Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, aytish mumkinki, davlat xizmatlari koʻrsatish sohasiga oid yuqoridagi Prezident Farmoni fuqarolarga davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash, yillar davomida aholini qiynab kelgan byurokratik toʻsiqlarga barham bergani bilan oʻta muhim ahamiyatga ega.
Tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi tomonidan yuqoridagi Prezident Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar tufayli sohaga oid masalalar boʻyicha murojaat qiluvchilarga xizmat koʻrsatish sifati sezilarli darajada oshdi. Koʻplab xizmat turlari, xususan, notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bogʻliq barcha maʼlumotlar “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinmoqda va bundan fuqarolar ham mamnun.
Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi tomonidan 72 ta nikohdan ajralganlik holati qayd etildi. Shundan 13 ta nikoh voyaga yetmagan farzandlari boʻlmagan er-xotinlarni ularning oʻzaro roziligiga koʻra, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida, 59 tasi birinchi nikohdan sud qarori bilan ajrashish holatlaridir. Shuningdek boʻlim tomonidan 396 ta oʻlim holati va 40 ta holatda fuqarolarning arizalariga muvofiq dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar kiritildi.
Koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha 87 mln 130 ming soʻm davlat boji, 63 mln 555 ming soʻm gerb yigʻimi undirilib, 52 mln 528 ming soʻmlik pullik xizmatlar koʻrsatildi. 2021-yilning birinchi yarmida tumanda 1881 ta tugʻilish qayd etilib, 99 ta otalik holati belgilandi. Shundan 9 tasi sud qarori asosida amalga oshirildi. 22 ta holatda bolani farzandlikka olish boʻyicha dalolatnomalar qayd etildi. Tumanda oʻtgan davr mobaynida 879 ta yangi nikoh qayd etildi. Shundan 111 ta nikoh sayyor ravishda joylarga chiqqan holda qayd etilgan boʻlsa, 5 ta nikoh mustaqil davlatlar hamdoʻstligi davlatlari fuqarolari oʻrtasida, 14 ta nikoh esa fuqaroligi yoʻq shaxslar oʻrtasida tuzildi.
Eksterritorial tamoyil asosida ishlash nafaqat fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari xodimlari, balki fuqarolar uchun ham qulay va sifatli xizmatlarni taqdim etayotganidan aholining qimmatli vaqti tejalib, ariza va murojaatlari ortiqcha buyurokratik toʻsiqlarsiz hal etilayotganidan fuqarolar mamnun. Chunki har bir fuqaro, u qayerda yashashidan, fuqaroligi bormi yoki yoʻqligidan qatʼiy nazar, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan beriladigan zarur hujjatlarni kechiktirmasdan olish imkoniga ega va bu Prezidentimizning yuqoridagi muhim Farmoni bilan kafolatlangan.
S.XOLBOYeVA, tuman FHDYo boʻlimi mudirasi.
R.YOʻLDOShEVA, tayyorladi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶