29.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
29.09.2026, 20:00
Siyosat 👁 4,857

Mamlakatimiz Mustaqilligining 23 yilligi oldidan

Mamlakatimiz Mustaqilligining 23 yilligi oldidan

Ona Yer tafti

(Publitsistika)

Asriy jimlikka barham berilgan kun

Kechagiday yodimda: 1989-yilning oktyabr oyi edi. Sobiq ittifoq tarkibidagi 15 ta Respublikaning barchasida vaziyat ogʻirlashib borayotgandi. Shu jumladan, Oʻzbekistonda ham. Barcha sohalarda boshboshdoqlik avj olgan, birov-birovga ishonmaydi. Kalava ipday chuvalashib ketgan taʼminot tizimi izdan chiqib, oddiy xalq tom maʼnoda yetar-yetmaslik azobini tortardi. Hammaodatdagiday markazga – Moskvaga quloq tutgan. Markazdan biron bir olamshumul buyruq keladi-yu shu zahoti hayot yana izga tushib ketadiganday, yangilik anqoning urugʻi boʻlgan damlar. Yoʻq, unday boʻlmadi, Markaz – Moskva nonga, oʻzi yetishtirgan paxta tolasidan toʻqilgan bir metr chitga, hatto bir hovuchgina qandga zor xalq koʻnglini shod etgulik biron ishga urinmadi. Shunda, shunda bir asrdan ziyod vaqtdan beri Moskvadan oldin Soʻz aytmoqqa jurʼati yetmagan oʻzbek xalqi hayotida tom maʼnoda "portlash” yuz berdi. Asriy jimlik buzildi! Oʻsha paytdagi Oʻzbekiston rahbari I.A.Karimov oʻz xalqini ogʻir vaziyatdan olib chiqish uchun ittifoqdosh Respublikalar rahbarlari orasida birinchi boʻlib Moskvaning "ramkasi” dan chiqdi: Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi 2,5 million oilaga tomorqa yerlari ajratishni, xalqni farovonlikka eltuvchi yagona yoʻl deb bildi va shuncha oilaga tomorqa yer ajratib berish haqidagi tarixiy hujjatga imzo chekdi.

Oʻsha tong hamon yodimda: odamlar bu olamshumul yangilikni bir-birlariga qoʻrqa-pisa yetkazardilar:

- Paxta maydonlari qisqartiriladi, dedimi?

- Avvalgiday "goʻsht plan”ga emas, yer tekinga, oʻzimizga berilarkan-a!

- Boshliqlar nima qilar ekanlar, axir paxta nima boʻladi?

Birov hayron, birov quvongan. 1989-yilning oktyabr oyi juda koʻplab mansabdor shaxslarni ikki oʻt orasiga tashlagani rost.

"Baʼzi rahbarlarni dehqonlarga yer uchastkalari ajratib berishga tom maʼnoda zoʻrlik bilan majbur qilishga, qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini taʼminlash uchun joylarga komissiyalar yuborishga toʻgʻri keldi”, - deb yozadi Muhtaram Prezidentimiz "Oʻzbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobida. Chunki aholiga yer berishda qatnashgan rahbar oʻsha paytda partiyadan oʻchirilishi, partiya biletidan mahrum boʻlishi tabiiy, boz ustiga partiya biletidan ajralish - panjara ortiga yoʻl, degani edi. Buni yaxshi bilgan I.A.Karimov aholiga tomorqa berishda qatnashadigan rahbarlarga qarata:

- Bu ishlarning boshida men turibman, olgʻa bosing, ortga chekinish yoʻq! – dedi Oliy Kengash minbaridan turib.

Oʻsha tarixiy hujjat asosida oʻzbekistonlik 2,5 million oila uchun 700 ming gektar sugʻoriladiganyer tomorqa sifatida xususiy mulk qilib berildi. Asriy jimlik barham topib, xalq oʻz Prezidenti atrofiga jipslashdi. El-yurtga roʻshnolik qaytdi. 1990-yilning erta kuzida butun Oʻzbekiston miqyosida xususiy tomorqa – "Prezident yeri”ga ega boʻlgan oilalar yerga urugʻ sochdilar.

Roʻshnolikka olib chiqqan "Prezident yeri”

Nazarimda mamlakatimizda bugʻdoy mustaqilligiga erishish yoʻlidagi birinchi va zalvorli qadam oʻsha tarixiy lahzalar – 1989-yilning oktyabr oyidan boshlangan edi. Ana shu zalvorli, qutlugʻ qadam iz solgan dalalarda, dehqonlarga tomorqa yer ajratilayotgan kezlarda guvoh boʻlganim, bir holat hamon yodimda: 1990-yilning kech kuzi edi. Tumanimizning "Telman” nomli (hozirgi "Qangli” OFY hududi) kolxozida boʻldik. Paxta hosilidan boʻshagan dalalar hisobidan dehqonlarga tomorqa ajratilayotgan ekan.

- Voy-boʻy, anov odamlarni qara, Robiyaxon, – gazetaning suratchi-muxbiri Safarboy ogʻa Shomurodov dala boshiga yigʻilgan yuzlab odamlarga ishora qildi.

Qoʻlida yer oʻlchovchi asbobni tutib olgan ikki yigitning ortidan odamlar deyarli yugurib yurishardi.

- Dehqonlar quvonganlaridan, bir oiladan, 4-5 nafar boʻlib chiqishibdi, - degandi oʻshanda oʻzi ham quvonib turgan rahmatli Madiyor ogʻa Pirmanov. - Koʻpchilik yer olsak, yana avvalgiday "goʻsht plan” berishmasmikan, deb ikkilanib ham olishdi. Axir xalqimiz xususiy tomorqa nimaligini bilishmaydi-da.

Yer olganlar yerining u boshidan-bu boshiga borib-keladi. Oʻzlaricha rejalar qilayotgani aniq. Safargul opa ismli oʻqituvchi onaxonning bir gapi hamon yodimda:

- Bunday ish hayotda boʻlmagan edi. Yer olib ekardik, har yili yer evaziga falon kilo goʻsht topshirardik. Dehqonga nima qoladi? Qora mehnati...

Ana shunday muammolarga dadillik bilan chek qoʻygan, oʻz xalqini chinakam roʻshnolikka olib chiqqan Oʻzbekiston rahbaridan minnatdor xalq oʻz tomorqasini "Prezident yeri” deb atagan boʻlsa ne ajab! Chunki ana shu "Prezident yeri” oilalar iqtisodini koʻtardi, dehqonning ombori donga, dasturxoni barakaga, fayzga toʻldi. Roʻshnolik ortidan xonadonlar, el-yurt farovonlashdi, obod boʻldi.

Gʻaroyib "konfet” va Ulugʻ kun orzusi

Onda-sonda fermerlik harakati toʻgʻrisida soʻz ochilib turgan kezlar. 1991-yilning bahorida gazetaning oʻsha paytdagi muharriri (rahmatlik) Mansur Ahmedov bilan Qilichboy qishlogʻida ijodiy safarda boʻldik.

Yoʻldosh ogʻa Ollamov ismli fermerni izlab yurib toʻy ustidan chiqdik. "Kiring-kiring”, - bilan toʻyxonaga kirdik. Meni bir ayvon toʻla ayollar davrasiga boshlab borishdi. Omon-omonlikdan soʻng dasturxonga razm soldim. Katta ayvonga yozilgan dasturxonning har yer-har yeriga qoramtir-qoʻngʻirrang nonlar qoʻyilgan. Shira-sharbat yoʻq hisobi. Taqsimchalarga makkabodroqqa aralashtirib solib qoʻyilgan munchoq shaklidagi qoramtir narsani qiziqib qoʻlimga oldim.

- Konfet, konfet, mening kelinlarim ishlagan, olaver qizim, shunisiga ham shukur, - dedi yonimda oʻtirgan Oʻrozbika ismli keksa momo.

Bir piyola choydan hoʻplab, momoning kelinlari ishlagan "konfet”dan birini ogʻzimga soldim.

- Qalay, – dedi momo tantanavor, – yaxshi ekanmi?

"Konfet” boshqacha shirin edi. Men bunday taʼmni umrim bino boʻlib his etmaganimni aytdim.

- Oq joʻxori bilan bir hovuch bugʻdoyni qovurib, tegirmonda tortdim. Salgina shakar bilan iylab, "konfet” qildik, - dedi momo.

Har ishda tadbirli elimning nelarga qodirligini oʻshanda koʻrganman. Hech qanday kimyoviy aralashma yoʻq, oddiy oq joʻxori bilan oddiy bugʻdoy unidan toʻy dasturxonini bezagulik shira-sharbat tayyorlagan onaxonning kelinlari oʻz feʼllarini, nazarimda sabr-qanoat ila ziynatlagan edilarki, ular sabr va tadbir omuxtaligida ogʻir kunlar zalvorini koʻtara olgan oqila ayollar edilar.

Momoning ayvon toʻla ayollarga qarata aytgan bir gapi hamon quloqlarim ostida jaranglaydi:

- Yoʻldoshboyga oʻxshagan yerga fido yigitlar omon boʻlishsa, hali hammamiz boyib ketamiz, aylanayinlar. Fermer degani yerning egasi ekan-da. Yer egasini topsa, turgan-bitgani – XAZINA!

Yer – XAZINA, - dedi momo. Bu bashoratmidi yoki momoning koʻnglidagi Vatanga boʻlgan mehr-muhabbatning oddiygina talqinimi! Har ne boʻlganda ham oʻsha ogʻir yillarda xalqimiz oʻzining ibratga loyiq ishlari, sabr-qanoati, fidoyi mehnati bilan qiyinchiliklarni yengib oʻtgani, bugungi kunga ishongani haqiqat. Fermerlik harakatining kelajagiga ishonib-ishonmay, ikkilanib turgan dehqonlarga Oʻrozbika momoga oʻxshagan, kelajakni koʻra biladigan insonlar qanot boʻlganlari ham rost.

- Ey-y, aytaverasiz, momo, fermerlarni ishlatib-ishlatib, bir kuni hamma narsasini olib qoʻyadi, avval ham shunday boʻlgan, - dedi ayvondagi ayollardan biri oʻshanda.

- Toʻgʻri, - dadil soʻzladi momo. – avvallari shunday qilishgan, 1937-yillarda Qilichboyning menman degan boy-bilimdon oʻgʻillari quloq boʻlib ketishgan. Toʻgʻrisini aytsam, endi bunday boʻlmaydi, boylar koʻpayadi. Ulugʻ kun keladi!

Oradan toʻrt oy oʻtib, Oʻzbekistonda chinakam moʻʼjiza (ha moʻʼjiza edi bu!) yuz berdi. 1991-yilning 1-sentyabrida oʻsha Qilichboy qishlogʻilik Oʻrozbika momo bashorat qilgan "Ulugʻ kun!” keldi. I.Karimov Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Kengashi minbaridan turib Oʻzbekiston Mustaqilligini eʼlon qildi!

"Vatan bu - koʻnguldir”

Oʻsha 1991-yilning bahorida Qilichboy qishlogʻida, "Prezident yerlari”da boshoqlari sollanib turgan bugʻdoyzorlarni oralab yurib ajoyib dehqon (rahmatlik)Yoʻldosh ota Ollamovning:

- Agar yer oʻz egasini topsa, choʻl-biyobonlar ham boʻstonga aylanadi. Yer shunday xazinaki, adogʻiga yetolmaysan! – deya quvonib aytgan gaplarini bugun oradan 23-yil oʻtib eslarkanman, davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston hali mustaqillikka erishmay turib, SSSR degan qudratli va shafqatsiz mashina gʻildiraklari ostida ezilib yotgan, soʻzlay, desa tillari sugʻirilgan oʻzbek millatini yorugʻlikka olib chiqish uchun shafqatsiz Moskvaning ruxsatisiz, 1989-yildayoq buyuk ishga qoʻl urganligini his etdim.

Yurtboshimizning bu tengsiz jurʼati oʻz-oʻzidan emasdi. Bu – ona Vatan - kindik qoni tomgan yerga cheksiz muhabbat, millatga fidoyilik tuygʻusining koʻngildan hayotga evrilgani edi. Chunki Vatan eng avval koʻngilda ulgʻayadi. Shuning uchun ham ulugʻ bobomiz Mir Alisher Navoiy "Vatan bu - koʻnguldir”, deganlar.

I.A.Karimov Oliy Kengash minbaridan turib Oʻzbekistonning mustaqilligini eʼlon qilgan lahzalar yodingizdami?!

Mening hozirgiday yodimda. Prezident oʻsha lahzalarda Oliy Kengash minbaridan turib xalqni roʻshnolikka olib chiquvchi eng toʻgʻri yoʻlga dadil qadam qoʻydi. Mamlakat jar yoqasiga, falokat yoqasiga kelib qolganini, xalq oʻzining ertangi kunga ishonchini kundan-kunga yoʻqotayotganini kuyunib gapirdi:

"- ... Xalq bizdan himoya talab qilyapti, tinch-totuv hayot, ogʻir mehnatlariga yarasha turmush sharoitlarini talab qilyapti. Bu - haqqoniy talabdir, - dedi Prezident oʻz xalqi oldida. - Oʻzbekiston rahbari hech qachon qanaqa ittifoq boʻlmasin, qanday sharoitboʻlmasin ikkinchi darajali rolga rozi boʻlmaydi!”

Majlisxonada jimlik, televizorda jimlik.

- Men shu kundan eʼtiboran 1-sentyabrni Jumhuriyatimizda umumxalq bayrami - Mustaqillik kuni deb eʼlon qilaman!

Prezidentning ovozi asrlar qaʼridan kelganday guldurab eshitildi oʻshanda, agar sezgan boʻlsangiz. Majlisxonada yana jimlik, televizor qarshisida oʻtirganlar qalbida hayajon.

- Oʻzbekiston Mustaqil boʻldi! Qarsaklar qani!!!

Prezidentning tantanavor ovozidan soʻng hayrat va hayajon ogʻushidagi sukunatni titratgan gulduros qarsaklar yangradi. Majlisxonadagilar oʻrinlaridan turib, davomli qarsaklar chaldilar. Ushbu tarixga muhrlangan lahzalarni televizor qarshisida kutib olgan butun Oʻzbekiston Xalqi oʻsha eng aziz, eng Ulugʻ kundan boshlab millat taqdirida buyuk oʻzgarish yasagan jasoratli, sinmas qatʼiyatli, xalqparvar, koʻnglida ona Vatan barq urib turgan oʻz Prezidenti atrofiga yanada mustahkamroq jipslashdilar. Shu kundan eʼtiboran Oʻzbekiston davlati jahon hamjamiyatida oʻz oʻrni, mavqeini belgilab bergan buyuk tamoyillar asosiga qurilgan pillapoyalardan yuksalib bordi.

Xirmonlar donga toʻldi

Oʻzbekistonning gʻalla mustaqilligiga erishish yoʻlida puxta ishlab chiqilgan bozor mexanizmi ana shunday buyuk tamoyillardan biri edi. Bu shunday ulugʻvor tamoyil ediki, "islohot – islohot uchun emas, avvalo, inson uchun!” – degan davlatimiz siyosati xalq hayotida toʻliq oʻz aksini topdi. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq Prezident tashabbusi bilan Oʻzbekistonda paxta yetishtirish rejasi 700 ming tonnaga kamaytirildi. Bu – paxta yakka hokimligiga chek qoʻyish borasidagi eng dadil qadam boʻldi. 1991-yilda mamlakatimizda gektaridan 17 tsentnerdan, bor-yoʻgʻi 940 ming tonna bugʻdoy yetishtirilgan boʻlsa, oradan 23-yil oʻtib, Oʻzbekiston bugʻdoyni import qiluvchi mamlakatdan eksport qiluvchi davlat darajasiga yetdi. Bugʻdoy yetishtirish 7 barobarga koʻpaydi. Hosil xirmoni esa salkam 8 million tonnaga yetkazildi. Oʻzbekiston davlati toʻla gʻalla mustaqilligiga erishdi. Butun mamlakatda keng quloch yoygan fermerlik harakati, kundan-kunga ravnaq topib, farovon va obod boʻlib borayotgan qishloqlarimiz qiyofasida mustaqillikning ilk yillaridanoq dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilgan, Prezident rahnamoligidagi rivojlanishning "oʻzbek modeli” deb tan olingan taraqqiyot yoʻlida demokratlashtirish va yangilanish tamoyillari oʻz aksini topdi. Ana shu taraqqiyot yoʻlini tanlaganimiz mamlakat iqtisodiyotida koʻpdan-koʻp yutuqlarga erishish omili boʻlib qoldi.

Gʻalla mustaqilligi – avvalo, el-yurt hayotiga roʻshnolik olib keldi. Minglab fermer xoʻjaliklari dalalarida yetishtirilgan Oʻzbekiston bugʻdoyiga xirmonlar toʻldi. Xirmonlar toʻlib don toʻkilgan lahzalarda xalq koʻnglidagi Vatan yanada buyuklandi, ulugʻlandi.

Bizning Amudaryoda...

1991-yilda atigi 282 tonna bugʻdoy yetishtirgan tumanimiz fermerlari oradan 23-yil oʻtib bu ulugʻvor xirmonni 11 ming tonnaga yetkazdilar. Aholi tomorqasidan olingan bugʻdoy hosili esa salkam 10 ming tonnaga yetdi. Oʻz yerimizda yetishtirilib, oʻz tandirimizda quyoshday issiq taft berib pishgan, dasturxonlarimizga koʻrk, turmushimizga fayz berib turgan oppoq bugʻdoy nonda qadrdon Vatan – Amu yerining tafti bor. Biz uni avaylabgina koʻzimizga surtamiz, tabarruk qilamiz. Xuddi Vatanni tabarruk qilgan kabi.

Beixtiyor qaysidir kimyogar olimning fikri esimga tushadi.

- Vatan tushunchasining ilmiy talqinini bilasizmi? – degandi telekoʻrsatuvlarning birida. – Vatanning ilmiy tushunchasi shundayki, inson oʻz tugʻilgan yeriga tegishli suv xususiyatlarini dunyoning qaysi burchida yashasa-da oʻzi bilan olib yurarkan. Inson vujudidagi suv xossalarini oʻrganib, uning Vatani qayer ekanligini aniqlash mumkin.

Qarang-a! Odamning oʻzi moʻʼjiza, qilgan, qilayotgan ezgu amallari moʻʼjiza. Qipchoqdagi "Taxiatosh don mahsulotlari" AJning "Mangʻit don” filialiga qarashli gʻalla omboridagi uyum-uyum gʻalla xirmonlariga qaragan koʻz quvonadi. Dil hayajonga toʻladi. Suv – suv ekan, mana bu qirmizi rang marvariddek bugʻdoydan un, undan non boʻlib vujudimizga singgan Amu elimning harorati qayda bor!? Bu – aziz tuproq tafti, dillarni gupirtiruvchi ona Yer – Vatan ifori. Ana shu taftdan, ana shu ifordan rang olgan amudaryolikning vujudini kimyoviy tahlil etib oʻtirish shart emas. Uning koʻnglida qulf urgan Vatanining butun boʻy-basti qiyofasida, chehrasida aks etib turadi. Baland-baland xirmonlar boshida magʻrur turgan amudaryolik fermerlarning esa oyoq olishlarida ham hikmat bor. Dadil-dadil qadamlaridan el-yurtga barokat yogʻilib turganichi!

Bunday yorugʻ kunga, farovon va obod turmushga biz osonlikcha yetdikmi? Aslo! Istiqlolga xalqimiz juda katta mashaqqatlar bilan erishdi. Yoʻqotishlar, surgunlar, "Paxta ishi" deb atalgan beayov azob-uqubatlar xoʻrlik va kamsitishlar zahrini tortaverib rangi somon boʻlgan xalq uchun bu qutlugʻ kun necha-necha qurbonlar evaziga nasib etdi.

2014-yilning 1-iyul kuni "Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining yigirma uch yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori eʼlon qilindi. Ushbu Qarorda ham "Mamlakatimizning oʻtgan asr oxirida keskin ijtimoiy muammolar girdobiga tushib qolgan, aholining turmush darajasi boʻyicha sobiq SSSRda eng oxirgi oʻrinlardan birini egallagan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olgan, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan qoloq agrar respublikadan bugungi kunda sanoati tez surʼatlar bilan oʻsib, iqtisodiy qudrati va salohiyati yuksalib borayotgan zamonaviy davlatga aylangani” alohida taʼkidlangan. Buni yurak-yuragidan his qilgan har bir yurtdoshimiz hayotiga yuqoridagi qarorda ilgari surilgan "Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, goʻzal Oʻzbekistonim!" gʻoyasi yanada koʻtarinkilik olib kirishi tabiiy. Chunki har bir yurtdoshimiz uchun hamisha yagona, tengsiz va muqaddas Vatan sevgisi, kindik qoni tomgan ona tuproqning haroratli tafti barcha boyliklardan-da aziz va ulugʻ! Bu ulugʻ Yerga - Vatanga sadoqat tuygʻusi jamiki yutuqlarning ilhomchisidir. Buning yaqqol isboti esa farovon va obod turmushimizda yaqqol aks etib turibdi.

23-yil. Qisqa, lekin tarovati bir umrga tatigulik bu yillarda koʻngillarni toʻldiruvchi buyuk mezonlar, turmushimizga beqiyos oʻzgarishlar olib kirgan taraqqiyot bor, ulugʻvorlik bor! Har zarrasi oltinga teng Vatan tuprogʻidan taft olgan bunyodkor xalq yaratgan, yaratayotgan, havaslarga loyiq buyuk oʻzgarishlar, moʻʼjizalar mujassam unda! Dunyoni lol etguvchi mevazor bogʻlar, el-yurtga manzur goʻzal qishloqlar, har kuni bir oʻzgarish, yangilik bilan evrilib kelayotgan fasllar malohati bor. Bu buyuk millatning oʻzi istagan, oʻzi tanlagan ERK yoʻli, kelajagi porloq erkin fuqarolik jamiyati qurish yoʻli! Ana shu – eng ulugʻ, eng aziz yoʻl – Istiqlol yoʻli mangu boʻlsin, azizlar!

Robiya YOʻLDOShEVA.


🎬 Videogalereya Barchasi →
64-sonli maktab oʻqituvchisi “Yil oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi gʻolibi boʻldi ▶ 64-sonli maktab oʻqituvchisi “Yil oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi gʻolibi boʻldi 26.09.2026 Informatika oʻqituvchilari uchun kibarxavfsizlik boʻyicha amaliy seminar oʻtkazildi ▶ Informatika oʻqituvchilari uchun kibarxavfsizlik boʻyicha amaliy seminar oʻtkazildi 26.09.2026 Bilim va imkoniyatlar maskani ▶ Bilim va imkoniyatlar maskani 24.09.2026 14 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi ▶ 14 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi 24.09.2026 Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi ▶ Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi 24.09.2026 Texnikumda Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan yigʻilish oʻtkazildi ▶ Texnikumda Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan yigʻilish oʻtkazildi 23.09.2026 Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi ▶ Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi 23.09.2026 Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi ▶ Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi 23.09.2026 Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi ▶ Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi 22.09.2026 Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi ▶ Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi 22.09.2026 Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi ▶ Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi 22.09.2026 Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda ▶ Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda 21.09.2026 Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi ▶ Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi 21.09.2026 Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi ▶ Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi 21.09.2026 Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan ▶ Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan 21.09.2026 Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda ▶ Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar ▶ Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi ▶ “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi ▶ Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi ▶ Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita ▶ Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari ▶ Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda ▶ Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot ▶ Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi ▶ Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi ▶ Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi ▶ Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda ▶ Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi ▶ Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi ▶ Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026