OGʻIR JINOYaTGA OGʻIR JAZO TAYINLANADI
Oʻzganing mulkini talon-taroj qilish, yaʼni talonchilik ham ogʻir jinoyat hisoblanadi. Talonchilik oshkora yoki yashirin ravishda sodir etilishi mumkin. Agar aybdor jabrlanuvchilar yoki boshqa shaxslar koʻz oʻngida talonchilik qilayotganligini va ular aybdorning harakatlari xususiyatini tushunayotganligini bila turib, talonchilikni amalga oshirsa, u oshkora deb hisoblanadi. Agar talon-taroj qilinganligini odamlar sezmasalar yoxud buyum olinganligi faktini koʻra turib, uni qonuniy hisoblasalar va aybdor ham shunga umid qilgan boʻlsa, u holda talonchilikni oshkora deb tan olinishi mumkin emas.
Yashirin ravishda boshlangan talon-taroj baʼzan oʻzgalar mulkini ochiqdan-ochiq egallashga aylanib ketadi. Bunday hollar, mulkni egallash jarayonida jinoyatchini sezib qolishganida, lekin jinoyatchi buni tan olmay, oʻz harakatlarini davom ettirib, mulkni oshkora egallab olganda sodir boʻladi. Talonchilik mulkdorga mulkiy zarar yetkazishdek ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqaradi. Mulkni amalda egallab olish, yaʼni jinoyatchida talon-taroj qilingan narsadan foydalanish imkoniyati paydo boʻlishi vaqtidan boshlab, bu jinoyat tugallangan hisoblanadi.
Talonchilik uchun Oʻzbekiston Respublikasi JKning 166-moddasida javobgarlik masalasi belgilangan. Bunda talonchilikning kvalifikatsiya tarkibi sogʻliq va hayot uchun xavfli boʻlmagan zoʻrlik ishlatish, yoxud shunday zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish kabi oʻziga xos belgini oʻz ichiga oladi. Xuddi jismoniy zoʻrlik kabi, jismoniy zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish orqali ruhiy zoʻrlik ham talonchilikning kvalifikatsiya belgisi hisoblanadi.
Talonchilikda zoʻrlik mulkdorga, shuningdek, real holda yoki aybdorning fikricha, talon-taroj qilishga toʻsqinlik qiluvchi boshqa shaxslarga nisbatan ham ishlatilishi mumkin. Insonga nisbatan zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish Talonchilik turining mohiyatini oʻzgartiradi. Bunday hollarda jinoyat 2 obʼektli boʻlib qoladi: mulk munosabatlari bilan birga sogʻliq, shaxsiy erkinlikni va badan daxlsizligini taʼminlovchi ijtimoiy munosabatlarga zarar yetadi yoki ularga bevosita xavf tugʻiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasiga koʻra talonchilik, yaʼni oʻzganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-taroj qilganlik uchun uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash, besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki tegishli qismlarga koʻra oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
S.Davletmuradov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶