KUNIGA 200 MING SOʻM DAROMAD QILADIGAN 14 YoShLI HUNARMAND QIZ
Tumanimizdagi umumtaʼlim maktablarida 5 ta muhim tashabbus doirasidagi belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Amudaryo tumanining Boʻz solma mahallasi hududidagi 70-sonli umumtaʼlim maktabida amalga oshirilayotgan ishlar eʼtiborga munosib. Ayniqsa, maktabning 9-sinf bitiruvchilari ishtirokida kasbga yoʻnaltirish boʻyicha tashkil etilayotgan targʻibot tadbirlari oʻzining ijobiy natijasini bermoqda.
Bunda mahallada istiqomat qiluvchi hunarmand-usta Rasul aka Xoʻjayevning hissasi katta. Tunukasozlik va kandakorlik yoʻnalishi boʻyicha oilaviy tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan hunarmand-usta nafaqat oʻz farzandlari, balki 70-sonli umumtaʼlim maktabining 9-sinf bitiruvchi yoshlariga ham hunarmandchilikning nozik sirlarini oʻrgatib kelmoqda.
Shunisi eʼtiborga loyiqki, Rasul Xoʻjayevning hali 14 yosh boʻlgan qizi Sevinchoy Xolboyeva allaqachon ota kasbini puxta oʻzlashtirib olgan. U kandakorlik asbob-anjomlarini mohirlik bilan ishlatib, oʻzi mustaqil ravishda qadimiy hunarmandchilik anʼanalari asosida mis qumgʻonlarni yasab, hatto jimjimador bezaklar bilan bezatib, ichki bozorga olib chiqmoqda. Shu bilan birga, tunukasozlik hunariga qiziquvchi maktabdoshlariga oʻzi egallagan hunar sirlarini qunt bilan oʻrgatmoqda.
Rasul akaning oʻgʻli Ruslanbek Xolboyev 7-sinfda, qizi Sevinchoy Xolboyeva esa 8-sinfda oʻqishadi. 13 yoshli Ruslanbek oʻqishdan boʻsh paytlari otasiga yordam bersa, Sevinchoy ikki yildan beri mustaqil faoliyat olib boradi. Sevinchoy hozir 14 yoshda. Hunarmandchilikni otasidan 2-yilda toʻliq oʻrganib olgan Sevinchoyning aytishicha, sohaga qiziqish 6-7 yoshlarida boshlangan.
– Otamga 6 yoshimda shogirdlikka tushganman. Oxirgi ikki yilda sohani aniq oʻrganishga kirishdim. Boshida 2-3 oygacha shunchaki jarayonni kuzatib yurdim. Keyin nimadir yasashga oʻtdim. Ochigʻini aytaman, uch-toʻrt urinishlardan keyingina ishim oʻxshashni boshladi. Ungacha ancha metall boʻlaklarini yaroqsiz qilib qoʻyganman, – deydi Sevinchoy Xolboyeva.
Yosh hunarmand qiz ikki yildan beri mustaqil faoliyat olib boradi. Sevinchoy hozirda 20 ga yaqin uy-roʻzgʻor buyumlari va tunuka ishlab chiqarmoqda. U oʻziga uy ichida alohida ustaxona ochib olgan. Otasi Rasul akaning aytishicha, qizi ishlayotgan paytda hech kim bezovta qilishi mumkin emas. Sevinchoy bir oʻzi, mustaqil ishlashni yaxshi koʻradi.
Hunarmand qiz Sevinchoyning aytishicha, kunlik daromadi 100-150 ming soʻm atrofida. Oʻqish boʻlmagan kunlari bu raqam 200 ming soʻmgacha yetishi ham mumkin ekan. U ertalab soat 5:00da turishga odatlangan. Birinchi qiladigan ishi ustaxonasini ochib, tozalash boʻladi. Kun davomida uy ishlari va oʻqishdan ortib, soat tungi 24:00 gacha ishlashi ham mumkin.
Usta-hunarmand Rasul Xoʻjayevning xonadonidan boʻzsolmalik yoshlarning aslo qadami uzilmaydi. Boʻsh vaqtlarida hunar oʻrganishni xohlovchi ovul yoshlari, shu bilan birga 70-sonli maktab oʻquvchilari Diyorbek Tojiboyev, Saidjon Oʻrozmetovlar Rasul Xoʻjayevning ustaxonasiga tez-tez kelishib, Rasul aka va uning umr yoʻldoshi Oysulton opa Boymanova hamda ularning hunarmand qizi Sevinchoyning uy-roʻzgʻor buyumlarini yasashlarini diqqat-eʼtibor bilan kuzatishadi va zarur maslahatlar olishadi.
Xalqimiz tomonidan: “Hunarmandning rizqi baland”, “Hunarli inson xor boʻlmas”, degan hikmatlar bejizga yaratilmagan. Inson hayotda qoʻlidagi jamiki moddiyatlardan bir zumda ayrilishi mumkin. Lekin egallagan kasb-kori, ilm-u hunari uning ham umrini, ham qalbini bezaydi, rizq-u nasibasini butun qilib, hayotiga koʻrkamlik baxsh etadi. Boʻzsolmalik hunarmand-usta Rasul aka Xoʻjayev yoshlarga bu haqda gapirib, pand-nasihat qilishdan aslo charchamaydi. Chunki bir kishiga hunarini oʻrgatgan insonga Alloh oʻnta savob ato etadi, deydilar. Zero, savobli ishlar el-yurtga fayz, koʻngillarga xotirjamlik va shodlik bagʻishlaydi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶