TAʼLIM-TARBIYaDA USTOZ VA MURABBIYLARNING HISSALARI BEQIYoS
Bugungi kunda mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, xalq taʼlimi va ilm-fan sohasi oʻrtasida yaqin hamkorlik va integratsiyani, taʼlimning uzviyligi va uzluksizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bu borada tuman Xalq taʼlimi boʻlimi faoliyati ham tahsinga munosib. Hozirda boʻlimga qarashli jami 86 ta taʼlim muassasasi, jumladan 82 ta umumtaʼlim maktablari, 1 ta boshlangʻich maktab, 2 ta ixtisoslashtirilgan maktab, 1 ta “Barkamol avlod” maktabi faoliyat olib bormoqda. Ularda jami 4206 nafar oʻqituvchilar farzandlarimizga taʼlim-tarbiya berib kelmoqda. Oʻqituvchilarning 68,4 foizi ayol-qizlar boʻlib, jami pedagog-xodimlarning 123 nafari oliy toifali, 511 nafari 1-toifali, 1114 nafari 2-toifali, 1873 nafari mutaxassis oʻqituvchilardan iborat.
Joriy yilda umumtaʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida samarali ishlar qilinmoqda. Investitsiya dasturiga binoan 35-sonli maktabda 4 mlrd. 667 mln. soʻmlik kapital rekonstruktsiya va mukammal taʼmirlash ishlari, “Obod qishloq” dasturiga binoan 5 ta maktabda 9 mlrd. 842 mln. soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 28-sonli umumtaʼlim maktabida 609 mln. soʻmlik joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Ayni paytda tumanimizda faoliyat yuritayotgan barcha umumtaʼlim maktablarida zamon talablariga mos ravishda taʼlim berish uchun barcha sharoitlar yetarli.
Yangi 2021-2022 oʻquv yili hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari boʻyicha 65 ta taʼlim muassasalariga rejadagi 1675 tonna koʻmir mahsulotlari toʻliq yetkazib berildi. Umumtaʼlim maktablari yangi oʻquv yiliga tayyor holatga keltirildi.
2020-2021 oʻquv yilida 30-sonli va 40-sonli umumtaʼlim maktablari Xalqaro tadqiqotlarga yoʻnaltirilgan tayanch maktab qilib belgilanib, oʻquv yili boshida barcha maktablardan 2 nafardan trener-oʻqituvchilar tayyorlandi. Xalqaro tadqiqotlarga yoʻnaltirilgan tayanch maktablarning ularga biriktirilgan maktablar bilan ishlash mexanizmi ishlab chiqildi hamda seminar-treninglar tashkil etildi.
Umumtaʼlim maktablarida 2020-2021-oʻquv yilida jami 2978 nafar oʻquvchi 11-sinfni bitirdi va 9 nafar bitiruvchilarimiz oltin, 8 nafar bitiruvchilarimiz kumush medal bilan muvaffaqiyatli tamomladilar. Sohada tashkil etilayotgan samarali ishlar natijasida umumtaʼlim maktablarini tamomlagan yoshlarimizning OTMlarga oʻqishga kirish darajasi yildan-yilga ortib bormoqda. Joriy yilgi bitiruvchi oʻquvchilardan 2103 nafari OTMlarga hujjat topshirgan boʻlsa, ularning 574 nafari talaba boʻlish baxtiga muyassar boʻlishdi.
Bunday natijaga erishishimizda, shubhasiz, taʼlim maskanlarida mashaqqatli mehnat qilayotgan ustoz va murabbiylarimizning hissasi beqiyos. Shu fursatdan foydalanib, mashaqqatli va sharafli kasb egalari – ustoz va murabbiylarni 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman!
Akmal Ismailov,
tuman XTB mudiri.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶