Tumanimizda “Keksalar haftaligi” doirasidagi tadbirlar yuqori saviyada oʻtkazildi
Butun mamlakatimiz boʻylab joriy yilning 4-10-oktyabr kunlari oʻtkazilgan “Keksalar haftaligi” doirasida qator tadbirlar tashkil etildi. Nuroniylarning holidan xabar olinib, ularni maʼnaviy va jismoniy qoʻllab-quvvatlash, hurmat-ehtirom koʻrsatish va eʼzozlash boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu haftalikni munosib oʻtkazish va yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, karantin qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Amudaryo tumanida ham “Keksalar haftaligi” doirasida har bir mahallada nuroniylar, shu jumladan, yakka-yolgʻiz keksalarni jalb etgan holda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, turli tanlovlar va xayriya tadbirlari oʻtkazildi. Jumladan, 9-oktyabr kuni Uyshin mahallasi madaniyat uyida “Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda nuroniylarning oʻrni” hamda “Diydor shirin” mavzularida davra suhbatlari hamda hududdagi otaxonlar va onaxonlar uchun “Ehtirom, eʼzoz, eʼtibor” nomli bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirida soʻzga chiqqan tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari, “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi Bahodir Boltabayev, rais oʻrinbosari Bekman Allaberganovlar yoshi ulugʻ kishilarni ushbu haftalik munosabati oʻtkazilayotgan bayram bilan tabrikladilar hamda mazkur “Keksalar haftaligi”ning tashkil etilishi yurtimizda nuroniylar hamda keksalarni eʼzozlashga, ularni ardoqlashga qaratilgan cheksiz hurmat hamda eʼtiborning yorqin ifodasi ekanligini taʼkidladilar.
Bayram tadbirida xonandalar ijrosida kuylangan ajoyib kuy-qoʻshiqlar tadbirga yanada koʻtarinki ruh bagʻishladi. Tadbirda mahallada joylashgan umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari faol ishtirok etib, 47-sonli maktab oʻquvchilari tomonidan namoyish etilgan sahna koʻrinishlari, oʻqilgan sheʼr va gʻazallar mehmonlar koʻnglida ajoyib taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida tuman hokimi oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Alisher Yuldashev tomonidan nuroniy otaxon hamda onaxonlarga esdalik sovgʻalari ulashildi. Yuqori kayfiyatda oʻtgan bayram tadbiri soʻngida nuroniylar tadbir tashkilotchilariga rahmat aytib duo qildilar.
Haftalik mobaynidagi shunday tadbirlardan biri 9-oktyabr kuni tumandagi Choykoʻl ovulida ham boʻlib oʻtdi. Ovulda joylashgan “Baxt” nomli toʻyxonada “Bir piyola choy ustida shirin suhbatlar”, “Diydor shirin” mavzularida davra suhbatlari, “Ehtirom, eʼzoz, eʼtibor” nomli bayram tadbiri tashkil etilib, bayram dasturxoni yozildi.
Tadbirda ishtirok etayotgan mutasaddilar ovuldagi nuroniy otaxon va onaxonlarni haftalik doirasida tashkil etilayotgan bayram munosabati bilan tabrikladilar, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik va tinchlik-osoyishtalik tiladilar. Choykoʻl ovul fuqarolar yigʻini raisi, faollari, hududdagi fermerlar hamda tadbirkorlar tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda 40 nafardan ortiq keksa avlod vakillari ishtirok etdilar. Tadbirda 22-sonli maktab oʻquvchilari tomonidan qiziqarli sahna koʻrinishlari namoyish etilib, xonandalar ajoyib kuy-qoʻshiqlar ijro etdilar.
Tadbirdan soʻng tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Muqaddas Beknazarova hududda istiqomat qiluvchi 104 yoshni qarshi olgan onaxon Xadicha momo Bekanova holidan xabar oldi hamda momoni bayram bilan tabrikladi.

Suhbat chogʻida Xadicha momo oʻzning shu yoshgacha boʻlgan umri davomidagi yaxshi-yomon kunlari, boshidan oʻtkazgan kechinmalari bilan boʻlishdi. Soʻngra masʼullarga minnatdorchilik bildirib, duolar qildi.
Charos Arslonova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶