ZIYo MASKANINING KUZGI TUHFASI
Kitob – bebaho maʼnaviy neʼmat, kitoblar maskani – maʼnaviy dorixonadir. Hamma zamonlarda adabiyot va adib millat taraqqiyotining ustuni hisoblanadi. Davr yozuvchilarini oʻquvchilarga tanitish, asarlarini yetkazib berish nashriyotlarning ishi. Kitobni saqlash va kitobxonga uni mutolaa qilishiga sharoit yaratish kutubxona va kutubxonachilarning ishi. Shunday ekan, biz ham sizga oʻqib chiqishingiz uchun jamgʻarmamizga yangi olib kelingan quyidagi adabiyotlarni tavsiya qilamiz.
Nurali Qobul qalamiga mansub “Yetti iqlim hoqoni yoxud ahd va taxt” asari tarixiy roman boʻlib, muallifning oldingi “Buyuk Turon amiri yoxud aql va qilich” romanining tadrijiy davomidir. Roman mohiyat eʼtibori bilan Amir Temur shaxsini koʻp qirralarda gavdalantirish bilan birga tariximizning bugungi nurli kunlarini, oʻzlikni yanada chuqurroq anglashga undaydi.
Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” nomi bilan Ibrohim Gʻafurov tomonidan tarjima qilingan romanini oʻqir ekansiz, universitetning yosh talabasi Radion Raskolnikovning ogʻir va ayanchli qashshoqlikdan qutulish, zoʻr mablagʻ va yuksak mavqega ega boʻlishi yoʻlidagi ayanchli xatolari juda hayajonli tarzda ifodalanganini anglaysiz.
Abdulla Qodiriy qalamiga mansub “Oʻtkan kunlar” romani sharqning nodir asarlaridan hisoblanadi. Mazkur asarda muhabbat oʻzgacha takrorlanmas badiiy talqin qilinadi. Shuningdek vatanparvarlik tuygʻulari bilan birga chaqimchilik, andisha, xotinbozlik va behayolik singari salbiy xarakterlar qalamga olinganligi bilan ham eʼtiborlidir.
Oʻtkir Hoshimov qalamiga mansub “Bahor qaytmaydi” qissasi 1969-yilda yozilgan.Qissada yozuvchi isteʼdodli, biroq uning qadriga yetmagan, ulugʻ maqsadlardan mahrum xudbin yigitning tanazzul tarixini, ruhiy maʼnaviy inqirozini sanʼatkorona ochib bergan.
Aleksandr Dyuma qalamiga mansub “If qalʼasi mahbusi”, “Graf Monte Kristo” romanlari ham juda qiziqarli. Jazo ham, mukofot ham Ollohning irodasi bilan inson tirikligidayoq uni benasib qoldirmaydi. Ahmad Lutfiy Qozonchi qalamiga mansub “Oʻgay ona”, “Soʻnggi toʻfon” romanlari turk adabiyotining hayotiy ikki romanidir.
Oʻlmas Umarbekovning “Odam boʻlish qiyin” nomli romani ham boshqa asarlari kabi bugungi kunda ham sevib oʻqilayotgan asarlaridan biri. Adib bolalarning bepoyon orzular olami, yoshlarning goh lazzatli, goh iztirobli muhabbati, sidq-u vafo, xiyonat, otalar va bolalar, umuman, turfa toifadagi insonlar oʻrtasidagi muosabatlarni gʻoyat chuqur va samimiy tasvirlaydi. Shuning uchun ham adibning asarlari hamon kitobxonlar qalbini rom etib kelmoqda.
Qator asarlari bilan oʻquvchilar mehriga sazovor boʻlgan iqtidorli adib Abdusaid Koʻchimovning “Qayta tugʻilgan bola”deb nomlangan kitobiga kiritilgan qissa va hikoyalarining barchasida aynan hayotdagi goʻzal va sertashvish manzaralar, oʻsmirlar ruhiy olamida sodir boʻlguvchi rivojlanish jarayonlari badiiy talqin qilinadi. Kitobni oʻqir ekansiz, yuragida kuchli his tuygʻu, gʻayrat-shijoat joʻsh urayotgan, inja xayollar ogʻushida mustaqil boʻlishga, oʻz soʻzini aytishga intilayotgan ajoyib yigit-qizlarning rang-barang qiyofalari bilan tanishasiz.
Aziz kitobxonlar! Tuman Axborot-kutubxona markazimizga tashrif buyurib, kitoblar olamiga sayohat qilishga chorlab qolamiz. Zero, kitoblar qalblarni yorituvchi chiroqdir.
Xalqimiz kutubxonani nurxona, deb bejiz taʼriflamagan. Ha, har bir kitob mutolaasi hayotiy koʻz qarashlarimizni kengaytirib, shuurimizni oydinlashtirishi tabiiy.
R.ROmanova,
Axborot-bibliografiya xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶