TINChLIK VA XAVFSIZLIKNI TAʼMINLAShGA XIZMAT QILAMIZ
Tinchlik, osoyishtalik bor joyda taraqqiyot, yuksalish boʻladi. Yurt osudaligini asrash, uning ravnaqi uchun xizmat qilish esa har birimizning insoniylik burchimizdir.
Oʻz hayotimni elimiz tinchligini saqlash, unga rahna soluvchi illatlarga qarshi kurashishdek masʼuliyatli va sharafli ishga bagʻishlash niyatim borligini aytganimda ota-onam meni qoʻllab-quvvatladi va ruhlantirdi. Shu maqsadda 2001-yilda IIV Toshkent Oliy harbiy texnika bilim yurtiga oʻqishga kirdim.
2006-yilda oʻqishni tugatib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV 9-sonli tergov hibsxonasi tartibot va qoʻriqlash boʻlimining tezkor vakili vazifasida ish boshladim. Shundan soʻng, tezkor navbatchi vazifasida respublikadagi 80-, 71-, 81-sonli jazoni ijro etish koloniyalarida xizmat qildim.
2012-yildan Amudaryo tumanidagi Ichki ishlar boʻlimida Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasining profilaktika inspektori vazifasida xizmat qilib kelmoqdaman. Prezidentimiz sharofati bilan davlatimiz tomonidan xizmat uyi va imtiyozli kredit asosidagi avtomobil bilan taʼminlandim. Bizga bunday yuksak eʼtibor qaratilgani, oilamning yonimda boʻlgani menga juda katta ragʻbat boʻldi. Hozirgi kunga qadar oʻzimga biriktirilgan hududda huquqbuzarlik va jinoyatchilik sodir qilinishining oldini olish maqsadida tegishli chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirib kelmoqdaman.
Oʻzimga biriktirilgan Navoiy nomli mahalla aholisi oʻrtasida tushuntirish-targʻibot ishlari, uchrashuvlar tashkil etishni yoʻlga qoʻydim. Hududdagi taʼlim-tarbiya maskanlarida ham oʻqituvchi-pedagoglar, ota-onalar bilan hamkorlikda yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu saʼy-harakatlarim natijasida hududda yaqin oʻtgan yillar davomida birorta huquqbuzarlik va jinoyat qayd etilmadi. Samarali xizmatlarim uchun rahbariyatimiz tomonidan 5 marotaba ragʻbatlantirildim.
Hamisha xalq orasida boʻlib, oʻz xizmat vazifamni bajarishdan, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga harakat qilishdan aslo charchamayman. Shunday sharafli kasb egasi boʻlganimdan, kasbdoshlarim qatori xalqimizga osoyishta goʻshada yashash saodatini baxsh etayotganimdan, goʻzal yurtimizda tinchlik barqaror boʻlishiga munosib hissa qoʻshayotganimdan faxrlanaman.
Ilhom ABUTOV,
tuman IIB profilaktika katta inspektori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶