Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasining MUROJAATI
Muhtaram yurtdoshlar!
Nuroniy otaxon va onaxonlar!
XXI asrda butun dunyo boʻyicha vujudga kelayotgan atrof-muhit tozaligi va biz nafas olayotgan atmosfera musaffoligiga rahna solayotgan koʻplab holatlar insoniyat hayotiga tobora jiddiy xavf solmoqda.
Ayniqsa, yildan yilga kuchayib borayotgan iqlim isishi va buning natijasida mavjud global ekologik muvozanatning izdan chiqayotgani barcha mamlakatlar xalqlari qatori yurtimiz aholisini ham ogohlik va sergaklikka chaqirmoqda.
Taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda mazkur muammolarni bartaraf etish, hududlar obodligini taʼminlash va buning natijasi oʻlaroq, aholi turmushini yaxshilash borasida davlatimiz tomonidan qator muhim islohotlar olib borilmoqda. Xususan, mahalla va koʻchalardagi daraxtlar sonini koʻpaytirish, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obʼektlari atrofida mevali daraxtlarni ekish boʻyicha zarur choralar amalga oshirilmoqda.
Albatta, koʻchat ekish, bogʻ yaratish xalqimizga xos ezgu qadriyatlardan sanaladi. Otalarning farzandiga atab daraxt ekishi ham avloddan-avlodga oʻtib, qadriyat darajasiga koʻtarilib kelayotgan anʼanalarimizdan biri.
Shu maʼnoda daraxtlarni koʻpaytirish, ularning turi va xilma-xilligini yanada oshirish boʻyicha davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarni hayotga joriy etishda Siz — aziz nuroniylarning muhim hissangiz bor!
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilning 10-dekabriga qadar mahallalarimizda daraxt ekish boʻyicha “dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi.
Hurmatli nuroniy otaxon va onaxonlar!
Biz sizlarning koʻp yillik hayotiy tajribalaringiz hamda ona tabiatimizga boʻlgan mehringizni yuksak gʻurur bilan eʼtirof etgan holda, ushbu tashabbusda faol ishtirok etishingizni soʻrab qolamiz.
Xususan, joylarda olib borilayotgan obodonlashtirish va daraxt koʻchatlarini oʻtqazish ishlari boʻyicha jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, masʼul tashkilotlar xodimlariga har tomonlama koʻmak berishda sizlarning boy hayotiy tajribalaringiz, xayrixohligingiz bugun har qachongidan ham muhimdir.
Shuning bilan birga, yoshlarda tabiatga boʻlgan muhabbat hissini yuksaltirish, aholi orasida ekologik madaniyatni yanada rivojlantirish borasida Siz - piru badavlat nuroniylarimiz, koʻpni koʻrgan oqsoqollarimizga suyanamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Yangi Oʻzbekiston – inson qadri ustuvor boʻlgan jamiyat va xalqparvar davlatimizning gullab-yashnashi, ona tabiatimizni asrash va vatandoshlarimiz salomatligini yanada yaxshilash yoʻlidagi ushbu ezgulik harakatida faol ishtirok etishga chorlab qolamiz!
Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶