Tumanimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi koʻchat ekish ishlari tizimli davom ettirilmoqda
Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tabiatni asrash va ekologik holatni yaxshilash maqsadida daraxt ekish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan aholini uy-joy bilan taʼminlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish maqsadidagi yigʻilishda daraxtzorlarni koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratilib, shu maqsadda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab berildi. Bu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan boʻlib, joriy yilning 10-dekabrga qadar daraxt ekish boʻyicha “dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi. Yurtimizning har bir hududida ushbu loyihani amalga oshirish yuzasidan amaliy ishlar davom etmoqda.
Amudaryo tumanida ham Prezident tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi va loyiha doirasidagi “Dolzarb 40 kunlik”da mevali va manzarali daraxtlar koʻchatlarini ekish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Ushbu savobli ishda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev boshchiligidagi barcha mutasaddi rahbarlar, har bir muassasa, korxona-tashkilotlar xodimlari hamda aholi vakillari faol ishtirok etmoqdalar.
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tuman kengashi masʼullari hamda partiya faollari Choykoʻl ovuli hududidagi fermer xoʻjaliklari ekin maydonlari chetlariga mevali va manzarali daraxtlar koʻchatlarini ekish ishlarida faol ishtirok etdilar. Bugungi kunda hayotimizda ekologik muammolar tobora avj olayotganini, tabiatni asrash va ekologik holatni yaxshilashda daraxt ekishning ahamiyatini chuqur anglagan holda partiya faollari ushbu savobli tadbirga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshdilar.
Shu oʻrinda maʼlumot tariqasida aytish joizki, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Amudaryo tumanida jami 1 mln 159 ming dona kuzgi va bahorgi daraxtlar koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan. Shundan 434600 donasi 2021-yil kuzda ekiladigan, 724400 donasi bahorda ekiladigan daraxtlar koʻchatlari hisoblanadi. Daraxt koʻchatlarini ekish ishlari doirasida tumandagi 9,6 km yoʻllarda tomchilatib sugʻorish joriy etilishi hamda yoʻllar chetlarini koʻkalamzorlashtirish maqsadida yoʻllar yoqalariga 2200 dona koʻchatlar ekish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tumandagi qishloq xoʻjaligi yerlarida ihota daraxtzorlar barpo etish maqsadida, 98 ta fermer xoʻjaliklari ekin yer maydonlari chetlariga, ijtimoiy soha obektlari hududlariga, korxona va xizmat koʻrsatish obektlari hududlariga, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi hududlariga, mahallalar va koʻchalarga daraxtlar koʻchatlarini ekish ishlari hamjihatlik bilan olib borilmoqda.
Qolaversa, tumandagi aholi xonadonlarida 10 turdagi 316 ming 100 dona mevali daraxtlar koʻchatlari, 30 ming dona uzum koʻchatlarini ekish ishlari rejalashtirilgan boʻlib, aholi vakillari ham xayrli ishda faol ishtirok etmoqdalar.
Aytish kerakki, tumanimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda hamda mevali va manzarali koʻchatlar yetkazib berishda Qipchoq davlat oʻrmon xoʻjaligi tizimli faoliyat olib bormoqda. Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tuman kengashi masʼullari oʻrmon xoʻjaligiga borib, xoʻjalikda yetishtirilayotgan koʻchatlarning holati, turlari hamda xoʻjalik faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Hozirda xoʻjalikda 1 mln 200 dan ortiq turli koʻchat hamda nihollar yetishtirilayotgan boʻlib, ularning 200 mingdan ortigʻi mevali va manzarali daraxtlar koʻchatlaridir. Xoʻjalik masʼullari “Dolzarb 40 kunlik”da daraxt koʻchatlarini oʻz vaqtida yetkazib berishda mashaqqatli mehnat qilib, loyihani amalga oshirishda oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshmoqdalar.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶